Superliga. 25-turga tafsiliy nazar: Andijonda gollar seriyasi, markaziy oʻyinda “Neftchi”dan gʻalaba

10:16 20 Oktyabr 2025 Sport
261 0

16–19-oktyabr kunlari Oʻzbekiston Superligasining 25-tur uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.

25-tur bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi:

“Nasaf” 3:0 “Qoʻqon-1912”

“Mashʼal” 0:3 “Xorazm”

“Andijon” 4:3 “Shoʻrtan”

“Soʻgʻdiyona” 2:1 “Surxon”

“Navbahor” 0:2 “Bunyodkor”

“Dinamo” 4:1 “Buxoro”

“Paxtakor” 3:0 “Qizilqum”

“Neftchi” 1:0 OKMK

Jami 8 ta oʻyindan 2 tasida mehmonlar gʻalaba qozondi, 6 ta bahsda mezbonlar ustun keldi. Ushbu turda durang natija qayd etilmadi. Endi ayrim oʻyinlarga toʻxtalamiz.

Yetakchidan yirik gʻalaba

“Nasaf” jamoasini mavsum soʻngida juda tigiz va noqulay taqvim kutmoqda. Jamoa Oʻzbekiston Superligasidan tashqari Osiyo Elit chempionlar ligasida ham ishtirok etmoqda.

Shu bois “Nasaf” soʻnggi turlarda Superligada OKMK, “Navbahor”, “Paxtakor” va “Dinamo” kabi jamoalarga qarshi markaziy oʻyinlarda qatnashishi bilan bir qatorda, xalqaro maydonda ham 4 ta muhim bahs oʻtkazadi.

Ushbu tigʻiz taqvim boshlanishidan oldin boʻlib oʻtgan soʻnggi bahsda Roʻziqul Berdiyev shogirdlari “Qoʻqon-1912” klubini katta qiyinchiliksiz magʻlub etishdi.

Uchrashuvning 24-daqiqasida Dragan Cheran penaltidan hisobni ochdi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobi bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 68-daqiqasida Husayn Norchayev gol urib, toʻpurarlar poygasida Igor Sergeyevga salom yoʻlladi. 83-daqiqada Sherzod Nasrullayev oʻyindagi soʻnggi golni kiritdi. Yakuniy hisob — 3:0 “Nasaf” foydasiga.

Futbolda bir gap bor: “Chempion boʻlish oson, chempionlikni himoya qilish qiyin”, — deyishadi. Koʻramiz, “Nasaf” ushbu qiyin ishni uddalay oladimi.

“Dinamo”dan kambek

Chempionlikdan umid uzmagan “Dinamo” jamoasi bu turda Oʻzbekiston kubogi finalchisi boʻlmish, Xomyakov boshchiligidagi “Buxoro”ni qabul qildi.

Uchrashuv kutilmagan tarzda boshlandi. 20-daqiqada Toma Tabatadze gol kiritib, mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Birinchi boʻlim 0:1 hisobi bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 60-daqiqasida Firdavs Abdurahmonov hisobni tenglashtirdi. Shu zahoti Vadim Abramov jamoasini toʻxtatib boʻlmadi.

72-daqiqada Marko Stanoyevich jarima zarbasidan juda chiroyli gol kiritdi. Ordan 4 daqiqa oʻtib, Firdavs Abdurahmonov dubl qildi.

87-daqiqada “samarqandliklar” sardori Anvar Hojimirzayev ajoyib harakatlari bilan raqib mudofaasini dogʻda qoldirib, hisobni 4:1 koʻrinishiga keltirdi.

Ushbu gʻalabadan soʻng “Dinamo” 47 ochko bilan 4-oʻringa mustahkam joylashdi. Jamoaning yana bir qoldirilgan oʻyini borligini inobatga olsak, Abramov shogirdlari 3-oʻrin uchun ham kurashish imkoniyatiga ega.

Andijonda gollar seriyasi

Turning eng tomoshabop oʻyini shubhasiz Andijondagi “Bobur Arena” stadionida boʻlib oʻtdi. Shu kuni stadionga kelgan muxlislar 7 ta golga guvoh boʻlishdi.

Uchrashuvning 5-daqiqasida Otabek Joʻraqoʻziyev hisobni ochdi. 17-daqiqada “Andijon” klubining soʻnggi turlardagi qahramoni Usmonali Ismonaliyev jamoasining ikkinchi golini kiritdi.

Oradan 3 daqiqa oʻtib, “Shoʻrtan” hujumchisi Poʻlatxoʻja Xoldorxonov hisobni qisqartirdi. 33-daqiqada “gʻuzorliklar” sardori Doniyor Narzullayev hisobni tenglashtirdi. Birinchi boʻlim 2:2 hisobi bilan yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimning 53-daqiqasida Usmonali Ismonaliyev dublga erishdi. 61-daqiqada “Shoʻrtan” darvozasiga belgilangan penaltidan Doniyor Abdumannopov aniq foydalandi — 4:2.

63-daqiqada Poʻlatxoʻja Xoldorxonov oʻyindagi soʻnggi golni kiritdi. Yakuniy hisob — 4:3 “burgutlar” foydasiga.

Markaziy oʻyin

Turning markaziy bahsi Fargʻona shahridagi “Istiqlol” stadionida boʻlib oʻtdi. Unda chempionlikka asosiy daʼvogar “Neftchi” jamoasi Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMKni qabul qildi.

Bu oʻyin oldidan “Nasaf” oʻz bahsini oʻtkazib boʻlgan va “Neftchi”dan 5 ochkoga oldinda edi. Shu sababli bu bahsda Levchenko shogirdlaridan faqat gʻalaba talab qilinardi.

Lekin “Neftchi” amalda ham gʻalaba qozonishni uddalay oldi. Uchrashuv taqdirini bitta gol hal qildi.

17-daqiqada OKMK darvozasiga belgilangan penaltidan Jamshid Iskandarov unumli foydalanib, hisobni ochdi.

Shundan keyin har ikki jamoa qancha urinmasin, oʻyinda boshqa oʻzgarish boʻlmadi.

Muxlislarning stadionlarga tashrifi

25-tur oʻyinlarini jami 39 718 nafar muxlis stadionlarda tomosha qildi. Bu esa har bir uchrashuvni oʻrtacha 4 965 nafar futbol ixlosmandlari kuzatganini anglatadi.

Turda eng koʻp muxlis toʻplagan bahs — “Neftchi” va OKMK oʻyini boʻldi. Ushbu bellashuvni koʻrish uchun “Istiqlol” stadioniga 15 111 nafar muxlis tashrif buyurdi.

Eng kam tomoshabin yigʻgan oʻyin esa “Mashʼal” va “Xorazm” bahsi boʻldi. Betaraf maydonda oʻtgan ushbu uchrashuvni jami 718 nafar muxlis jonli tomosha qildi.

Keyingi tur

Oʻzbekiston Superligasida 26-tur uchrashuvlari 23–27-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadi. Quyidagi bahslar kutilmoqda:

“Xorazm” — “Paxtakor”

“Buxoro” — “Soʻgʻdiyona”

“Qizilqum” — “Dinamo”

“Shoʻrtan” — “Neftchi”

“Qoʻqon-1912” — “Navbahor”

OKMK — “Nasaf”

“Bunyodkor” — “Mashʼal”

“Surxon” — “Andijon”

Muhammadamin Zuhriddinov (“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер