Soʻzga sigʻmas boʻldi sharafing, shoning...

06:29 05 Mart 2025 Jamiyat
240 0

Bahor... Boboquyoshning zarrin nurlari Pomir-Oloy togʻlarining kumush qorlarini eritmoqda. Choʻqqilardan pastga qarab chopqilab tushayotgan katta-kichik jilgʻalar Zarafshon daryosiga qoʻshilib, oʻzining kuch-qudratini namoyon etishga oshiqqanidan boʻlsa kerak, uning oʻrta oqimidagi koʻrkam vodiy boʻylab hayot ulashmakni boshladi. Biroq koʻklam havosi oʻzgaruvchan. Baʼzan birdan sovuq zabtiga olib, qor yogʻa boshlaydi. Zum oʻtmay yana quyosh chiqib, osmon lojuvard tus oladi.

Shunday kezlarda koʻhna Samarqand oʻzgacha tarovat kasb etadi. Yengil esgan shabada allaqayerdan yomgʻirlarni yetaklab keladi. Bundan butun borliq yanada avjlanadi. Yam-yashil maysalar abri naysondan mastona-mastona chayqaladi. Shu topda beixtiyor otashqalb shoir Gʻafur Gʻulomning dilbar misralari xayolda aylanadi:

Chuldiraydi bogʻ-u boʻston irmogʻi,

Quyosh tomon choʻzilar gul yaprogʻi,

Qurt, qumursqa, saʼva, bulbul sayrogʻi,

Qoʻshiqlarga toʻlgan olam quchogʻi,

Bahor kuyi, mehnat kuyi boshlandi.

Ammo, insof bilan aytadigan boʻlsak, Samarqandda bahoriy evrilishlar allaqachon boshlangan. Viloyatda kechayotgan bugungi hayotbaxsh oʻzgarishlar, hamma sohalardagi yangilanish va bunyodkorliklar, odamlar tafakkuridagi yuksalishlar shuning dalili emasmi?!

Samarqand deganda, avvalo, koʻz oldimizda tarixning turli davrlaridan soʻylaguvchi koʻhna obidalar, sir-sinoatlarga toʻliq qadamjolar jonlanadi. Agar bu haqida yozaman desangiz, koʻlami bir maqolaga sigʻmas, balki ming doston boʻlajak. Darhaqiqat, bu oʻlkada azaldan hayot qaynagan. Balki boshlanishi 3-3,5 ming yilga borib tutashar. Oʻsha davrlardayoq qadim ajdodlarimiz bu manzillarni makon tutgan.

Balki bunga uning jugʻrofiy qulayliklari sabab boʻlgandir. Relyefi, asosan, kenglik boʻylab choʻzilgan va shimoldan Turkiston togʻ tizmalarining tarmoqlari — Nurota, Oqtogʻ, janubdan Zarafshon togʻ tizmalari bilan oʻralgan bu hudud fusunkor tabiati, unumdor tuprogʻi, xush havosi tufayli insonlar uchun yashashga juda qulay hisoblangan.

Hudud foydali qazilmalarga nihoyatda boy. Oltin, kumush, volfram rudasi (Ingichka), flyuorit, kvars, ohaktosh, granit, mergel, gips, bentonit gili, abraziv materiallar, mineral boʻyoqlar, marmar (Omonqoʻton, Gʻozgʻon, Jom), korund konlari (Nurotaning janubi-sharqida), mineral buloqlar necha ming yillardan buyon xalqimizning hayoti farovonligini taʼminlashga hissa qoʻshib kelmoqda.

Nabotot va hayvonot olamining turfa navi-yu har xil turi uchraydi bu goʻzal oshyonda. Bahor kelishi bilan togʻ yon bagʻirlariga yaqin tekisliklarda qizgʻaldoqlar barq uradi, shuvogʻ-u qoʻngʻirboshlar chayqalib, chor-atrofni ajib iforga burkaydi. Daryo sohillarini qoplagan jiyda, turangʻil, maymunjon, yulgʻun toʻqayzorlari, dashtlarga husn bergan turfa oʻsimliklar, gullar, chechaklar tulki, chiyaboʻri, jayron, tustovuq, tuvaloq, kaklik kabi turli-tuman jonzotlarga bagʻridan joy berib, ularga rizq ulashadi.

Ajab orasta shahredur…

Shubhasiz, vohaning koʻrk-u jamoli va dunyoni tutgan ovozasi Samarqand shahrining shon-shuhrati bilan bogʻliq. Oʻtmishda bu kent qanchalik shuhrat qozongan boʻlsa, bugungi dovrugʻi undan ziyoda boʻlsa bor, ammo kam emas.

Bilasiz, dunyoda “Boqiy shahar” degan ulugʻ nomga sazovor boʻlgan kentlar unchalik koʻp emas. Koʻhna va hamisha navqiron Samarqand qadim tarixi, insoniyat tamaddunida tutgan beqiyos oʻrni bois mana shu yuksak maqom bilan sharaflangan. Quvonarlisi, shu martabani bugun ham mahkam tutib turibdi.

Goʻzal tabiati, moʻtadil iqlimi, qulay jugʻrofiy joylashuvi, mehnatkash va mehridaryo xalqi bilan ne-ne saltanatlarga poytaxt boʻlmadi bu goʻzal kent. Shu bois ham dovrugʻi yetti iqlimga ketgan bu shahar haqida turli afsonalar yaratilgan. Necha avlodlar shu asotirlarni eshitib ulgʻaydi. Siz bilan biz ham ularning anchasini eshitganmiz, albatta.

Hatto antik davr tarixchilari asarlarida ham ushbu shahar haqidagi maʼlumotlar uchraydi. Masalan, uning dastlabki nomlaridan biri sifatida “Marokanda” atamasi keltirilgan. Bu “Samarqand” istilohining yunoncha talqini ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Zotan, shahar hududida olib borilgan arxeologik qazishmalardan maʼlum boʻlganidek, yuqori paleolit davrida ham bu yerda odamlar yashagan.

Asrlar davomida ushbu oshyonda qanchadan-qancha obidalar, qoʻrgʻonlar, ibodatxonalar barpo boʻlmadi, deysiz? Afsuski, ularning koʻpi dushmanlar tomonidan vayron etilib, tuproqqa qorishtirildi. Faqat ayrimlarigina ulugʻ ajdodlarimizning yuksak aql-zakovati, betimsol bunyodkorlik salohiyati mahsuli sifatida bugungi kungacha savlat toʻkib turibdi. Shuning uchun Samarqandning har qism tuprogʻiga ulugʻ ajdodlarimizning xoki, har qarich yerida muborak izlari, samoviy obidalar gʻishtlarida, niliy gumbazlarida koʻz nuri, qalb qoʻri mujassam, desak, mubolagʻa emas.

Sohibqiron Amir Temur Samarqandni oʻzi barpo etgan markazlashgan davlatning poytaxti sifatida tanlaganida shu jihatlarni hisobga olgani aniq. Zotan, qadimdan madaniyat va maʼrifat markazi boʻlib kelgan bu keng saltanatning qudratiga, obroʻ-eʼtiboriga gʻoyat mos edi. Temur va temuriylar bu goʻzal shahri azimni yanada jozibali maʼvoga aylantirdi. Mirzo Ulugʻbek hukmronligi davrida Samarqand taʼlim, ilm-fan, xususan, falakiyot kuchli taraqqiy etgan shahar oʻlaroq olamga nom chiqardi.

Oʻz davrida Alisher Navoiydek buyuk soʻz sanʼatkori, atoqli davlat arbobining Samarqandda taʼlim olgani uning naqadar yuksak mavqe kasb etganidan dalolat beradi.

Bir necha ming yillar osha Samarqandning taʼrif-u tavsifi dillardan-dillarga, tillardan-tillarga oʻtib, olamaro shon-shuhrat qozondi. Natijada unga “Yer yuzining sayqali”, “Nur taralib turuvchi nuqta”, “Dunyo tamaddunining gavhari”, “Boqiy shahar”, deya ulugʻ taʼriflar berildi. Ne-ne shoirlar uning koʻrk-u jamoliga atab sheʼr-u gʻazallar, dostonlar bitmadi, deysiz. Butun insoniyat tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan olimlar u haqda ilmiy asarlar yaratdi.

Shu tariqa shaharda qurilgan obidalar, orasta bogʻlar goʻzalligi, koʻrk-u tarovati dovrugʻi butun olamga keng yoyildi. Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da “Rubʼi maskunda Samarqandcha latif shahar kamroqdur. Samarqand shahri ajab orasta shahredur…” deya yozganida zarracha mubolagʻa qilmagani, shubhasiz.

Bugungi kunda ham bu dilbar maʼvo xususida ashʼorlar va ilmiy asarlar yaratilmoqda. Gapning ochigʻi, mazkur betakror kent bunga har jihatdan munosibdir.

Tarix va kelajak tutashgan manzil

Buyuk oʻtmishdan kuch va ruh olgan Samarqand tarix va kelajak tutashgan manzil sifatida bugun yangi Oʻzbekistonning gavhari sifatida oʻzini namoyon etmoqda. Shahar ham suratan, ham siyratan butunlay yangilanyapti. Bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning hissasi beqiyos. Buni barchamiz koʻrib-bilib turibmiz.

Oxirgi yetti-sakkiz yilda Samarqand oʻz taraqqiyotining mutlaqo yangi davriga qadam qoʻydi. Timsollar tilida aytadigan boʻlsak, u qayta tugʻildi va dunyoga takror yuz ochdi, yaʼnikim uzukka dur joylangan kabi boʻldi.

Viloyatda olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar va ulkan bunyodkorliklar nafaqat hudud ravnaqini taʼminlash, balki ushbu afsonaviy maʼvoning dunyo sahnasidagi tarixiy oʻrni va shuhratini qayta tiklash, aholi farovonligiga erishish, yurtdoshlarimiz va sayyohlar uchun barcha zamonaviy infratuzilmani yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Viloyatning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotidagi yuksalish odamlar turmush tarzida, osoyishtalik, toʻkinlikda namoyon boʻlmoqda. Bugun viloyatning Kattaqoʻrgʻon, Urgut, Bulungʻur, Jomboy, Ishtixon, Narpay, xullas, qaysi hududiga bormang, sanoat keng quloch yozayotganiga guvoh boʻlasiz. Hatto viloyat markazidan eng olis qishloqlarda ham yangi korxonalar ochilyapti. Xususan, oʻtgan yili viloyatga 928,5 mln. dollar miqdorida xorijiy investitsiya mablagʻlari jalb etilib, 147 ta loyiha ishga tushirildi. Bundan tashqari, 166 ta qoʻshma korxona ochildi va ularning soni 926 taga yetdi. Endi bu zavod va fabrikalarda minglab samarqandliklar mehnat qilayotganini hisobga oladigan boʻlsak, qanchadan-qancha oilalarga quvonch kirib kelgani, insonlarning orzu-maqsadlari roʻyobga chiqqanini, ertangi kunga ishonchi mustahkamlanganini tasavvur etishimiz qiyin emas.

Viloyatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bugun dunyoni zabt etayotir. Aynan shu yerda tayyorlangan kiyim-kechaklar, mebel va texnikalar, hatto rivojlangan mamlakatlar aholisining xonadonlari toʻridan joy olmoqda.

Oʻtgan yili viloyatning tashqi savdo aylanmasi 2,8 mlrd. dollarni tashkil qilgani ham, aslida, shundan darak beradi. Bu koʻrsatkich eksport hajmi 2023-yildagiga nisbatan 127 foizga oshganini ifodalaydi.

Davlatimiz rahbari yaratib bergan imkoniyat va imtiyozlar tufayli viloyat aholisi kichik biznes va tadbirkorlik borasida ham salmoqli yutuq va natijalarga erishmoqda. Ayni paytda viloyatda xususiy sektorning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 73 foizdan oshgani va mehnat bilan band aholining 87 foizdan ziyodi shu tizimda mehnat qilayotgani fikrimizning yaqqol dalilidir.

Yana bir eʼtiborli jihat: 2024-yilda viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 6,9 foiz oʻsgan. Bu esa hududning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyoti barqaror tus olganidan darak beradi.

Koʻngillarga koʻchayotgan obodlik

Samarqand viloyati keyingi yillarda tom maʼnoda ulkan bunyodkorlik maydoniga aylandi. Bir vaqtlar yozda kavush botar chang, qishda bir qarich loy jin koʻchalar bugun nihoyatda orasta, tekis asfaltlangan, keng va ravon yoʻllarga evrilgan. Pana-pastqam uylar oʻrnida zamonaviy osmonoʻpar binolar qad rostlamoqda.

Samarqand shahrining bir qancha koʻchalari kesishgan nuqtalarda yer osti yoʻllari barpo etildi. Aholini shinam va arzon uy-joy bilan taʼminlash alohida dastur asosida amalga oshirilmoqda. Xususan, “Qorasuv” massividagi 100 ming kishi yashashiga moʻljallangan koʻp qavatli uylar, “Yangi Oʻzbekiston” massividagi 1294 kvartirali 36 ta koʻp qavatli imorat allaqachon oʻz egalariga topshirildi. Vohada koʻp qavatli uylar qurish izchil davom etmoqda.

Bu bunyodkorliklar qatoriga “Obod qishloq” dasturi doirasida olib borilayotgan ishlarni — qishloq va mahallalar yoʻllari tekislanib, asfalt qilinayotgani, xonadonlarga ichimlik suvi tarmoqlari tortilayotgani, tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan taʼminlash boʻyicha muammolar hal qilinayotganini ham qoʻshsak, bu ezgu ishlarning koʻlami va ahamiyatining zalvari yanada oshadi.

Bugun samarqandliklar bilan suhbatlashsangiz, ularning kayfiyati koʻtarinkiligini, ruhi balandligini darrov sezasiz. Turmush tarzidagi, yon-atrofidagi oʻzgarishlar ularning ong-u tafakkuriga, hayotiy qarashlariga ijobiy taʼsir koʻrsatayotganini bot-bot tilga olishadi. Aholi bandligini taʼminlash, kambagʻal oilalarni qoʻllab-quvvatlash uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etish, jonajon Vatanimizning rivojiga hissa qoʻshaman, degan har bir yurtdoshimizga koʻmaklashish — qisqacha aytganda, el-yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashash mutasaddi rahbarlardan tortib oddiy odamlargacha hayot tamoyiliga aylanib borayotgani quvonarli, albatta.

Shu maʼnoda, kelgusi marralar yanada baland olingan. Jumladan, joriy yilda viloyatda 320 mingta yangi ish oʻrni yaratish boʻyicha tasdiqlangan rejaning ijrosini taʼminlash, har bir mahalla drayveridan kelib chiqib shakllantirilgan 45 mingdan ziyod loyihalarni ishga tushirish, “turizm mahallalari” va “turizm qishloqlari”ni koʻpaytirish, eksportni 850 mln. dollargacha oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Eng asosiysi, viloyatdagi 16 ta tuman (shahar) va 1126 ta mahallaning har birini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularni kambagʻallik, ishsizlik va jinoyatdan xoli hududga aylantirish, “Obod mahalla — obod koʻcha — obod xonadon” mezonlarini hayotga tatbiq etish ishlari aniq dastur hamda mablagʻ bilan taʼminlangan holda amalga oshirilmoqdaki, bu koʻzlangan natijaga erishishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Muhimi, barcha sohada Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar viloyatning rivojlanish strategiyasi oʻlaroq samarqandliklarni bir maqsad yoʻlida jipslashtirib, ularni olgʻa harakatlantirmoqda. Bu viloyat yaqin istiqbolda yuksalishning yangi pogʻonasiga koʻtarilishiga zamin yaratadi.

Ziyoratchilar talpinadigan maskan

Bugun butun dunyo bu goʻzal va betakror manzilga talpinmoqda, desak, sira mubolagʻa boʻlmaydi. Haqli savol tugʻiladi: nima uchun jahonning turli burchagidan odamlar Samarqandga kelishga, oldin kelganlar uni yana koʻrmoqlikka orzumand?

Buning qator omillari bor. Avvalo, sal ilgariroq aytib oʻtilganidek, bu yerdagidek tarixiy obidalar olamdagi kamdan-kam davlatlardagina bor. Ammo hozirgi zamonaviy dunyoda buning oʻzi kamlik qiladi.

Unda, sabab nimada?

Nazarimizda, oxirgi yillarda Samarqandda roʻyobga chiqarilayotgan keng koʻlamli bunyodkorliklar, yaʼni sayyohlarga yaratib berilayotgan shart-sharoit va qulayliklar muhim omillardan biri, desak, ayni haqiqat.

Bilasiz, hozirgi zamonaviy dunyoda aeroport va temir yoʻl vokzali har bir hududning oʻziga xos “darvozasi” sanaladi. Bu “darvoza” qanchalik orasta va ohanraboli boʻlsa, sayyohlar oqimi shunga mos boʻladi.

Samarqand aeroportini koʻz oldimizga keltirib koʻraylik. Yuqoridan qarasangiz, u ochiq turgan kitobni yodga soladi. Bunyodkorlar bu bilan nimani koʻzladi ekan?

Toʻgʻri topdingiz, bu, avvalo, Samarqand dunyodagi barcha insonlarga ochiqligini, unga tashrif buyurganlar bir olam maʼlumot va taassurotlarga ega boʻlishini, agar koʻrgan-kechirganlarini bitishni niyat qilishsa, u katta kitobga aylanishini bildiradi. Biz shunga qoʻshimcha sifatida Oʻzbekistonda olib borilayotgan ochiqlik siyosatining oʻziga xos ifodasi, degan boʻlardik.

Samarqand temir yoʻl vokzali va unga olib keluvchi “uchar tulporlar” haqida ham shu singari fikrlarni bildirish mumkin.

Tasavvur qiling: Toshkentdan qadim kentga qarab yoʻlga tushdingiz. Oʻsha “uchar tulporlar” sizni yoki xorijlik sayyohni qisqa fursatda tarixiy goʻshaga eltadi. Davomi maʼlum: har qanday chet ellik oʻzini betakror ertaklar olamida koʻradi.

Xorijiy sayyohlarni yanada kengroq jalb etish maqsadida Samarqandda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari olib borilayotganini yana bir bor aytib oʻtish joiz. Keyingi yillarda qadim obidalar, madrasa-yu masjidlar, xonaqoh-u maqbaralar va boshqa noyob meʼmorchilik yodgorliklari qayta taʼmirlandi. Jumladan, Registon maydoni, Shohi Zinda, Hazrati Xizr, Ruhobod, Dahbed, Nodir devonbegi ziyoratgohlari, Bibixonim jome masjidi, Ulugʻbek rasadxonasi, Xoja Doniyol, Xoʻja Ahror Valiy, Moturidiy, Amir Temur maqbaralari tarixiy qiyofasiga uygʻun ravishda qayta taʼmirdan chiqarildi.

Islom olamining tabarruk ziyoratgohlaridan biri boʻlgan moʻtabar qadamjo — Imom Buxoriy majmuasi butunlay yangi qiyofa kasb etayotir.

Hadis ilmining sultoni sifatida dunyoda nom qozongan Imom Buxoriy bobomiz musulmon olamining faxri hisoblanadi. Buyuk muhaddisning Samarqanddagi tabarruk qabrini ziyorat qilish uchun har yili yurtimizga dunyoning turli burchaklaridan minglab musulmonlar keladi.

Shu bois bu yerda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019-yilda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Undan keyin ushbu ziyoratgohda Imom Buxoriy majmuasini qaytadan barpo qilish maqsadida yangi loyiha boʻyicha rekonstruksiya ishlari boshlandi. Bu yerda qariyb 10 ming namozxonga moʻljallangan masjid, toʻrtta minora, ayvonlar barpo etildi.

Davlatimiz rahbari bir necha bor Imom Buxoriy majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi. Inshootlarni bezash, hududni obodonlashtirish, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar hozirlash boʻyicha mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.

Endilikda bu yerga kelgan mehmonlar yer osti galereyasi orqali Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilish imkoniga ega boʻladi. Obida devorlari milliy naqshlar, pardozbop toshlar bilan sayqallab chiqildi. Majmuadagi olti asrlik qadimiy chinorlar, qaynab chiqayotgan buloq va hovuz avvalgi holicha saqlab qolindi. Ikki gektardan ziyod maydon koʻkalamzorlashtirildi, uning atrofida xiyobon, mehmonxonalar, ikki yonida madaniy-maishiy inshootlar barpo etildi.

Hozirgi paytda majmuaga ziyoratga kelgan mehmonlar uning mahobati va salobatidan hayratga tushadi. Qalbida faxr-iftixor tuygʻusini his qiladi.

Yangi surat va siyrat kasb etgan Imom Buxoriy majmuasining joriy yilda qayta foydalanishga topshirilishi Samarqandda ziyorat turizmi imkoniyatlari yanada kengayishiga hissa qoʻshadi.

Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi

Samarqand Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi”ga aylantirilmoqda. Ana shu ezgu maqsad yoʻlida amalga oshirilgan megaloyihalardan biri — davlatimiz rahbari Qoyasi va tashabbusi asosida bunyod etilgan “Buyuk Ipak yoʻli” xalqaro turizm markazidir.

Bu muhtasham majmua nafaqat Samarqandning yangi qiyofasini belgilab, turizm imkoniyatlarini yangi bosqichga koʻtardi, balki xalqimizning yuksak aql-zakovati, ulkan bunyodkorlik salohiyati va fidokorona mehnati mahsuli sifatida Vatanimiz tarixidan joy oldi.

“Buyuk Ipak yoʻli” xalqaro turizm markazi yiliga 2 million sayyohga xizmat qiladigan koʻp tarmoqli majmuadir. Markaz tarkibida “Boqiy shahar” majmuasi, Kongress-xoll, 8 ta zamonaviy mehmonxona, amfiteatr va koʻplab boshqa obyektlar mavjud.

Ulugʻvor va zamonaviy meʼmoriy ansambl qadimiy hamda navqiron kentning shonli oʻtmishdagi asl oʻrnini qayta tiklashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qisqa fursatda majmua dunyo siyosatchilari maslahatlashadigan, oliy darajadagi uchrashuvlar oʻtkaziladigan oshyonga aylandi. Masalan, keyingi ikki yilda bu yerda yigirmadan ortiq xalqaro maqomdagi tadbirlar tashkil etildi. Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar rahbarlari uchrashuvi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruv kengashining yillik yigʻilishi hamda Jahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi oʻtkazildi. Ushbu nufuzli tadbirlarga kelgan minglab mehmonlar Oʻzbekistonning qadamjolari, bugungi hayoti bilan tanishish imkoniga ega boʻldi. Xususan, ular Samarqandning diqqatga sazovor joylarini koʻzdan kechirib, Yer yuzida shunday jannatmonand oʻlka borligini yakdillik bilan eʼtirof etishdi.

Davlatimiz rahbarining 2024-yil 29-noyabrdagi “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida hududda turizmni rivojlantirish boʻyicha qator vazifalar belgilangan. Jumladan, joriy yilda Urgut, Toyloq, Samarqand, Pastdargʻom tumanlari va Samarqand shahri hududidan oʻtgan Dargʻom kanali boʻyida 35,7 kilometr masofada koʻngil-ochar savdo va xizmat koʻrsatish obyektlaridan iborat turistik marshrut tashkil etiladi.

Shuningdek, viloyat miqyosida turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan oʻnlab loyihalar, tadbirlar hayotga tatbiq qilinadi. Masalan, Konigil va Tersak mahallalari tajribasi asosida tumanlardagi 14 ta hududga “turizm qishlogʻi” maqomi berilishi koʻzda tutilmoqda.

Shunga mos holda tashkil etiladigan mehmon uylari, xostel, kemping, oʻtovlar, havo sharlari, paraplan, osma dor yoʻli singari zamonaviy turistik xizmatlar, gastronomik maskanlar, savdo nuqtalari hisobiga ikki mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Shu asosda Samarqand shahri va qator tumanlarda hudud sharoiti hamda geografik joylashuvidan kelib chiqilgan holda turli yoʻnalishlardagi xalqaro festivallar oʻtkaziladi.

Narpay kanalining Kattaqoʻrgʻon shahri hududidan oʻtgan qismida investorlar tomonidan yengil konstruksiyali savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarini oʻzida jamlagan gastronomik koʻprik majmuasi quriladi. Shuningdek, 2026-yilga borib Urgut tumanining Chorchinor togʻli hududida qiymati 25 mln. dollar boʻlgan zamonaviy dor yoʻli va turizm majmuasi qurilib, ishga tushiriladi.

Joriy yil kuzda Samarqandda YUNESKO Bosh assambleyasining 43-sessiyasi oʻtkaziladi. Ushbu oliy darajadagi anjumanga dunyoning yuzdan ortiq davlatlaridan 6 mingdan koʻproq ishtirokchilar kelishi kutilmoqda.

Eʼtiborli tomoni shundaki, ushbu nufuzli tadbir shu vaqtga qadar Parijdan boshqa shaharda oʻtkazilmagan. Shu nuqtayi nazardan, YUNESKO Bosh assambleyasi sessiyasining Samarqandda tashkil etilishi tarixiy voqelik boʻlib, koʻhna va navqiron kent sayyohlik salohiyatining yana bir xalqaro eʼtirofidir.

Uygʻoning va uygʻoting

Qadimdan taʼlim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, maʼrifat beshigi boʻlib kelgan Samarqand bugun mamlakatimizda ushbu sohalarga qaratilayotgan eʼtibordan kelib chiqqan holda azaliy oʻrnini, tarixiy mavqeini qayta tiklashi kerak.

Viloyatda hozirgi kunda zamonaviy taʼlim maskanlari, yangi oliygohlar faoliyati yoʻlga qoʻyilayotgani rost. Endigi masala — jahon talablariga mos kadrlar tayyorlash, zamonamizning ilgʻor fikrli avlodini kamolga yetkazish, madaniy-maʼnaviy, badiiy saviya jihatidan viloyatni chinakam lokomotivga aylantirishdir.

Taassufki, viloyatda kitobxonlik, gazetxonlik, adabiyotni yanada rivojlantirish boʻyicha hali qilinadigan ishlar koʻp. Ularni bekam-u koʻst amalga oshirish uchun, birinchi navbatda, ayni sohalarga turli darajadagi rahbarlarning munosabatini oʻzgartirish zarur. Badiiy asarlar, gazeta, jurnallar oʻqishda, avvalo, rahbarlar oʻzlari faollik koʻrsatishi, boshqalarga oʻrnak boʻlishi hamda ularning targʻibotini yanada kuchaytirishi lozim. Mutolaa madaniyatini yuksaltirish boʻyicha Samarqand tajribasi yaratilsa, nur ustiga aʼlo nur boʻlardi.

Zotan, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlardan oʻz vaqtida xabardor boʻlish, ularning oʻzak magʻzini chuqur tushunish va ijrosiga sidqidildan hissa qoʻshish, qalblarda el-yurt taqdiriga daxldorlik, kuyunchaklik, azm-u shijoat, muhabbat va sadoqat tuygʻularini tarbiyalash, shubhasiz, kitobxonlik, gazetxonlik bilan birgalikda kechadi. Mutolaa insonni komillik sari eltuvchi eng toʻgʻri va samarali yoʻldir.

Hozirgi kunda davlatimiz rahbari kitob oʻqish va uning targʻibotida hammaga namuna boʻlib kelyapti. Prezidentimiz xorijiy davlatlar rahbarlariga kitob sovgʻa qilishni anʼanaga aylantirgan. Taʼlim, ilm-fan, madaniyat, adabiyot masalalari yuzasidan oʻtkazgan yigʻilishlarida, yurtimiz ziyolilari, yoshlar bilan uchrashuvlarida kitob va matbuot nashrlari mutolaasi muhimligini, ular targʻibotini yanada kuchaytirish lozimligini bot-bot taʼkidlaydi.

Bundan har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, mutasaddilar zarur xulosalar chiqarishi, faoliyatiga ana shu mezon asosida baho berishi, gapning sirasini aytganda, qalban, ruhan uygʻonishi va boshqalarni ham uygʻotishga intilishi shart. Sohani yanada rivojlantirish borasida qabul qilingan qaror va farmoyishlar, berilgan topshiriq va koʻrsatmalar ijrosini taʼminlash butun mamlakatimiz hududlari qatori Samarqand viloyatida ham bugungi kunning dolzarb masalasi boʻlishi kerak. Binobarin, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, kitob oʻqigan, oʻzining ustida ishlagan odamda qanot boʻladi. U befarq boʻlmaydi. Uning kuchi bilimida boʻladi.

Samarqandda kitobxonlar, gazetxonlar, bilimli, ilmli insonlar yanada koʻpaysa, viloyat yanada taraqqiy etadi, gullab-yashnaydi.

Bugun Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish, bahoriy yangilanishlar nafasi kezmoqda. Yuqorida aytganimizdek, Samarqandda ham bahor allaqachon oʻz sepini yoyib, moʻjizaviy qudratini namoyon etmoqda. Ishonchimiz komilki, bu yerdagi oʻsish, oʻzgarish boshqa hududlarnikidan butunlay boshqacha, oʻziga xos va azaliy mavqeiga mos boʻladi. Samarqand bahori hali husn-u malohatini, latofatini, sehr-u jozibasini yanada toʻliqroq, yanada ravshanroq, yanada mukammalroq koʻrsatib, barchani ortidan ergashtiradi.

Holbuki, kelajak poydevoriga tamal toshini qoʻygan uchinchi Renessans bizni bir maqsad yoʻlida jipslashtirishdan tashqari, kelajakka ishonchimizni yanada mustahkamladi, yangi kunni umid bilan kutib olishga ruhlantirdi. Ishonch boʻlgan joyda muvaffaqiyatlar, yutuqlar bardavom boʻladi. Oʻrta asrlarda dunyo hamjamiyati tomonidan Amir Temur bobomiz va uning saltanati poytaxti — Samarqand Yevropaning xaloskori sifatida nom qozongan boʻlsa, bugungi kunda Prezidentimiz saʼy-harakati bilan dunyo madaniy poytaxti, oliy darajadagi masalalar muhokama etiladigan xalqaro minbarga aylanmoqda.

Temurbek boshlagan boqiy mashvarat,

Soʻnmas ezgulikning baxti, shukuhi.

Hilpirar totuvlik bayrogʻi abad,

Tamal toshi erur Samarqand ruhi.

Bu zamin ruhidan kuch olib yana

Kundan-kunga sayqal topmoqda jahon.

Ezgulik har yerda qilar tantana,

Har kimning iqboli boʻlar nurafshon.

Soʻzga sigʻmas boʻldi sharafing, shoning,

Goʻzalsan, koʻrkamsan taʼrifga monand.

Sen, axir, ulugʻ yurt — Oʻzbekistonning

Boshiga tojdirsan, mangu Samarqand!

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер