Суперлига. 26-турга тафсилий назар: “Нефтчи” етакчига айланди, “Насаф”дан дуранг

10:33 28 Oktyabr 2025 Sport
228 0

23–27-oktyabr kunlari Oʻzbekiston Superligasining 26-tur uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.

26-tur bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi:

  • “Xorazm” 0:1 “Paxtakor”
  • “Buxoro” 2:0 “Soʻgʻdiyona”
  • “Qizilqum” 2:0 “Dinamo”
  • “Shoʻrtan” 0:2 “Neftchi”
  • “Qoʻqon-1912” 2:0 “Navbahor”
  • OKMK 1:1 “Nasaf”
  • “Bunyodkor” 2:1 “Mashʼal”
  • “Surxon” 4:0 “Andijon”

Jami 8 ta oʻyindan 2 tasida mehmonlar gʻalaba qozondi. 5 ta bahsda mezbonlar ustun keldi va yana 1 ta uchrashuv durang bilan yakunlandi. Endi ayrim oʻyinlarga toʻxtalamiz.

“Neftchi” peshqadamga aylandi

Yil boshida oʻz oldiga Oʻzbekiston chempioni boʻlishni maqsad qilgan “Neftchi” klubi ushbu turdan keyin chempionlik uchun katta qadam tashladi. Bungacha qatorasiga 4 ta oʻyinda gʻalaba qozongan Vitaliy Levchenko shogirdlari bu turda Gʻuzorda mehmon boʻldilar.

Ushbu bahs nafaqat “Neftchi” uchun, balki “Shoʻrtan” uchun ham katta ahamiyatga ega edi. Chunki jamoa ayni paytda Superligada soʻnggi oʻrinda bormoqda va ligada jon saqlab qolish niyati bor boʻlsa, endi magʻlub boʻlmaslik talab etilardi.

Shuningdek, norasmiy manbalar xabaricha, “Nasaf” klubi ushbu oʻyinda “Neftchi”dan ochko tortib olish evaziga “Shoʻrtan”ga mukofot puli taklif qilgani haqida gap-soʻzlar chiqqan. Agar bu rost boʻlsa, bu holat ham “gʻuzorliklar”ning oʻyinga boʻlgan motivatsiyasini oshirgan boʻlardi.

Vitaliy Levchenko oʻyinni doimgidek 3-5-2ga yaqin taktikada boshladi. Himoya markazida Ubaydullayev, Siger va Gʻofurov oʻrin egalladi. Qanotlar Abror Ismoilov va Quvondiq Roʻziyevga ishonildi. Markazda Ikrom Aliboyev va Yovan Jokich juftligi harakat qildi. Hujum chizigʻida Iskandarov, Odilov va Kojo oʻynadi.

Uchrashuvning 7-daqiqasida Joel Kojo jiddiy jarohat olib maydonni tark etdi. Uning oʻrniga Zoran Marushich tushirildi. Oʻyinning 40-daqiqasida aynan Zoran hisobni ochdi. Birinchi boʻlim 0:1 hisobi bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlim ham yuqori surʼatda kechdi. 70-daqiqada mehmonlar ustozi oʻyini chiqmayotgan Alisher Odilovni Vladimir Yovovichga almashtirdi. Ushbu oʻzgarish 18 daqiqa oʻtib oʻzini oqladi — 88-daqiqada Yovovich jamoasining ikkinchi golini kiritdi. Shu tariqa “Neftchi” Qashqadaryodan gʻalaba bilan qaytib, viloyatning boshqa klubidan nomaʼlum vaqtga yetakchilikni tortib oldi.

“Nasaf” yetakchilikni boy berdi

Mavsum oxiriga kelib amaldagi chempion — Qarshining “Nasaf” klubini juda qiyin taqvim kutardi. Jamoa bir necha kun avval “Shabab Al-Ahli” klubiga 4:1 hisobi bilan magʻlub boʻlgandi. Bu turda esa Olmaliqda ochko yoʻqotildi.

Qizigʻi, 156 kun avval “Nasaf” aynan OKMKni Qarshida magʻlub etib, turnir jadvalida birinchi oʻringa koʻtarilgandi. Oradan 11 tur oʻtib, Mirjalol Qosimov jamoasi oʻzi sovgʻa qilgan taxtdan “ajdarlar”ni qulatdi.

Uchrashuvning birinchi boʻlimida hisob ochilmadi. Jamoalarning teng kurashi asosida kechgan dastlabki taym 0:0 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 54-daqiqasida Nodirbek Abdurazzoqov hisobni ochdi va “olmaliqliklar” oldinga oʻtdi.

80-daqiqada esa “Nasaf”ning haqiqiy yetakchisi Dragan Cheran boshi bilan “OKMK” darvozasini ishgʻol etdi va Oʻzbekiston Superligidagi yubiley 150-golini urdi. Bu orqali serbiyalik hujumchi ligamiz tarixida eng koʻp gol urgan futbolchilar ichida kuchli oʻnlikka kirdi.

Oʻyinda boshqa hisob oʻzgarmadi va “Nasaf” bu turda ochko yoʻqotib, yetakchilikni “Neftchi”ga topshirdi.

Sensatsiya

Turning eng kutilmagan oʻyini Navoiyda boʻlib oʻtdi. Unda “Qizilqum” klubi “Yoshlik” sport majmuasida Samarqandning “Dinamo” jamoasini qabul qildi.

Ayni paytda sovrinli oʻrinlar uchun kurashayotgan “Dinamo”ni keyingi turlarda jiddiy bahslar kutmoqda. Shu sababdan sovrinli oʻrinlar uchun ham, ligada qolish uchun ham kurashmayotgan “Qizilqum”ga qarshi oʻyinda jamoadan faqat gʻalaba kutilgandi. Ammo yakunda, yana hammasi teskari boʻldi.

Oʻyinning 2-daqiqasidayoq hisob ochildi — “Qizilqum” futbolchisi Islom Kenjaboyev qariyb 35 metr masofadan mavsumning eng chiroyli goʻllaridan birini kiritdi.

31-daqiqaga kelib hisobdagi farq ikkitaga yetkazildi. Kenjaboyevning uzatmasidan soʻng Jaba Jigauri hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. Shu tariqa oʻyin aynan shu hisob bilan yakunlandi va “Dinamo” 3-oʻrindagi “Paxtakor”ni oʻzidan 5 ochkoga orqada qoldirdi.

Muxlislarning stadionlarga tashrifi

26-tur oʻyinlarini jami 33 247 nafar muxlis stadionlarda tomosha qildi. Bu esa har bir uchrashuvni oʻrtacha 4 256 nafar futbol ixlosmandlari kuzatganini anglatadi.

Turda eng koʻp muxlis toʻplagan bahs — “Xorazm” va “Paxtakor” oʻyini boʻldi. Ushbu bellashuvni koʻrish uchun Xorazmdagi “Markaziy” stadioniga 9 875 nafar muxlis tashrif buyurdi.

Eng kam tomoshabin yigʻgan oʻyin esa “Bunyodkor” va “Mashʼal” bahsi boʻldi. Neytral maydonda oʻtgan bu uchrashuvni atigi 220 nafar muxlis jonli tomosha qildi.

Keyingi tur

Oʻzbekiston Superligasining 27-tur uchrashuvlari 30-oktyabrdan 3-noyabrgacha boʻlib oʻtadi. Quyida navbatdagi tur juftliklari bilan tanishing:

  • “Dinamo” — “Xorazm”
  • “Navbahor” — “Nasaf”
  • “Shoʻrtan” — OKMK
  • “Andijon” — “Buxoro”
  • “Mashʼal” — “Qoʻqon-1912”
  • “Neftchi” — “Surxon”
  • “Soʻgʻdiyona” — “Qizilqum”
  • “Paxtakor” — “Bunyodkor”

Muhammadamin Zuhriddinov,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?