“Soʻz – zabarjad, soʻz gavhar, oltin...”

13:41 20 Oktyabr 2025 Jamiyat
218 0

Ona tilimiz bor ekan, biz millat sifatida bormiz, tirikmiz! Qahramon shoirimiz Erkin Vohidov “Soʻz latofati” kitobida milliy til qaygʻusini eng dolzarb masala sifatida jamiyat oldiga koʻndalang qoʻyadi. Ona tilimizning bugungi qadr-qimmati, jamiyatdagi nufuzidan koʻnglimiz toʻlmayotgan bor gap. Atrofimizdagi ajnabiy soʻzlar, oʻzaro muloqotlarda ikki-uch tilni aralashtirib soʻzlash, joy nomlari, peshlavha va reklamalardagi imloviy xatolar, adabiy til normalariga bepisand munosabatlardan yoqavayron boʻlamiz, soʻzimiz, oʻz ibratimiz bilan ona tilimizni himoyalashga urinyapmiz.

Men nafaqat tilshunos-pedagog, avvalo, ona sifatida oʻzimiz oʻzbek boʻlib, oʻzbekcha oʻylab farzandlarimizga dunyoni boshqa tillar orqali tanitayotganimizdan qattiq ogʻrinaman. Toʻgʻri, bugungi yoshlarning dunyo tillariga qiziqishi balandligi, bir necha jahon tillarida ravon soʻzlayotganlarini koʻrib quvonamiz. Ammo inson koʻp tilda soʻzlay olgani bilan oʻz ona tilida oʻylaydi, fikrlaydi, orzu qiladi. Bugun jamiyatimiz erishishga intilayotgan keng fikrlilik, maʼnaviy yetuklik ham dastlab oʻz ona tiliga boʻlgan hurmatdan boshlanadi.

Bu borada oʻzbek maʼrifatparvar shoiri Avaz Oʻtar oʻzining mashhur “Til” gʻazalida “Lozim siza har tilni biluv ona tilidek, Bilmakka oni gʻayrat eting, foydaga kondur”, deb yozgani bejiz emas. Shoir bunda oʻz zamondoshlari va yoshlarga til oʻrganishning qanchalik foydali ekani, til bilguvchining imoniyatlari kengligini uqtiradi. Har tilni bilishdan oldin oʻz ona tilini chuqur anglamoqlik, oʻrganmoqlik vazifasini yodga soladi. Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan til siyosati va siyosat tili ayni bir maqsadni koʻzlagani va bir-birini toʻldiruvchi, quvvatlovchi tadbirlar olib borilayotganligi bois ham davlat tilining nufuzi sezilarli darajada oshdi.

Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida oʻzbek tilida nutq soʻzlagani ham tilimizning xalqaro miqyosdagi mavqeyini mustahkamlash yoʻlida yana bir katta qadam boʻldi. Bu ona tilining nafaqat maʼnaviy, adabiy, ilmiy, balki siyosiy qudrat ham ekanligini isbotlab berdi. Oʻzbek tilini davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirishga qaratgan eʼtibor samarasi oʻlaroq bugungi kunda oliy taʼlim muassasalarida “Oʻzbek tili va adabiyoti” kafedralari faoliyat olib bormoqda. Endilikda oliy taʼlimni egallayotgan talabalarga mutaxassisligidan qatʼiy nazar, oʻzbek tili, nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish fanlari puxta oʻrgatilmoqda. Bu esa zamonaviy bilim sirlarini oʻrganayotgan yosh avlod kadrlarining oʻz ona tilining bilimdoni, jonkuyari boʻlib kamolga yetishishiga xizmat qiladi. Qolaversa, oʻzbek tilining istiqboli, tom maʼnoda barhayotligi yosh avlod qalbiga ona tiliga muhabbat, milliy gʻurur tuygʻularini singdirishga, taʼlim muassasalarida milliy til targʻibotchilari, jonkuyarlarini tarbiyalashga har jihatdan bogʻliq.

Yosh olima sifatida shu qutlugʻ safga kelib qoʻshilganimdan behad baxtiyorlik, ham yuksak masʼuliyat hissini tuyaman. Yetuk maʼrifatparvar bobomiz, olti tilli lugʻat tuzgan Isʼhoqxon Ibrat aytgan purmaʼno soʻzlar hamisha qalbimizda turmogʻi, amaliy ishlarimizda namoyon boʻlmogʻi kerak: “Bizning yoshlar albatta, boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”. Ertamiz egalari – yoshlarga aytadigan eng maqbul soʻzimiz, har birimiz amal qilishimiz shart boʻlgan mezonimiz shu, aslida.

Dilnavoz QOʻLDASHEVA,

Filologiya fanlari boʻyicha

falsafa doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?