Surxondaryoda koʻprik qulagani haqidagi xabarga rasmiy munosabat bildirildi

19:36 01 Oktyabr 2020 Jamiyat
2179 0

Foto: Daryo

Surxondaryo viloyati, Qumqoʻrgʻon tumanida koʻprik qulaganligi toʻgʻrisida ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabar yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.

“Qumqoʻrgʻon tumani hududidan oʻtuvchi, davlat ahamiyatidagi 4r-105 «Darband-Boysun-Elbayon» avtomobil yoʻlining 76 kilometrida joylashgan, uzunligi 66 pogonometr boʻlgan “Polvontosh” selgasi ustidagi koʻprikning oraliq tayanch ustunlari 1 metrga choʻkishi va ustki plitalari qulashi natijasida koʻprik yaroqsiz holatga kelib, hozirgi kunda piyodalar va avtomashinalar harakati cheklangan.

Mazkur holat yuzasidan «Surxon qurilish nazorat oʻlchov» MCHJ va viloyat avtomobil yoʻllari hududiy bosh boshqarmasi mutaxassislari tomonidan rasmiylashtirilgan dalolatnomaga koʻra, oʻtkazilgan nazorat oʻlchovida pudratchi korxona tomonidan haqiqatda bajarilgan ishlar «Bajarilgan ishlarni tasdiqlovchi schyot-faktura maʼlumotnomasi» (Forma-3)ga qoʻshib yozish holatlari aniqlanmagan.

Loyiha smeta hujjatlariga nisbatan bajarilmagan ishlar hajmi 34 mln. 491 ming 265 soʻmni tashkil qilishini va mavjud pudratchi va buyurtmachi oʻrtasida imzolangan 21.04.2014-yildagi 3/TO-2014-sonli shartnomaning 3-qismi (pudratchining majburiyatlari) 4-bandi pudratchi tomonidan toʻliq bajarilmaganligi koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 14.03.2020-yildagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5969-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash hamda 17.03.2020-yildagi Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishi oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar Dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika Maxsus komissiyasining 01-14/1-234-raqamli 6-sonli yigʻilish bayonida “Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash” maqsadida omma oʻrtasida koronavirus kasalligi tarqalib ketishini oldini olish uchun karantin eʼlon qilinib, shaxslar bilan muloqot qilish vaqtinchalik toʻxtatilganligi sababli har qanday tergov harakatlarini oʻtkazishning imkoni yoʻqligi, mazkur holatni oydinlashtirish uchun boshqa shaxslardan va mutaxassislardan xulosa olish imkoniyati mavjud boʻlmagan.

Shu sababli, 18.06.2020-yilda Termiz transport prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

Ushbu qaror 29.09.2020-yilda Transport prokurori tomonidan bekor qilinib, hozirgi kunda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi rasmiy munosabatda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?