Suriyadan qaytgan ayollar taqdiri haqidagi film premyerasi oʻtkazildi

15:45 09 Sentyabr 2022 Madaniyat
1030 0

Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Asian Trade Company (CATC) hamda “Dilshoh media” kinostudiyalari hamkorligida suratga olingan “Ayol qismati” badiiy filmining premyerasi boʻlib oʻtdi.

“Yangi Oʻzbekistonda or-nomus, masʼuliyat, vijdon va diniy eʼtiqod erkinligiga, qolaversa, barcha yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu azaliy qadriyatlar davlat siyosati darajasiga koʻtarilishi muhim ahamiyatga ega. Ular Yangi Oʻzbekiston kinematografiyasida oʻz aksini topdi.

Soʻnggi yillarda Kinematografiya agentligi tomonidan vazirlik va idoralar koʻmagida qator filmlar yaratilgan. Oʻzbekiston respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy topshirigʻiga binoan va “Mehr” maxsus operatsiyasi va terrorizmga qarshi kurashga bagʻishlangan yangi filmlar yaratildi. “Men terrorchi emasman”, “Tutqunlik”, “Amnistiya”, “Baron-2: Sogʻinch” filmlari – inson qadr-qimmati va aldangan yurtdoshlarimizning ayanchli taqdiri haqida hikoya qiladi. Bugun biz ushbu filmlarimiz qatorini “Ayol qismati” filmining premyerasi bilan toʻldirmoqdamiz, bu esa oʻzbek xalqimiz uchun shoshqaloqlik bilan qaror qabul qilishdan yana bir ogohlantirish boʻladi”, - dedi Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduholiqov.

Sojida... Bu ayolning qismati, juda koʻpchilikning taqdirini birlashtiradi. U turmushning mashaqqatlari sabab oʻz yurtini tark etadi. Sojida yaqinlariga ergashish ortidan Rossiya, Pokiston, Eron, Turkiya, Suriya va Iroq zamini uzra uzoq kezadi. Unga hamisha baxt qiyinchiliklar evaziga keladi deb uqtirishardi. Musofir boʻlmaguncha musulmon boʻlmaysan, deb yarim dunyoni aylanib chiqadi. Lekin iqbol oʻrniga zavol topadi. Koʻz oʻngida katta oʻgʻli Salohiddinning oʻlimi, kichkina oʻgʻli Qahramonning portlagan binolar ostida qolishi Sojidaning nigohlari soʻnishiga olib keladi. U kelajak haqidagi yaxshi xayollardan butkul umidini uzadi. Lekin Sojidaning yana hayotga qaytishi juda katta voqeaga aylanadi.

“Film inson qalbi, insoniy qadriyatlar, oʻzlikni anglash haqida. Shuningdek, film orqali inson “inson” boʻlish uchun nimalar qilishi kerak, degan savolga javob topamiz. “Mehr” loyihasi orqali 1-operatsiyadayoq 156 ta ayollar va bolalar olib kelingan. Ulardan 41 tasi ayollar, qolgani bolalar. Filmda oʻsha 41 ayolning ayanchli qismatidan hikoya qilinadi. Biz ayollar bilan suhbatlashdik, ular nega oʻz vatanidan ketgani, Suriyaga borishining sabablari, “Al-Hol” lageriga qanday tushib qolgani haqida soʻradik. Ssenariy ham mana shu suhbatlar asosida yozilgan. Film real voqealarga asoslangan. Badiiy sayqal berilgan boʻlsada, undagi personajlar hammasi oramizdagi kishilar. Filmdagi xorij mamlakatlarida roʻy beradigan voqealar ham Oʻzbekistonda suratga olingani sababli dekoratsiyalardan keng foydalandik”, – dedi film ssenariy muallifi va rejissyori Dilmurod Masaidov.

Ssenariy mualliflari Dilmurod Masaidov hamda Sardor Hamroyev, postanovkachi rejissyor Dilmurod Masaidov, postanovkachi operator Husan Aliyev, rassom Husayn Eshniyozov, prodyuser Mahmud Erkaboyev, liboslar boʻyicha rassom Sevara Zunnunova, kartina direktori Azizbek Azatbayev.

Filmda bir qator taniqli va umidli aktyorlar bosh rollarni gavdalantirishgan: Raʼno Shodiyeva, Matyoqub Matchonov, Sirojiddin Sattorov, Shohsanam Abdumajidova, Ilhom Berdiyev, Boir Xolmirzayev va boshqalar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?