Surxondaryoda ilk jigar koʻchirish amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtkazildi
Termiz tibbiyot klasterida ilk marotaba jigar koʻchirish jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu yurtimizda sogʻliqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlarning yana bir amaliy ifodasi boʻldi.
Jarqoʻrgʻonlik 50 yoshli Yusufjon Omonov toʻrt yildan buyon ogʻir jigar xastaligidan aziyat chekardi. Uning shifo topishga boʻlgan umidi deyarli soʻna boshlagan edi. Biroq bugungi kunda tibbiyotga qaratayotgan alohida eʼtibor, tizimdagi yangilanish va zamonaviy imkoniyatlar tufayli u ogʻir darddan xalos boʻlish imkoniga ega boʻldi.
Yaqin qarindoshlar oʻrtasida amalga oshirilgan ushbu birinchi jigar koʻchirish amaliyoti Surxondaryoda tibbiyot sohasida qoʻyilgan tarixiy qadam hisoblanadi.
Jigar transplantatsiyasi kabi murakkab jarrohlik amaliyoti avvallari faqat poytaxtda yoki xorijda oʻtkazilar edi. Endilikda bunday yuqori texnologiyali operatsiyalar viloyat markazlarida ham, ahamiyatlisi, mahalliy shifokorlar tomonidan amalga oshirilmoqda.
— Bemorning hayotini saqlab qolgan bu amaliyot sakkiz soat davom etdi, — deydi viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Botir Mamasoatov. — Eʼtiborli tomoni shundaki, operatsiya davlat tibbiy sugʻurtasi asosida, bemor uchun imtiyozli ravishda amalga oshirildi. Bu esa sohadagi islohotlar, moddiy-texnika bazaning mustahkamlanishi, mahalliy shifokorlarning salohiyati oʻsib borayotganidan dalolatdir.
Bu muvaffaqiyatli operatsiya jigar kasalliklari bilan ogʻrigan minglab bemorlar uchun umid shuʼlasi. Ayni paytda Surxondaryo viloyatida 2 ming 500 nafardan ortiq shunday bemorlar roʻyxatga olingan. Kelgusida ularda ham operatsiyalarni shu yerning oʻzida, mahalliy mutaxassislar tomonidan oʻtkazish rejalashtirilgan.
Farhod ESONOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring