Superliga. 22-turga tafsiliy nazar: Buxoroda aʼlo darajadagi ochilish oʻyini, OKMKdan yirik gʻalaba

17:31 22 Sentyabr 2025 Sport
78 0

18–21-sentyabr kunlari Oʻzbekiston Superligasida musobaqaning 22-tur bahslari boʻlib oʻtdi. Unda quyidagi natijalar qayd etildi:

“Surxon” 0:0 “Mashʼal”;

OKMK 5:1 “Bunyodkor”;

“Shoʻrtan” 0:0 “Paxtakor”;

“Xorazm” 0:0 “Qoʻqon-1912”;

“Buxoro” 5:0 “Navbahor”;

“Neftchi” 2:1 “Dinamo”;

“Andijon” 2:2 “Soʻgʻdiyona”;

“Qizilqum” 0:1 “Nasaf”.

Boʻlib oʻtgan 8 ta oʻyindan 4 tasida durang natija qayd etildi, 3 tasida esa mezbonlarning qoʻli baland keldi. Soʻnggi bahsda mehmon maqomida ishtirok etgan “Nasaf” jamoasi “Qizilqum” ustidan 0:1 hisobida gʻalaba qozondi. Quyida baʼzi oʻyinlarga alohida toʻxtalib oʻtamiz:

Markaziy bahs

22-turning markaziy oʻyini Fargʻona viloyatida boʻlib oʻtdi. Vitaliy Levchenko boshchiligidagi “Neftchi” Vadim Abramovning “Dinamo”sini oʻz maydonida qabul qildi.

Chempionlik uchun kurashni davom ettirayotgan har ikki klub uchun ushbu oʻyin muhim sinov edi. Oʻyin oldidan “Neftchi” klubida 42, “Dinamo”da esa 38 ochko mavjud edi. Demak, mazkur oʻyinda qoʻlga kiritiladigan gʻalaba Samarqand klubiga asosiy raqobatchisi bilan deyarli tenglashib olish imkonini berishi kerak edi. Amalda esa teskarisi boʻldi.

“Neftchi” ustozi Vitaliy Levchenko oʻtgan oʻyinga solishtirganda asosiy tarkibda birorta oʻzgarish qilmadi. “Paxtakor”ga yutqazilgan oʻyinni asosiy tarkibda boshlagan 11 futbolchi bu gal ham dastlabki daqiqalardan maydonda harakat qildi.

Vadim Abramov esa oʻtgan oʻyinga solishtirganda asosiy tarkibda 3 ta oʻzgarishni amalga oshirdi. Eden Nemanov, Sanjar Qodirqulov va Oybek Oʻrmonjonov bu oʻyin zaxirada qoldirildi. Ular oʻrniga Ravshan Yagudin, Richard Fraydey va Firdavs Abdurahmonov oʻyinni asosiy tarkibda boshladi.

Uchrashuvning 13-daqiqasida hisob mezbonlar himoyachisi Boyan Siger tomonidan ochildi. Oradan 3 daqiqa oʻtib, “Dinamo” hujumchisi Anvar Hojimirzayev muvozanatni tikladi.

Oʻyin durang natija bilan tugashiga yaqin qolgan bir vaqtda, butun mavsum davomida yoʻqolib qolgani aytilgan “Neftchi” klubining legioneri Vladimir Yosovich katta sahnaga chiqdi. Maydonga tushganiga 6 daqiqa boʻlgan futbolchi ajoyib zarbasi bilan hisobni 2:1 koʻrinishiga olib keldi.

Bahs aynan ushbu hisob bilan yakunlandi. “Neftchi” klubi “Nasaf”ni taʼqib etishda davom etadi.

OKMKdan yirik gʻalaba

Turning yana bir qiziqarli uchrashuvi Olmaliq shahrida boʻlib oʻtdi. OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov oʻzining sobiq jamoasi “Bunyodkor”ga qarshi yangi shogirdlarini maydonga boshlab chiqdi.

Oʻtgan turda Jizzaxdan yirik magʻlubiyat bilan qaytgan OKMK, bu turda oʻz muxlislari qarshisida ushbu magʻlubiyat uchun ayblarini yuvishi kerak edi. Amalda bu ish ortigʻi bilan bajarildi.

Uchrashuvda hisob 41-daqiqada Xurshid Gʻiyosov tomonidan ochildi. Oradan 7 daqiqa oʻtib, “Bunyodkor” aʼzosi Najmiddin Normurodov hisobni tenglashtirdi.

56-daqiqada Nodirbek Abdurazzoqov OKMKni yana hisobda oldinga olib chiqdi. 64-daqiqada Xurshid Gʻiyosov dublga erishdi.

76-daqiqada “Bunyodkor” darvozasiga penalti belgilandi. Ushbu imkoniyatdan Ruben Sanchec unumli foydalanib, hisobni 4:1 koʻrinishiga olib keldi.

83-daqiqada Avzbek Oʻlmasaliyev oʻyindagi soʻnggi golni kiritdi. Yakuniy hisob 5:1.

Shu tariqa OKMK klubi oʻz tarixida birinchi marta “Bunyodkor” darvozasiga bitta oʻyinda 5 ta gol kiritishni uddaladi.

Ochilish oʻyini

667 kundan soʻng, Buxoro viloyatiga yana katta futbol havosi qaytdi. “Buxoro” klubi 2025-yilning 22-turiga kelib dastlabki oʻyinni oʻz maydonida qabul qildi. Ushbu bahsda mezbonlarga Namanganning “Navbahor” klubi raqiblik qildi.

“Buxoro”ni ushbu oʻyin oldidan tajribali mutaxassis Aleksandr Xomyakov qabul qilib olgandi. Uning qadami jamoa uchun qutlugʻ keldi. 6 ta oʻyindan buyon “Navbahor” darvozasiga toʻp kirita olmagan “Buxoro” bu bahsda naqd 5 ta gol urdi.

Ushbu oʻyin “Buxoro” klubi legionerlarining benefisiga aylanib ketdi deyish mumkin. Uchrashuvning 3-daqiqasida Dominik Begich oʻyinda hisobni ochdi. Oradan 1 daqiqa oʻtib, Toma Tabatadze hisobdagi farqni 2 taga yetkazdi.

31-daqiqada Dominik Begich “Buxoro”ning 3-golini kiritdi. 10 daqiqadan soʻng Toma Tabatadze dublga erishdi. Hakam tomonidan birinchi taymga qoʻshib berilgan daqiqalar soʻnggida Begich ham xet-trikka erishdi. Oʻyin aynan 5:0 hisobi bilan yakunlandi.

Shu tariqa “Buxoro” klubi ochilish oʻyinida 5 ta toʻp farqi bilan gʻalaba qozondi. Bunaqa voqea soʻnggi bor 19-yil oldin kuzatilgan. 2006-yil “Buxoro” jamoasi chempionatning soʻnggi turuda “Xorazm”ni 5:0 hisobida magʻlub etgandi.

Turnir jadvali

22-turdan soʻng “Nasaf” jamoasi 49 ochko bilan turnir jadvalida yaqqol karvonboshi boʻlib turibdi. “Ajdarlar”ning eng yaqin taʼqibchisi boʻlgan “Neftchi”da esa 45 ochko bor. Soʻnggi oʻrinlarni “Xorazm”, “Shoʻrtan”, “Buxoro” jamoalari egallab turibdi.

Muxlislarning stadionlarga tashrifi

22-tur oʻyinlarini tomosha qilish uchun jami 39 600 nafar muxlis stadionlarga tashrif buyurdi. Bu har bir oʻyinni oʻrtacha 4 950 nafardan tomoshabin kuzatib borganini bildiradi.

Turda eng koʻp muxlis toʻplagan uchrashuv — “Neftchi” va “Dinamo” oʻrtasidagi bahs boʻldi. Markaziy oʻyinni kuzatish uchun “Istiqlol” stadioniga 10 825 nafar tomoshabin tashrif buyurdi.

Eng kam futbol shinavandalarini toʻplagan oʻyin esa OKMK va “Bunyodkor” bahsi boʻldi. Olmaliq shahrida boʻlib oʻtgan oʻyinni koʻrish uchun stadionga 1 415 muxlis keldi.

Keyingi tur

Oʻzbekiston Superligasida 23-tur oʻyinlari 25–30-sentyabr kunlari boʻlib oʻtadi. Unda bizni quyidagi oʻyinlar kutmoqda:

“Nasaf” – “Xorazm”

“Andijon” – OKMK

“Navbahor” – “Qizilqum”

“Qoʻqon-1912” – “Bunyodkor”

“Dinamo” – “Shoʻrtan”

“Soʻgʻdiyona” – “Neftchi”

“Mashʼal” – “Buxoro”

“Paxtakor” – “Surxon”

Muhammadamin Zuhriddinov,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер