Surxondaryoda sayyohlikning yangi mavsumi boshlandi

14:31 29 Mart 2024 Welcome to uzbekistan
1984 0

Bugun Termiz shahridagi «Sanʼat saroyi»da Surxondaryo viloyati Turizm boshqarmasi tomonidan «Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil» — ichki turizm yarmarkasi tashkil etildi.

Yarmarkada vohada faoliyat yuritayotgan turoperator va turagentlar, mehmonxonalar, xostel va oilaviy mehmon uylari, sanatoriylar vakillari hamda korxona va tashkilotlar kasaba uyushmalarining boshlangʻich tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, Tojikiston Respublikasidan tashrif buyurgan delegatsiya ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Surxondaryo viloyati Turizm boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Dilmurod Hafizov yarmarka mohiyati xususida alohida toʻxtaldi:

— Viloyatimizda barcha sohalar kabi turizm ham yildan yilga rivojlanmoqda. Ayniqsa, bu borada ziyorat, arxeologik, ekoturizm yoʻnalishlariga qiziqish ortib bormoqda. Bunga bir misol, 2023-yilning birinchi choragida ichki turistlar soni 380 ming nafarni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning shu davrida bu koʻrsatkich 450 ming nafarga yetdi.

Ushbu yarmarkadan koʻzlangan asosiy maqsad ham ichki turizmni yanada rivojlantirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir. Xususan, maqsadimiz mamlakatimizda mavjud turizm obyektlariga aholini keng jalb qilish, turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari va turistik maskanlarni qoʻllab-quvvatlash, turoperator va turagentlarni isteʼmolchilarga tanitishdan iborat.

— Surxondaryo viloyati Markaziy Osiyoning koʻhna madaniyat oʻchoqlaridan biridir, — deydi Tojikiston Respublikasi Xatlon viloyati hokimiyati Turizm boshqarmasi boshligʻi Rustam Hakimzoda. — Hududlarda topilgan koʻhna manzilgohlar va qoyatoshlarga chizilgan suratlar bu hududlarda odamlar eng qadimgi davrlardan buyon yashab kelayotganidan darak beradi. Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan mazkur hudud qadimdan sayyohlar eʼtiboridan tushmay keladi. Vohaning oʻtmish va zamonaviylik uygʻunlashgan manzilgohlari, islom sivilizatsiyasi oʻchoqlari, muzey va masjidlar, hunarmandchilik markazlari, umuman olganda boy tarixiga qiziqish katta. Shu maʼnoda, turizm sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama teng manfaatlidir.

Darhaqiqat, Surxondaryoning boy tarixi, noyob arxeologik yodgorliklari, oʻziga xos tabiati bor. Mazkur hudud jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi bilan alohida mavqega ega. Yuzga yaqin madaniy yodgorliklar, qadimgi manzilgoh, muborak qadamjolar sayyohlar eʼtiborini qozonib kelmoqda. Turistlarga yuqori xizmat koʻrsatish uchun birgina Termiz shahrining oʻzida yigirmadan ortiq zamonaviy mehmonxona, oʻnlab mehmon uylari, ellikka yaqin barcha talablarga javob beradigan restoran, kafelar, madaniyat uylari, koʻngilochar bogʻlar, savdo majmualari kunu tun mehmonlar xizmatida.

Yarmarka doirasida ishtirokchilarga viloyatning har bir hududi sayyohlik jozibadorligi aks etgan tarqatma materiallar taqdim etildi. Sahnalashtirilgan badiiy chiqishlar, kuy-qoʻshiq va videoroliklar namoyishi ishtirokchilarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

Farhod ESONOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер