Soʻxning tillo qoʻlli dehqoni
Soʻxlik usta dehqon Mullojon Sarmisoqov uchun tuproq – hayot, umid va barakaning manbai. Qoʻli tuproqqa tekkan har onida goʻyo ona zaminning nafasini eshitgandek boʻladi. Koʻklamda ekin sochib, yili bilan yelkasida ketmon, dilida mehnat quvonchini asrab yashaydi. Mullojon aka qariyb 40-yildirki “Soʻx” shirkat xoʻjaligida ijarada yer olib dehqonchilik qiladi. Unga bir vaqtlar 80 sotix yer ajratilgan. U gʻalla, kartoshka va turli sabzavotlar yetishtirib, oilasi roʻzgʻorini toʻkin qilib kelmoqda. Joriy yilda xoʻjalik tomonidan 129 gektarga bugʻdoy, 54 gektarga kartoshka, 21 gektarga sabzavot va 20 gektarga chorva ozuqasi ekildi. Bugʻdoydan qariyb 1000 tonna, kartoshkadan 1350 tonna, piyozdan 600 tonna, chorvaga moʻljallangan ozuqadan esa 840 tonna mahsulot jamgʻarildi.
– Koʻplar Soʻx kartoshkasi nega buncha shirinligini soʻrashadi, – deydi qahramonimiz. – Bu avvalo yerimizning tabiiy tarkibi, toza havo va Soʻx daryosi irmoqlarining musaffo suviga bogʻliq. Tumanimizning havosi Chashma bulogʻidek tiniq. Bu yerning odamlari ham mehmondoʻst va saxovatli.
Mullojon aka bu yil bugʻdoy va kartoshkadan moʻl hosil oldi. Gʻalladan boʻshagan yerlarga har yili takroriy ekin sifatida sabzi va boshqa sabzavotlar ekadi. Hozir farzandlari bilan birga kuzgi hosilni yigʻishtirish bilan band. Oila aʼzolarining hamjihatligi, mehnatsevarligi tufayli ular bozordan deyarli hech narsa sotib olmaydi — barchasi oʻz mehnatining barakasi.
– Dehqonchilik eng barakali kasb, – deydi usta dehqon. – Yerga mehr bersangiz, u ikki baravar qilib qaytaradi. Kuzgi hosil yaxshi. Hosilni yogʻinga qoldirmay yigʻib olsak, shukrli kunlar yanada koʻpayadi, xursandchilik toʻylarga ulanaveradi. Ona yer bilan hamnafas boʻlgan insonning doim dasturxoni toʻkin boʻladi.
Usta dehqon bir lahza osmonda suzib borayotgan bulutlarga qarab toʻxtaydi. Togʻ havosining oʻzgaruvchanligi uning uchun ajablanarli emas: bir dam shamol esadi, bir dam yomgʻir yogʻadi. Yomgʻirdan keyingi musaffolik – barcha charchoqni tarqatib yuboradi. Togʻning kengliklaridan chuqur nafas olganda butun gʻuborlar goʻyo yuvilib ketgandek boʻladi.
Soʻxliklar ostonadan yaxshi niyat bilan kirgan har bir mehmonga qalbini poyandoz qiladi. Mullojon akaning ham xonadonidan mehmon arimaydi.
Botir MADIYOROV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Rossiya NATOga hujum qilish uchun shay holatda — Bundesver generali
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring