Soʻz millat qiyofasini ifodalaydi

10:03 16 Aprel 2019 Jamiyat
2261 0

Qozogʻiston xalq shoiri, akademik Oʻljas Sulaymonov bilan suhbat.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi doʻstlik, hamkorlik munosabatlari har jabhada, shuningdek, madaniy-maʼrifiy sohada ham jadal rivojlanyapti. Bunga misollar koʻp.

Maʼlumki, oʻtgan yili Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili deb ataldi, 
oʻz navbatida, yurtimizda joriy yil Qozogʻiston yili deb eʼlon qilindi. Haqli ravishda turkiy xalqlar faxriga aylangan mashhur shoir 
Oʻljas Sulaymonov mazkur madaniy voqealarga munosabat bildirdi hamda istiqboldagi ishlar xususida mulohazalarini bayon etdi.

Maʼnaviyat

— Biz, qardosh yozuvchilar qariyb oʻttiz yil koʻrishmadik. Kimlarnidir ayblamagan holda aytamanki, avvallari tez-tez uchrashar, bir-birimiznikida mehmon boʻlar edik. Qozoq yozuvchilari Toshkentga borishar, oʻzbek yozuvchilari Olmaotaga kelishar edi. Boshqa respublikalar ijodkorlari bilan ham shunday doʻstona va qizgʻin munosabatlar oʻrnatilgan edi. Oʻtgan yili Qozogʻistonda “Oʻzbekiston yili” deb eʼlon qilinishi bu azaliy doʻstlikning qayta tiklanayotganidan mujda, qon-qardoshlik rishtalarimiz avvalgiday maromga kelayotganidan darak beruvchi xushxabardir. Biz qavmu qarindosh, bir-biri bilan chatishib ketgan jonajon qoʻshnilarmiz. Oʻrtadagi boʻshliq biz uchun oson kechgani yoʻq, oʻylaymanki, oʻzbeklarga ham bu xil munosabat yoqimsiz, axir bir-biriga suyangan xalqlarmiz. Doʻstligimiz qayta yoʻlga qoʻyilayotgani ulkan tarixiy voqea boʻldi, munosabatlarimiz tiklana boshladi, madaniy dekadalar oʻtkazishga kirishildi. Bundan, albatta, xursandmiz.

— Oʻljas ogʻa, bugungi siyosiy va madaniy tadbirlar, bordi-keldilardan maʼlumki, qoʻshnichilik aloqalarimiz yanada rivojlansa kerak?

— Qoʻshnichilik — Parvardigor tomonidan sizu bizning peshonamizga bitilgan gʻaroyib qismat. Biz bir-birimiz bilan chambarchas tutashib ketganmiz. Buni hech qachon unutmasligimiz kerak. Biz yuqoridan qaraganda ikkita daraxtday koʻrinsak-da, pastdagi tomirlarimiz bitta.

Bu gapni bugun emas, 1979 yil Toshkentda boʻlib oʻtgan Osiyo va Afrika yozuvchilari anjumanida soʻzlagan nutqimda ham bayon qilganman. Oʻsha fikrimda hamon sobitman. Oʻshanda Chingiz Aytmatov ham meni qoʻllab-quvvatlagan edi. Yer yuzida mutlaqo alohida davlat yoʻq. Hamma bir-biri bilan bogʻlanib ketgan. Bir-biri bilan hamkor, birining ishi birisiz bitmaydi. Oʻz qobigʻiga oʻralib olib, “Hech kim bilan ishimiz yoʻq, oʻzimiz xon, koʻlankamiz maydon”, deganlarga ishonmang, ular, bor-yoʻgʻi, oʻz choʻntaklarini qappaytirmoqchi boʻlgan, xalq taqdiriga befarq boʻlgan odamlardir. Mustaqillik — dunyo mamlakatlari bilan tengma-teng qadam tashlash, hamkor boʻlish, hamnafas yashamoq deganidir.

— Qaysi oʻzbek ijodkorlari bilan doʻst edingiz?

— Abdulla Oripov, Erkin Vohidov bilan qalin edim. Oʻzbek adabiyotining ulkan namoyandalari, ulugʻ adib Sharof Rashidov, otashqalb inson Odil Yoqubov bilan bir necha bor tongotar suhbatlar qurganman, donishmandona fikrlaridan zavq olganman. Shuningdek, Halima Xudoyberdiyeva, Nosir Fozilov, Mirpoʻlat Mirzoni yaxshi tanir edim. Yozuvchi Mehmonqul Islomqulovni taniyman. Yaqinda Issiqkoʻlda uyushmangiz raisi, shoir Sirojiddin Sayyid bilan hamsuhbat boʻldim.

— Oʻzbekistonda Sizning muxlislaringiz koʻp. Sheʼrlaringizni ardoqlab oʻqishadi. Gazetalarimizda maqolalaringiz tez-tez bosilib turadi. Lekin, mana, Oʻzbekistonga bormaganingizga ham oʻttiz toʻrt yil boʻlibdi...

— Endi boramiz-da... Toshkentda boʻlishni orzu qilaman. Hozir Oʻzbekiston adabiy muhitida ajoyib oʻzgarishlar sodir boʻlayotganidan xabarim bor. Prezident Shavkat Mirziyoyev adabiyotni sevuvchi inson. U Yozuvchilar uyushmasiga ulkan koshona qurib berib, adiblar xiyobonini yaratibdi, uysiz yosh ijodkorlarni uy bilan taʼminlabdi. Yaqinda Qirgʻizistonda Chingiz Aytmatovning 90 yilligi munosabati bilan televideniyeda chiqish qilganimda, Shavkat Mirziyoyevning adabiyot vakillariga qilayotgan bu gʻamxoʻrliklarini barchaga ibrat qilib koʻrsatdim. Ijodkorlarga bunday gʻamxoʻrlik naqadar zarurligini juda yaxshi tushunaman. Sheʼrlarim Oʻzbekistonda tez-tez chop etilishidan mamnunman.

Har bir insonga oʻz mehnatining samarasini koʻrish zavqlidir. Yozuvchining tanilishi, oʻquvchilari oʻrtasida obroʻ qozonishi bu — uning mehnatlariga berilgan baho. Agar sening kitoblaringni oʻqishsa, yozganlaring odamlarda qiziqish uygʻotsa, demak, bekor yashamayapsan. Shu maʼnoda, yozganlarim yurtingizda qadr topayotganidan mamnunman. Shuningdek, yaqinda doʻstim, taniqli yozuvchi Sobit Doʻsanovning kitobi Oʻzbekistonda chop etilganini eshitdim. Agar adabiyot va sanʼatimiz yaqinlashsa, oʻylaymanki, bu boshqa sohalarga ham oʻz taʼsirini oʻtkazadi.

— Pushkinda shunday misralar bor: “Shoir boʻlish yoshlarga xos”.

— Sharqda yuz yoshgacha ham shoir boʻlaverish mumkin. Chunki Sharqda sheʼriyat donishmandlikka, aql-idrokka, pand-nasihatga, Allohga muhabbatga asoslanadi. Firdavsiy, Alisher Navoiy, Abay keksayib qolganlarida ham ijod qilishgan. Ammo shunday zamonlar keldiki, hamma faqat yorga boʻlgan muhabbatini yozadigan boʻlib qoldi. Shu maʼnoda: “Shoir boʻlish yoshlarga xos”, deganida Pushkin mutlaqo haq edi.

Yoshligimda bir haftada bitta doston yozardim. “Insonga taʼzim qil, Zamin!” dostonim ham, bor-yoʻgʻi, bir haftada yozilgan. Men davr buyurtmasini bajardim. Keyin Yuriy Gagarin bilan uchrashdim. Dunyoning barcha mamlakatlari minbarlarida, AQSHda, Kubada, Venesuelada, Londonda, Parijda ushbu dostonimni yoddan oʻqiy boshladim. Yoshlikning shiddati, shijoati umringizning qolgan davrlarida hech qachon takrorlanmaydi. Yaratgan egam har bir insonga koʻkka uchishi uchun qanot bergan, lekin koʻpchilik bu qanotni oftobda toblab, boshqalarga koʻz-koʻz qilib, qanotlariga zeb berib, umrini zoye oʻtkazib yuboradi, aslida esa sizu bizga uchish buyurilgan, uchish, yaʼni mehnat qilish, kashfiyotlar yaratish, jiddu jahd bilan maʼnaviy yuksakliklarga koʻtarilish, koʻtarilish va yana koʻtarilish buyurilgan...

