Soya — farovonlikka eltadigan ziroat

17:33 05 Iyun 2020 Klaster
7486 0

Davlatimiz rahbari yaqinda Andijon viloyatiga safarida gʻoʻza qator oralariga soya ekish boʻyicha Andijon tajribasini yaratish yuzasidan koʻrsatmalar berdi. Binobarin, bugun soyachilikni rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki ziroatchilikning mazkur turini rivojlantirish ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan oʻta foydalidir. Bu, avvalo, aholi demografiyasi tufayli kundalik isteʼmol tovarlariga ortib borayotgan ehtiyojni kafolatli qondirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda qoʻl keladi.

Gap shundaki, yaqin-yaqingacha dunyoning qashshoq davlatlari safida boʻlgan Braziliya taraqqiyotida qishloq xoʻjaligidagi islohotlar, aniqrogʻi, soyachilikning oʻrni gʻoyatda katta boʻldi. Bugungi kunda u jahon bozorida xaridorgir boʻlgan soya yetishtirish va eksporti borasida yetakchilikni qoʻlga olgan. Mazkur mamlakatda har yili oʻrtacha 33,3 million gektar maydonda soya ekini parvarishlanib, gektaridan oʻrtacha 31,4 sentner hosil yigʻishtirib olinadi.

Keyingi paytda soyaga boʻlgan talab kuchaygani koʻplab sabablari bor. Avvalo, uning doni tarkibida 50 foiz oqsil, 28 foizgacha moy boʻlib, oziq-ovqat sanoatida muhim xom ashyo hisoblanadi. Bundan tashqari, soyaning sanoat, texnika, chorvachilikni rivojlantirishda ham roli katta. Undan sovun, lok-boʻyoq, plastmassa, plyonka ishlab chiqarishda, kimyo, toʻqimachilik sanoatida keng foydalaniladi. Qimmatli ozuqa ekanligi esa uning ahamiyatini yana-da oshiradi. Chunonchi, soyadan shrot, kunjara olinadi. Yashil poyasi chorva uchun toʻyimli oziqadir. Xullas, soyadan 400 dan ortiq xildagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ular orasida eng qimmatlisi oqsildir. Agar dunyo boʻyicha oqsil manbaining 32 foizi chorva mollari ulushiga toʻgʻri kelsa, qolgan 68 foizi oʻsimliklardan, shu jumladan, 55 foizi soyadan olinadi. Shu sababdan hozirgi kunda oqsil tanqisligini bartaraf etishda soya katta ahamiyat kasb etmoqda.

Shunday ekan, nega shu paytga qadar respublikamizda bu ekin katta maydonlarda yetishtirilmadi?

Buning ikkita sababini keltirish mumkin. Avvalo, oʻsimlikning ahamiyati, uning foydali jihatlari toʻliq oʻrganilmagani boʻlsa, ikkinchisi, aksariyat soya navlarining vegetatsiya davrining uzoqligidir. Yaʼni ular 120-150 kunda pishib yetiladi.

Keyingi yillarda mazkur dukkakli oʻsimlikning tezpishar navlari ham yaratilgan boʻlib, aralash usulda aynan tezpishar navlari ekilmoqda.

Aralash ekishning Andijon tajribasi

Prezidentimiz tashrifidan soʻng Andijon viloyatida tashkil etilgan “Ilgʻor tajribalar va innovatsion texnologiyalarni qoʻllash orqali mahsulot yetishtirish hajmini koʻpaytirish” mavzuidagi respublika koʻrgazmali seminarida mamlakatimizning turli burchaklaridan kelgan biz, klasterlar, fermer xoʻjaliklari rahbarlari aralash usulda gʻoʻza va soya parvarishlash texnologiyasi bilan yaqindan tanishdik. Ushbu usul yer, suv, mineral oʻgʻit va boshqa resurslardan oqilona foydalanish imkonini berishi bilan alohida ahamiyatga ega. Chunki soya gʻoʻza qator oralariga, aniqrogʻi gʻoʻza nihollarining oʻrtasiga qadaladi. Shu bois uni qoʻshimcha oziqlantirishga hojat yoʻq. Gʻoʻza parvarishiga sarflangan resurslar hisobiga soya unib-oʻsib, hosil beradi.

Aytish joizki, soya oʻsimligi biologik xususiyatiga koʻra, joy tanlamaydi. Shoʻrlangan, yer osti suv sathi koʻtarilgan ekin maydonlarida ham oʻsaveradi. Shuningdek, uni aralash usulda parvarishlash juda qulay. Eng muhimi, u yerni “davolaydi”, tuproqni azot bilan boyitadi. Dukkakli oʻsimlik boʻlgani bois har gektar yerda 55-60 kilogramm, baʼzida 80-100 kilogrammgacha sof azot yigʻib beradi. Boshqacha aytganda, yerning boshqa ekin uchun sarflagan quvvatini qayta tiklaydi. Ana shu tufayli uni “Tuproq oltini” deyishadi.

Mamlakatimizda tuproq unumdorligini oshirish dolzarb masala boʻlib turgan bir paytda soyachilikni rivojlantirish ayni muddaodir. Soya respublikamizning barcha viloyatida nafaqat aralash usulda, balki takroriy ekin sifatida joylashtirilsa, goʻshtning muqobili sifatida koʻriladigan arzon va koʻp miqdorda oqsil olishga mustahkam zamin yaratiladi.

Biz bilan suhbatda boʻlgan Shahrixon tumanidagi “Muhammadjon yuksak orzusi” fermer xoʻjaligi rahbari Murodjon Mirzayev bu yil 12 gektar maydonga chigit va soyani aralash usulda ekibdi. U bir gektar yerdan oʻrtacha 40 sentner paxta hosili olish bilan birga, 600-700 kilogramm qoʻshimcha hosil — soya yetishtirishni moʻljallab turibdi. Uning bir kilogrammini 10 ming soʻmdan sotgan taqdirda, paxtadan oladigan daromadiga har gektaridan 5-6 million soʻm miqdorida daromad qoʻshiladi.

Koʻrinib turibdiki, soya yetishtirishni keng oʻzlashtirilishi mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun har taraflama foyda keltirib, xalqimiz dasturxonini oziq-ovqat va chorvachilik mahsulotlari bilan boyitish, bozorlarni arzon va sifatli noz-neʼmatlar bilan toʻldirishga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi. Shuning uchun kelgusida klaster tizimida ham Andijon tajribasi asosida soya yetishtirishni yoʻlga qoʻyish niyatidamiz. Bu borada Ilmiy markazi xodimlari oʻzaro tajriba almashish, xorijning ilgʻor usullarni oʻrganish, bu texnologiyalarni nafaqat gʻoʻza va soya, balki boshqa ekin turlari misolida qoʻllash ustida izlanishga kirishgan. Ushbu saʼy-harakatlar tez orada oʻzining yuqori natijalarini berishi, shubhasiz.

Murtazo RAHMATOV,
Buxorodagi “BCT Cluster”, Quyi Chirchiqdagi “TCT Cluster” klasterlari rahbari,
senator.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер