Sohilboʻyi dam olish maskani barpo etilmoqda

13:00 12 Avgust 2025 Jamiyat
204 0

Buxoro tumanidagi “Navroʻz” mahallasi oʻziga xos qurilish maydonchasiga aylandi. Mahalla hududidan oqib oʻtuvchi kanal yoqalab “Sohilboʻyi dam olish maskani” barpo etilyapti.

— Bunday maskanlarning qadri yozning jaziramasida juda bilinadi, — deydi shu tumanda istiqomat qiluvchi Juma Panoyev. — Shu boisdan ham suv boʻyida bunday goʻshaning qad rostlashi ayni muddao. Bu yer nafaqat tumandoshlarimiz, balki yurtimizga kelayotgan mehmonlar ham miriqib hordiq chiqaradigan maskanga aylanishidan umidvormiz.

Juma akaning bu haqda toʻxtalishi bejiz emas. Tumanda bir necha yil muqaddam “Bukhara-Varnet” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona tomonidan oynavand dalali ekozona tashkil etilgandi. U qisqa muddat oraligʻida uzoq-yaqindan tashrif buyuruvchilarning sevimli goʻshasiga aylandi. Pirovardida ekozona sifatida sayyohlik mashrutiga kiritildi.

Bevosita sohilboʻyi dam olish maskaniga kelsak, uning uzunligi bir kilometrni tashkil etadi. Bu goʻsha sharofati bilan hudud mikroiqlimi moʻtadillashadi. Hozir dam oluvchilar uchun savdo va maishiy xizmat shoxobchalari qurilmoqda. Gulzorlar barpo etilib, tungi yoritish chiroqlari oʻrnatilyapti. Piyodalar yoʻlagi, avtoturargohlar, oʻrindiqlar, tamaddixonalar – bularning barchasi fuqarolarning soy boʻyida oilaviy koʻngildagidek hordiq chiqarishiga imkon beradi. Bunyodkorlik va obodonchilik yumushlariga 15 ta tadbirkorlik subyekti oʻz hissasini qoʻshmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 14,6 milliard soʻmni tashkil etyapti. Koʻngilochar maskanni yil oxiriga qadar foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan. Natijada yuz nafarga yaqin yangi ish oʻrni yuzaga keladi.

Mazkur maskan davlatimiz rahbarining 2024-yil 12-avgustdagi “Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, xizmat koʻrsatish va turizmni rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida barpo etilmoqda.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?