— Nahotki hozir sheʼr yozmayotgan boʻlsangiz?

— Aslida ijod davom etyapti. Soʻz, inson tili, unga berilgan kalomning taqdiri, tarixi va bosib oʻtgan yoʻli, bitiklar, yozuvlar haqida yozmoqdaman. Mening taqdirimga Soʻzning ortidan quvish bitilgan ekan, bu achchiq qismatdan yuz oʻgirganim yoʻq. Qaytaga, bu menga zavq beradi, hayotimga maʼno olib kiradi. Maʼno daromad emas. Yozuvchilikdan daromad koʻrish uchun bugun koʻp detektiv asar yozish kerak. Bu esa qoʻlimdan kelmaydi. Biz, ijod ahli bosh homiyimiz — davlat bizdan yuz oʻgirgach, biz ham davlatdan yuz oʻgirgan edik. Ammo afsuski, uzoqqa borolmadik. Qozogʻistonda bir paytlar har yili olti yuz yozuvchining kitobi nashr etilar edi, ulardan elliktasi oʻqilardi, besh-oltitasining kitobi haqiqiy yaxshi asar edi. Bunday zoʻr asarlar besh foiznigina tashkil etardi, ammo qolgan olti yuz yozuvchining kitobi boʻlmasa, bu besh foiz kitob dunyoga kelmagan boʻlardi. Men davlat adabiyotni oʻz homiyligiga olishi kerakligi tarafdoriman. Boshqa yoʻlni koʻrmayapman. Adabiyot xalqniki, xalq hukumatniki, hukumat esa osmondan tushib qolgani yoʻq, shu xalqning bir boʻlagidir. Sheʼr yozishimga toʻxtaladigan boʻlsak, mening jamoat ichida qiladigan ishlarim, tashabbuslarim, gʻoyalarim, nutqlarim, bu — mening shakli, qiyofasi oʻzgargan sheʼrlarimdir.

— Yoshlar Sizni sevadi, taqlid qiladi, intiladi. Ularga qanday nasihatlar berasiz?

— Inson oʻz millatining kichik koʻrinishi. Atrofimizdagi odamlar bizga baho berganda, ular bizgagina emas, millatimizga ham baho berayotgan boʻladilar. Agar sen hurmat qozonsang, sening millating ham hurmat va ehtirom qozonadi, senga qarab sening millatingni ulugʻlaydi. Oʻz millatingni ulugʻlamoqchi boʻlsang, avvalo, oʻzing ulugʻ boʻlish qoidasiga amal qil. Biz iqtidorlarni yetishtirar ekanmiz, ularning ezgu ishlariga yoʻl ochar ekanmiz, burchak-burchakdagi johillik va alamzadalik oʻz-oʻzidan kamayaveradi. Biz buyuk insonlarning farzandlarimiz deyishning oʻzi bilangina inson buyuk boʻlib qolmaydi. Buyuk millatning farzandi boʻlish uchun insonning oʻzi buyuk boʻlishga intilishi kerak. Yoshlarga beradigan nasihatim shuki, har qaysimiz oʻz millatimizning kichkina koʻrinishi ekanimizni unutishga hech qachon haqqimiz yoʻq.

— Barcha mushkulotlarga qaramay, peshonasiga yozuvchi boʻlish taqdiri bitilgan, bu zahmatli yumushdan koʻz yummay mardonavor qadam tashlab borayotgan ijodkorlarimiz koʻp. Ularga, albatta, Sizday donishmand shoirning nasihatlari foydalidir...

— Albatta, ularni qoʻllab-quvvatlayman. Olim, yozuvchi boʻlish sharafli. Insoniyat hamisha taraqqiyotga intiladi, taraqqiyot kaliti esa ziyolilarning qoʻlida. Afsuski, hozir baʼzilar oʻrtakash, dallol, chayqovchi, aldam-qaldam, talon-toroj bilan shugʻullanyapti. Bu ishlar insoniyatni buyuk kelajak, yuksak istiqbol sari boshlab bormaydi. Inson buyuk ixtirolar qilishi lozim. Odam insoniyatning mushkulini yengil qilish orzusida yashashi zarur. Shoirlar insoniyatning mana shunday farzandlaridir.

— Abay Qoʻnonboyev haqida gapirdingiz. Bultur Oʻzbekistonda buyuk oqinning yubileyi boʻlib oʻtdi...

— Xabarim bor. Prezident Shavkat Mirziyoyevning qarori asosida Abay Qoʻnonboyev shaxsi va ijodiy merosiga koʻrsatilgan eʼtibor butun qozoq xalqiga, adabiyotiga eʼtibor ifodasi boʻldi.

Kecha eski qadrdonim bilan koʻrishib qoldik. U hozir Angliya universitetida oʻqituvchi. Gap orasida “Abay, haqiqatan ham, daho ekan” deb qoldi. Men “Nega birdan bu fikrga kelib qolding, avval bilmasmiding?” deb soʻradim. “Avval ham bilardim, lekin endi iqror boʻldim,” deydi u. Mana shunday, avlodlar almashgan sari Abayning buyukligi koʻzga yaqqol tashlanaveradi. Abay oʻz davrida nimani yozgan boʻlsa, oʻsha muammolar bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq.

— Nima deb oʻylaysiz, ijod ahliga yana eʼtibor kuchayadimi?

— Kuchayadi. Oʻtgan asrning 90-yillarida besh yuz betlik “Saylanma” asarlarim toʻplami ikki yuz ming nusxada chop etildi. Kitob tezda oʻquvchilar qoʻliga yetib bordi. Kitob yetkazib berish tizimi shiddat bilan ishlar edi. Hozir esa bunday tizim qayoqqa yoʻqolganini bilmaysan. Inson maʼnaviyati hech qachon bozorga tashlanmasligi kerak. Ijod ahliga eʼtibor yanada kuchayishi, shubhasiz.

— Asarlaringiz chiqsa, Sizga qalam haqi toʻlashadimi?

— Men elchi sifatida yaxshi maosh olaman. Lekin 25 yildan buyon adabiyotimizga yangi nomlar kirib keldi. Yangi shoir va yozuvchilar qalam tebratishyapti. Bugun Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasining 700 aʼzosi bor. Ularning peshonasiga yozuvchilik taqdiri bitilgan. Ular yozishadi, kitob chiqarishga urinishadi, qayerdandir homiy topib mingta yo besh yuzta chop etishadi, keyin doʻkonma-doʻkon yurib xaridor izlashadi. Bu oʻzbek, qozoq yoki rusning emas, butun jamiyatning qismati. Jamiyatni qutqarish uchun, avvalo, kitobni qutqarish kerak. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Prezidentining kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida olib borayotgan amaliy siyosatini olamshumul ish deb baholagan boʻlardim.

— Oʻljas Sulaymonov ulugʻ shoir, ayni paytda u mashhur soʻz dargʻasi...

— Insoniyat oʻtmishi, kechgan yuz ming yillik tarix dinozavrlarni topish bilan oʻlchanmaydi, gʻorlardagi bitiklarni oʻqish bilan, arxeologik qazilmalarni ixtiro qilish bilan belgilanmaydi, insoniyat tarixining sir-asrorlari ularga berkitilgan emas. Insoniyat tarixi soʻzlarga muhrlangandir. Soʻzlarda insoniyatning butun bilimi, tafakkuri, hayoti mujassam. Soʻz insoniyat bosib oʻtgan barcha yoʻllarni xuddi mayoq singari yoritib turadi. Bir tomchi suv butun dengiz haqida maʼlumot bera olgani singari bitta soʻz butun bir xalq haqida maʼlumot berish qudratiga ega. Soʻz, u qozoqchami, oʻzbekchami, shumerlardan, sanskrit tillaridan qolgan soʻzmi, paleolit, neolit davridan yoxud ibtidoiy jamoa tuzumidan qolgan ming asrlik soʻzmi, ular barchasi bugungi kungacha yashab kelmoqda va har bitta soʻzning zamirida butun xalqning tarixi, madaniyati, maʼnaviyati yashab kelmoqda. Odamlar soʻz oʻtkinchi, almashib turadi, qisqa vaqt yashab nobud boʻladi deb oʻylashadi, yoʻq, soʻz oʻlmaydi, u insoniyatning butun bosib oʻtgan yoʻli haqida abadulabad soʻzlab turuvchi mayoqdir!

Muhammad ISMOIL
(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер