Sogʻliqni saqlash vazirligi: Yurtimizga sayyohlarning kelish jarayonida sanitariya talablariga rioya qilinishi muhokama qilindi

11:16 06 Mart 2020 Jamiyat
744 0

Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligida mamlakatimizga koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishini oldini olish boʻyicha respublika maxsus komissiyasi aʼzolari ishtirokida koronavirusning yurtimiz turizm sohasi rivojiga taʼsirini oʻrganish va bu infeksiyadan ehtiyot choralarini koʻrish yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Vazirlar Mahkamasi, Jahon sogʻliqni saqlash tashqiloti ekspertlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari xokimlarining turizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari va ushbu hududlardagi soha tadbirkorlari, xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi, Otelyerlar assotsiatsiyasi, Oshpazlar, Restoratorlar uyushmalari rahbarlari va aʼzolari qatnashdi.

Yigʻilishda koronavirus infeksiyasining Oʻzbekistonga kirib kelishi oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumotlar berildi. Jumladan, epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda yurtimizda yuqumli kasalliklar, jumladan, koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralaridagi mavjud barcha sanitariya-karantin punktlarida qatʼiy nazorat oʻrnatilib, ushbu punktlar zamonaviy tibbiy jihozlar bilan toʻliq taʼminlangani qayd etildi.

Videoselektorda mutasaddi tashkilotlar tomonidan koronavirusning turizm sohasiga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha tegishli takliflar ishlab chiqildi. Unda turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, tashqi taʼsir omilini pasaytirish maqsadida ichki turizmni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imtiyoz va preferensiyalar berish, koronavirus qayd etilmagan davlatlardan sayyohlarni jalb qilishga oid qoʻshimcha choralar koʻrish, bu borada targʻibot-tashviqot ishlarini yana-da kuchaytirish koʻzda tutiladi. Shuningdek, boʻlib oʻtgan selektor yigʻilishida sayyohlarning yurtimizga kelishi jarayonida sanitariya talablariga toʻliq rioya qilish va turli kasalliklardan ehtiyot choralarini koʻrish masalalari ham muhokama qilindi.

Maʼlumotlar koʻra, oʻtgan yil yakunlari boʻyicha mamlakatimizda 1500 ga yaqin sayyohlik firmasi hamda 1188 ta turli darajadagi mehmonxonalar faoliyat koʻrsatmoqda. Yurtimizga xorijdan 6,7 million sayyoh tashrif buyurgan.

Yigʻilishda soʻnggida koronavirusning turizmga taʼsirini kamaytirish borasida tezkor chora tadbirlar rejasi qabul qilinishiga kelishib olindi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?