Spiker oʻrinbosari Qoraqalpogʻistonda qanday masalalarni oʻrgandi?

15:46 28 Sentyabr 2020 Siyosat
1149 0

Pandemiya davrida iqtisodiy sohada yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarning oldini olish kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylandi. Bu borada mamlakatimizda aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlarini tashkil etishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari A.Haitov Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlarning joylardagi ijrosini oʻrgandi.

Dastlabki manzil Beruniy tumanida joylashgan “Eko Agro Capital” MCHJ boʻldi. A.Haitov korxona faoliyatini koʻzdan kechirib, ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdi.

— Ish faoliyatimizni boshlaganimizga toʻrt yildan oshdi, — deydi korxona rahbari Rustam Seytimbetov. — Ayni damda koʻl ostimizda 31 nafar xodim mehnat qilyapti. Kelgusida baliqchilik va chorvachilikni yoʻlga qoʻyish orqali faoliyatimizni yana-da kengaytirishni maqsad qilganmiz.

A.Haitov parrandachilik yetishtirishga ixtisoslashgan shunday korxonalar sonini koʻpaytirish, baliqchilik va chorvachilikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha zarur tavsiyalar berdi.

Hozirgi kunda “Sarkop” OFY hududida yangidan barpo etilayotgan issiqxonada asosan pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri va qish mavsumi uchun koʻkatlar yetishtiriladi. Asosiysi, issiqxona ishga tushishi bilan 120 nafar yoshlar ishli boʻladi.

Shu kuni Spiker oʻrinbosari rahbarligidagi ishchi guruh aʼzolari mazkur hududdagi «Sorkopli kooperativ» ishlab chiqarish korxonasida ham boʻlishdi.

— Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligi koʻplab davlatlar siyosatining muhim tarmogʻiga aylandi, — dedi A.Haitov. — Yurtimizda ushbu sohani modernizatsiya qilish maqsadida nafaqat davlat byudjeti, balki xalqaro moliya tashkilotlarining mablagʻlari hisobidan qiymati 1 milliard 200 million dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Har bir hududda zamonaviy agroxizmat markazlarini tashkil etish uchun Jahon bankining 500 million dollarlik mablagʻi jalb qilindi. Demak, yerdan samarali foydalangan holda, undan yiliga ikki uch marta hosil olish lozim.

Xalq noiblari mazkur uchrashuvlar doirasida beruniylik faol yoshlar bilan muloqot qilishdi.

Tuman hokimi, “Yoshlar parlamenti” aʼzolari, OʻzLiDeP “Yoshlar qanoti” faollari ishtirok etgan uchrashuvda yurtimizda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlash, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar haqida maʼlumotlar berildi.

Ochiq muloqot tarzida oʻtgan mazkur uchrashuvda yoshlarning muammolari tinglanib, ularni joyida bartaraf etish choralari koʻrildi.

Ishchi guruhning oʻrganishlari Ellikqalʼa tumanida davom etdi. Uchrashuv chogʻida “Buston Optimal-Tekstil” MCHJ faoliyati bilan tanishib, korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni koʻzdan kechirdi.

— Korxonamizda asosan sochiq mahsulotlari ishlab chiqariladi, – deydi jamiyat rahbari T.Kazakov. — Mahsulotlarimizni hozircha ichki bozorda sotyapmiz. Kelgusida ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirib, xorijga eksport qilish niyatimiz bor.

Uchrashuvda korxona ishchilarining 41 nafari partiya safiga qabul qilinib, jamiyat qoshida OʻzLiDeP boshlangʻich partiya tashkiloti tuzildi.

“Amirobod” OFY hududida joylashgan «Agro eksim gold» MCHJga qarashli issiqxona 2019-yilda 3,6 gektar maydonda gidroponika usulida barpo etilgan. Joriy yilda bu yerda yetishtirilgan 720 tonnadan ortiq mahsulot Qozogʻiston va Rossiya davlatlariga eksport qilindi.

Ishchi guruh aʼzolari zamonaviy issiqxona faoliyati bilan tanishar ekan, mamlakat iqtisodi rivoji, aholi farovonligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadigan bunday issiqxonalar tarmogʻini yana-da kengaytirish lozimligini taʼkidladi.

Issiqxona faoliyatini yana-da kengaytirish, aholini zarur qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash boʻyicha tavsiyalar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?