Suv isrofi qanday kamaytiriladi?

17:43 07 Yanvar 2025 Jamiyat
145 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Suv tanqisligi yildan-yilga ortib borayotgan hozirgi davrda Samarqand viloyatida ham obihayotdan oqilona foydalanish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bugungi kunda viloyatda 14 ta suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi tashkil etilgan boʻlib, ular 346,9 ming gektar maydonga ega isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatadi. Oʻtgan yili aprel-sentyabr oylarida sugʻorish ishlariga 2 milliard 55 million metr kub suv yetkazib berildi.

Viloyatda 1 gektar maydonga sarflangan suv miqdori oʻrtacha 1200 metr kubni tashkil etadi. Shu bois suvni tejash, yerlarni lazer tekislash, irrigatsiya, raqamlashtirish, ekinlarni joylashtirishda suv kam talab qiladigan ekinlar ulushini koʻpaytirish hamda ekin maydonlarida qoʻshimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish hisobidan suv iqtisod qilish belgilangan.

— Hozirgacha mavjud resursdan oqilona foydalanishning yagona yoʻli suv tejovchi texnologiyalar hisoblanadi, — deydi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Mahmud Turniyazov. — Bu borada 2024-yilda viloyatda 10948 gektarda tomchilatib, 3033 gektarda yomgʻirlatib, 3235 gektarda pulsar sugʻorish, 8356 gektarda egiluvchan quvur va plyonka toʻshab sugʻorish tizimlari joriy etilgan, 30359 gektar maydonni lazer uskunasi yordamida tekislash ishlari amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbari 2024-yil 7-noyabr kuni oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida oʻtgan yili mamlakatimizdagi suv omborlarida oldingi yilgidan koʻp suv yigʻilgani, lekin xotirjamlikka berilmaslik kerakligini qayd etdi. Dunyoda bir vaqtlar choʻl boʻlgan hududlarda yogʻingarchilik koʻpayib, boshqa joylarda qurgʻoqchilik kengayib borayotgan sharoitda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kanallarni betonlash qanchalar ustuvor vazifa ekanligi yana bir bor isbotlandi. Birgina 550 kilometr kanal va ariqlar betonlangani hisobiga respublikada 200 ming gektarda suv yaxshilandi, yiliga 450 million kub metr suv iqtisod boʻlyapti.

Suv boshqaruvi isloh qilinib, tuman darajasida suvni hisobga olish tizimi shakllandi, fermerlar suvni hisob-kitob qilishni oʻrgandi. 2024-yil kuz va 2025-yil bahorda, yaʼni sugʻorish mavsumi boʻlmagan pallada kanallarni tozalash, inshoot va postlarni taʼmirlash ishlari reja-jadvallari ishlab chiqildi.

— Tumanlar “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi balansidagi 420 kilometr ichki sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish boʻyicha reja ishlab chiqilgan va hozirgacha 50 kilometrga yaqin tarmoq betonlashtirildi, — deydi Mahmud Turniyazov. — Shuningdek, klaster va fermer xoʻjaliklari hisobidagi 2100 kilometr xoʻjalik ichki sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish rejalashtirilib, hozirgacha 650 kilometrga yaqin tarmoq betonlashtirildi.

Suv dalagacha toʻliq yetib borishida ariq-kanallardagi yoʻqotishning oldini olish muhim hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida hozirda viloyatdagi 26,2 kilometr uzunlikdagi 7 ta kanalni betonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu ishlar yakuni bilan yoʻqotilish hajmi 30 foizga qisqaradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?