Suvchechak kattalarda nega ogʻir kechadi?
Suvchechak asosan bolalik davrida uchraydigan yuqumli kasallik boʻlib, u odatda yengil shaklda oʻtadi. Ammo kattalar ushbu xastalikka chalinganda ularda turli ogʻir asoratlar kuzatiladi. Ayrim hollarda esa bemorni shoshilinch tarzda shifoxonaga gospitalizatsiya qilish zarurati ham tugʻilishi mumkin.
Xoʻsh, suvchechakning yoshi katta bemorlarda ogʻirroq kechishining sababi nimada?
Ushbu savolga Toshkent shahar 1-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi bosh shifokori Gulnoza Qurbonova javob berdi.
— Darhaqiqat, qoʻzgʻatuvchisi Varicella-zoster virusi boʻlgan ushbu kasallik havo-tomchi yoʻli bilan yuqib, asosan bolalarda uchraydi. Kasallikning inkubatsion davri 1 haftadan 3 haftagacha davom etishi mumkin, — deydi mutaxassis.
— Kasallik alomatlari darrov namoyon boʻlmaydi. Dastlab, bemorda isitma, holsizlik, badan qaqshashi, bosh ogʻrigʻi, koʻngil aynishi kabi umumiy simptomlar kuzatiladi. Keyin esa butun tana boʻylab qizil va pushti donachalar paydo boʻlib, ular suyuqlik bilan toʻlgan pufakchalarga aylanadi. Soʻng pufakchalar qattiqlashib, yuzaki qobiq shakllanadi.
Tanadagi toshmalar bolalarda 5-7 kun, kattalarda esa 14 kungacha saqlanishi mumkin. Bemorga suvchechak tashxisi qoʻyilgach, uni zudlik bilan izolyatsiya qilish kerak.
Yoshi katta bemorlarda kasallikning ogʻir kechishiga asosiy sabab immun tizimidagi farqdir. Bolalarda immunitet hali toʻliq shakllanmagan boʻladi va organizm turli yuqumli xastaliklarga qarshi samaraliroq kurashadi.
Yosh oʻtgan sari immunitetning pasayib borishi hamda antitanachalarning kamayishi tufayli esa organizm oʻzi uchun nomaʼlum boʻlgan yangi viruslarga qarshi kurashishga qiynaladi.
Xastalik alomatlari katta yoshdagi bemorlarda kuchliroq namoyon boʻlib, pnevmoniya, miya yalligʻlanishi kabi jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Turli surunkali kasalliklar, stress, nosogʻlom turmush tarzi kabi omillar ham xastalik rivojlanishiga taʼsir koʻrsatadi. Bunda, ayniqsa, homiladorlar, keksalar, immun tizimi zaiflashgan insonlar asosiy xavf guruhiga kiradi.
Odatda suvchechak bilan bir marta kasallangan insonda unga qarshi immunitet shakllanadi. Shunga qaramasdan, profilaktika tariqasida, birinchi navbatda, ushbu virusdan emlanish, gigiyena qoidalariga rioya qilish lozim.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring