SSV: Oʻzbekistonda maymun chechagi qayd etilgani yoʻq
Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda immunizatsiya va vaksinatsiya jarayonlari, Milliy profilaktik emlash taqvimi va bu borada aholiga ishonchli maʼlumotlarni yetkazish yuzasidan soha ekspertlari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Unda shu kunlarda dunyoning qator davlatlarida tarqalayotgan maymun chechagi infeksiyasi xususida kelib tushgan savolga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Atabekov quyidagicha javob berdi:
— Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, kasallik hozirgacha 14 ta davlatda qayd etilgan, — dedi N.Atabekov. — Xususan, infeksiyani yuqtirganlar soni 90 nafarga yaqinlashgani aytilyapti. Qolaversa, qariyb 30 kishi kasallikka chalinganlikda gumonlanmoqda. Qolaversa, shu kungacha oʻlim holatlari roʻyxatga olinmadi.
Aslida, bu xastalik kecha yoki bugun paydo boʻlgani yoʻq. Yaʼni ilk bor u bundan 52 yil avval Kongo Demokratik Respublikasida aniqlangan. Kasallikning alohida holatlari Markaziy va Gʻarbiy Afrika mamlakatlarida kuzatilgan.
Bizdagi maʼlumotlarga koʻra, maymun chechagi deyarli barcha holatlarda hayvonlardan odamga yuqadi. Asosan endemik hududlarga safar qilgan va jonivorlar bilan muloqotda boʻlgan kishilarda tasdiqlanishi mumkin.
Dunyo boʻylab kasallikning qayta avj olishi 7-may sanasidan boshlandi. Shu kuni Buyuk Britaniyaga Nigeriyadan qaytgan sayyohda mazkur infeksiya aniqlandi. Unda kasallik belgilari terida toshmalar toshishi bilan namoyon boʻlgan. Shundan soʻng ushbu mamlakatda oʻnga yaqin bemorlar maymun chechagiga chalingani maʼlum boʻldi.
Keyinroq AQSH, Kanada, Ispaniya, Portugaliya, Fransiya, Italiya, Shvetsiya, Belgiya, Niderlandiya, Gretsiya, Avstraliya, Isroil va Shveysariyada ham xastalik tarqala boshlagani haqida xabar topdik.
Tahlillarga koʻra, kasallik odatda yengil kechyapti va bemorlarning koʻpchiligi bir necha hafta ichida tuzalib ketmoqda.
Shunga qaramay, hozir JSST maymun infeksiyasi keng tarqalib ketmasligi uchun dunyo mamlakatlarini profilaktik choralarni kuchaytirishga chaqirmoqda.
Xoʻsh, bu kasallikdan qanday himoyalanish mumkin?
Mutaxassislar fikricha, aynan maymun chechagiga qarshi emlash preparatlari mavjud boʻlmasada, bir qator mamlakatlar oddiy chechakka qarshi vaksinalar orqali buning oldini olishga harakat qilmoqda.
Chunki ikki virus bir-biriga oʻxshash va shu tufayli bunday vaksinalar maymun chechagining oldini olishda taxminan 85 foizga samara berishi kutilyapti.
Oʻzbekistonda hozirga qadar maymun chechagi qayd etilgani yoʻq. Ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib bu infeksiyaning yurtimizga kirib kelmasligi uchun zarur choralarni koʻryapmiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring