Sportimizdagi muazzam gʻalabaga bagʻishlangan kitob

23:07 06 Avgust 2025 Jamiyat
170 0

OʻzA surati

Sport qatʼiyat, ishonch, doʻstlik, kelajak sari dadil intilish demakdir. Keyingi yillarda mamlakatimizda sportni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Oʻz navbatida, oʻzbekistonlik sportchilar xalqaro musobaqalarda erishayotgan gʻalabalar yurtdoshlarimiz qalbini cheksiz iftixorga toʻldirmoqda.

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Osiyoning eng kuchli jamoalari ishtirok etgan saralash oʻyinlarida chinakam jasorat va matonat namunasini koʻrsatib, tom maʼnoda ulkan gʻalabaga erishgani – Vatanimiz tarixida birinchi marta jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritgani sportimiz tarixida yangi sahifa ochdi.

Ushbu buyuk gʻalaba munosabati bilan davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolariga yoʻllagan tabrigida vakillarimiz matonati va jasoratiga yuksak baho berilib, futbolchilarimiz qoʻlga kiritgan ulkan natijaning mohiyati va ahamiyati chuqur ochib berildi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yaqinda “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan “Bu gʻalaba – muazzam!” nomli kitob ham sportchilarimizning ana shu tarixiy gʻalabasi ahamiyati keng aks ettirilgan.

Kitob Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolariga tabrigi bilan boshlanadi. Tabrikda eʼtirof etilganidek, hech shubhasiz, milliy sportimiz solnomasiga oltin harflar bilan bitiladigan bunday yorqin natija yurtimizdagi millionlab futbol muxlislari, butun xalqimizning necha yillik orzusi edi. Futbolchilarimiz professional bilim va malakasi, tajriba va mahorati, eng muhimi, yuksak irodasi va gʻalabaga boʻlgan ishonchi bilan ana shunday orzuni real haqiqatga aylantirganlari har qanday tahsinga munosib.

Mazkur kitobdan oʻrin olgan “Xalqimizni yanada birlashtirgan tarixiy yutuq” deb nomlangan maqolada esa shu yilning 10-iyun kuni poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida oʻtkazilgan jahon chempionati saralash bosqichining soʻnggi uchrashuvi keng va batafsil yoritilgan. Katta futbol bayrami sifatida oʻtkazilgan ushbu bellashuvni millionlab oʻzbekistonliklar hayajon bilan tomosha qildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev futbolchilarimizni qoʻllab-quvvatlash uchun stadionga tashrif buyurgani mamlakatimizda millionlar oʻyini rivojiga qaratilayotgan ulkan eʼtiborning yana bir amaliy namunasi boʻldi.

Kitobning “Bu sening ham gʻalabangdir, ey Markaziy Osiyo!” deb nomlangan boʻlimida ustoz ijodkorlar, Oʻzbekiston xalq shoirlari Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalistlar Oʻtkir Rahmat, Minhojiddin Mirzo, Qoʻchqor Norqobil, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimlari Zulfiya Moʻminova, Rustam Musurmon va boshqa koʻplab shoirlarning ulkan gʻalabaga bagʻishlangan sheʼrlari bilan tanishish mumkin.

“Gʻalaba ustiga gʻalaba, yutuq ortidan yutuq!” nomli boʻlimda esa Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, senator Rustam Xolmurodov, Yozuvchilar uyushmasi raisining oʻrinbosari Farida Afroʻz, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalistlar Ahror Ahmedov, Salim Doniyorov, mahoratli jurnalist Anvar Samadov va boshqa qalamkashlar bilan birga, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidentining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi Mirjalol Qosimov, futbol sharhlovchisi, “Doʻstlik” ordeni sohibi Mirzahakim Toʻxtamirzayev, futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi, “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Timur Kapadze, futbol sharhlovchisi, “Shuhrat” medali sohibi Xayrulla Hamidov va boshqa sport jonkuyarlarining gʻalaba munosabati bilan bildirgan dil izhorlari keltirilgan.

“Xalqaro eʼtiroflar” boʻlimida Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, FIFA Prezidenti Janni Infantinoning futboldagi ushbu gʻalabamiz munosabati bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga yoʻllagan tabriklari, xorijiy davlatlar davlat va jamoat arboblari, mashhur sportchi va murabbiylar, turli sohalar namoyandalarining tabrik va munosabatlari, xalqaro nashrlarda eʼlon qilingan tahliliy maqola va reportajlardan namunalar keltirilgan.

Mamlakatimizning nomdor sportchi va murabbiylari, soha fidoyilari haqidagi maʼlumotlar “Oʻzbekiston iftixorlari” boʻlimida kitobxonlar eʼtiboriga havola etilgan.

OʻzA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер