Mashaqqatli va sharafli mehnat eʼtirofi
Bojxona xizmati davlatimiz ichki va tashqi siyosatining ajralmas qismi, mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini mustahkamlash, milliy manfaatlarini himoya qilishning muhim hamda samarali mexanizmi hisoblanadi. Ayniqsa, bugun jadal surʼatlar bilan rivojlanayotgan tashqi iqtisodiy aloqalar sharoitida bojxona organlarining oʻrni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Shuning uchun ham soha xodimlarining mashaqqatli, ayni paytda sharafli xizmati hamisha qadrlanadi.

Poytaxtimizda 26-yanvar — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali bayram tadbirida ushbu soha faollari hamda faxriylarining mehnatlari yana bir bor eʼtirof etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi vakillari, senatorlar, deputatlar, soha faollari, tegishli vazirlik hamda idoralar rahbarlari qatnashgan ushbu tadbirda dastlab davlatimiz madhiyasi jarang sochdi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrigini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻqib eshittirdi.

Tabrikda qayd etilganidek, mustaqillik yillarida bojxona organlari mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash, milliy manfaatlarimizni himoya qilish va chegaralarimiz daxlsizligini asrashda davlatning ishonchli tayanchi boʻlib kelmoqda. Xususan, Yangi Oʻzbekiston sharoitida bojxona organlari zamonaviy, ochiq va samarali tizimga aylanib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshmoqda.

Sohadagi tub islohotlar tufayli keyingi yillarda bojxona rasmiylashtiruvi vaqti qisqartirildi, deklaratsiyalarning 20 foizi inson omilisiz amalga oshirilmoqda. Oʻtgan yilda 76,2 trillion soʻm bojxona toʻlovlari undirilib, ushbu koʻrsatkich 21 foizga oshdi va uning davlat byudjeti daromadlaridagi ulushi 25 foizga yetdi. Soha xodimlari tomonidan tovarlarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish, xavflarni oldindan tahlil qilish, tovarlarni rasmiy importga jalb etish borasida ham ulkan ishlar amalga oshirildi. Yirik miqdordagi giyohvandlik, psixotrop hamda kuchli taʼsir etuvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qoʻyilishida ham ularning hissasi katta.

— Davlatimiz rahbarining bojxona sohasi xodimlariga yoʻllagan tabrigini diqqat bilan eshitdik, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi raisi Akmalxoʻja Mavlonov. — Unda bojxona tizimining hayotimizdagi oʻrniga yuksak baho berilishi bilan birga, kelgusida ushbu sohani yanada rivojlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, fidokorona xizmat qilayotgan xodimlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni tizimli davom ettirish zarurligi taʼkidlab oʻtildi. Bularning barchasi bizga faxr va iftixor bagʻishlashi bilan birga, faoliyatimizdagi masʼuliyat hamda javobgarlikni yanada oshirishga turtki berdi. Oldimizga qoʻyilgan ustuvor vazifalarni samarali bajarish uchun bundan keyin ham bor bilim hamda salohiyatimizni, tajribamizni, imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Tadbirda aytib oʻtilganidek, Yangi Oʻzbekiston sharoitida bojxona tizimini isloh qilish, uni zamonaviy talablar va ilgʻor xorijiy tajribalar asosida takomillashtirib borish davlatimiz siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda. Yurtboshimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar doirasida bojxona organlari faoliyati tubdan modernizatsiya qilinmoqda. Ayniqsa, soʻnggi yillarda sohada xalqaro standartlarga moslashtirilgan tartibotlar joriy etilgani, elektron deklaratsiyalash hamda xavflarni boshqarish tizimlari va boshqa qator yangi zamonaviy dastur hamda texnologiyalarning amaliyotga tatbiq etilgani ayni muddao boʻlmoqda. Bular bojxona nazorati va rasmiylashtiruvida inson omilini kamaytirishga, shaffoflikni oshirish, asosiysi, tadbirkorlarga tashqi savdo faoliyati bilan erkin shugʻullanish imkoniyatini yaratishga xizmat qilayotir.

Qoʻmita taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan toʻrt yilning oʻzida respublikamizning tovarlar tashqi savdo aylanmasi 68 foizga oshib, 2025-yil yakuni boʻyicha 55 mlrd. 412 mln. dollarni tashkil etgan. Sohadagi islohotlar tufayli yirik chegara oʻtkazish punktlarida yuk avtotransportlarining kunlik oʻrtacha oʻtkazuvchanligi 1,5 mingtadan 3,3 mingtaga yetdi. Eksportni soddalashtirish maqsadida “Eksport uch qadamda” dasturi ishga tushirilib, 9 bosqichli tartibotni 3 barobarga qisqartirishga, asosiysi, oʻtgan yili 30 mingga yaqin tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining ortiqcha sarf-xarajati hamda vaqti tejalishiga erishildi.

Shu oʻrinda, qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan bojxona obyektlari ham kam emas. Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi, “Toshkent-AERO” kompleksi va Milliy kinologiya markazining maʼmuriy binolari toʻliq rekonstruksiya qilindi. Oʻnta chegara posti toʻliq taʼmirlandi. Quvonarlisi, Xorazm hamda Fargʻona viloyatlari xodimlari uchun 85 xonadonli ikkita xizmat uyi foydalanishga topshirildi.

Hozirda Qozogʻiston bilan chegaradagi eng yirik postlardan biri — “Gʻishtkoʻprik” posti ham zamon talablari asosida tubdan qayta qurilib, foydalanishga tayyor holga keltirildi. Butkul yangi qiyofada qurilgan bu post endilikda kuniga 1,5 mingdan ortiq avtotransport hamda 50 mingdan ziyod yoʻlovchilarni bemalol oʻtkaza oladi.

Raqamlashtirish borasidagi yangilanishlar natijasida oltmishga yaqin bojxona postlari faoliyati optimallashtirilib, ularda normal ish rejimi joriy etildi. Raqamlashtirish sohasida erishilayotgan yutuqlar samarasi oʻlaroq raqamli transformatsiya reytingida Bojxona qoʻmitasi davlat idoralari orasida uch yildan buyon 1-oʻrinni egallab kelmoqda.

Davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalar ijrosi doirasida bojxona organlari xalqning dardi bilan yashovchi, unga beminnat xizmat qiluvchi, mahalliy korxonalar, tadbirkorlar bilan yaqindan ishlab, ularga barcha amaliy yordamlarni koʻrsatuvchi tizim sifatida ham shakllandi. Bu borada tizim organlari ishtirokida oʻtgan toʻrt yilda oʻttizdan ortiq obyektlarda qurilish hamda rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Bir nechta umumtaʼlim maktablari, sport majmualari, “Saxovat” va Muruvvat uylari, bolalar bogʻchalari foydalanishga topshirildi.

Aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash maqsadida qabul qilingan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi va hududlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlariga amaliy yordam koʻrsatish yoʻnalishlarida Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo, Fargʻona va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahridagi jami 2 mingga yaqin mahallalarda aniqlangan muammolarni bartaraf qilishda bojxona xodimlari faol ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda soha fidoyilari ishtirokida Vatanimiz ravnaqi yoʻlida amalga oshirilayotgan ana shunday ortga qaytmas islohotlar eʼtirof etildi.

Tadbirda, shuningdek, tizim xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan tanlov doirasida “Eng yaxshi hududiy bojxona organi boshligʻi”, “Eng yaxshi surishtiruvchi xodim”, “Eng yaxshi yosh kinolog” kabi oʻndan ortiq nominatsiyalar gʻoliblari taqdirlandi.

Taqdim etilgan bayramona konsert dasturi esa ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Rahim ShERQULOV
(“Xalq soʻzi”).
Hasan PAYDOYEV, Akmal MUHAMMADOV olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Yaldo kechasi” romanining taqdimoti oʻtkazildi
- “Butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulugʻ bir gʻoya bor. U ham boʻlsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring