Surxondaryoda “ogʻir” mahallalarning bosh rejalarini ishlab chiqishga talabalar keng jalb etildi

12:07 11 Fevral 2026 Jamiyat
493 0

Prezidentimiz raisligida joriy yil 23-yanvar kuni kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha 2026-yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida talabalarni mahallalarning bosh rejalarini ishlab chiqish jarayoniga keng jalb etish yuzasidan hokimlarga aniq topshiriqlar berilgan edi.

Mazkur topshiriq ijrosi Surxondaryo viloyatida izchil va tizimli tarzda taʼminlanmoqda. Jarayonga Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti talabalari, magistrantlari, doktorantlari hamda professor-oʻqituvchilari faol jalb etilgan.

Viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida shahar va tumanlar hokimliklari, tegishli boshqarmalar hamda TDMAU tomonidan ishlab chiqilgan rejalar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda aholining tomorqalaridan samarali foydalanish, “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyilini joriy etish, shuningdek, viloyatdagi 114 ta “ogʻir” toifadagi mahalla uchun bosh (master) rejalarni ishlab chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

TDMAU rektori Rasul Toʻrayev “ogʻir” mahallalarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan bosh rejalarni ishlab chiqish mexanizmlari boʻyicha taqdimot qildi. Taʼkidlanganidek, loyiha mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish hamda hududlarning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashga xizmat qiladi.

— Universitetning arxitektura, qurilish va iqtisodiyot taʼlim yoʻnalishlari talabalari orasidan viloyatdagi 114 ta “ogʻir” toifadagi mahallalar uchun alohida ishchi guruhlar shakllantirildi, — deydi Rasul Toʻrayev. — Har bir guruh 3–4 nafar bakalavriat talabasi, bir nafar magistrant va doktorantdan iborat boʻlib, ularga professor-oʻqituvchilar biriktirildi. Guruhlar mahallalardagi mavjud shart-sharoitni oʻrganib, yoʻl, suv, gaz, elektr taʼminoti kabi dolzarb masalalarni tahlil qilmoqda. Shuningdek, har bir mahallaning ixtisoslashuvi va salohiyatidan kelib chiqqan holda uning bosh rejasi ishlab chiqilmoqda. Jarayonda aholi fikri va takliflarini inobatga olishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ayni paytda talabalar joylarda oʻrganish ishlarini amalga oshirmoqda. Ular tomonidan tayyorlanayotgan taklif va loyihalar mahallalarning zamonaviy qiyofasini shakllantirish, aholi turmush sifatini oshirish hamda yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Yigʻilish yakunida viloyat hokimi har bir hududning oʻziga xos imkoniyat va salohiyatini chuqur tahlil qilgan holda rejalarni yanada takomillashtirish, aniq natijaga yoʻnaltirilgan amaliy loyihalarni hayotga tatbiq etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli vazifalar belgilab berdi.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер