SSV: Koronavirus karantin muddati yakuniga yetgan fuqarolar uylariga kuzatildi

Fotо: Соғлиқни сақлаш вазирлиги
Avval xabar qilganimizdek, turli maqsadlarda Xitoyda safarda boʻlgan jami 584 nafar vatandoshimiz joriy yilning 4-6-fevral kunlari uchta charter reys orqali mamlakatimizga olib kelingan edi. Ularning 459 nafari erkak va 125 nafari xotin-qizlardir.
Har bir reysga Sogʻliqni saqlash vazirligining malakali infeksionist va epidemiolog mutaxassislari jalb etilib, parvoz oldi va parvoz davomida olib kelinayotgan fuqarolarning salomatligi tibbiy kuzatuv ostiga olindi. Parvoz davomida yoʻlovchilar orasida tana harorati koʻtarilgan va sogʻligʻida oʻzgarishlar boʻlgan fuqarolar aniqlanmadi.
Reyslar Toshkent xalqaro aeroportiga uchib kelganida yana bir bor tegishli mutaxassislar tomonidan samolyot bortiga chiqib, yoʻlovchilarning tana harorati portativ teplovizor va elektron termometrlar yordamida oʻlchandi, ularning orasida tana harorati meʼyoridan yuqori boʻlgan fuqarolar aniqlanmadi. Shuningdek, yoʻlovchilar samolyot trapidan tushishlari bilan, shu yerning oʻzida mutaxassislar tomonidan ularning egnidagi kiyimlari hamda ularning qoʻl yuklari tegishli tartibda zararsizlantirildi.
Soʻngra barcha yoʻlovchilar koronavirusning Oʻzbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, xavfsiz sanitariya-epidemiologik holatni taʼminlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasalariga joylashtirildi.
Bugun “Boʻston” sanatoriysida joylashtirilgan 294 nafar fuqaroni karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan uyiga kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi.
Shu oʻrinda qayd etish kerakki, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan, koronavirus inkubatsiyasi davrini hisobga olgan holda, Xitoydan olib kelingan fuqarolarimiz 14 kun davomida xalqaro sanitariya-epidemiologiya talablari asosida qatʼiy karantin holatida saqlandi. Shu davr yakuniga qadar tibbiy kuzatuv va maxsus laboratoriya tekshiruvlari toʻliq, xalqaro standartlar boʻyicha olib borildi. Karantinda boʻlgan fuqarolar birinchi kun va inkubatsiya davrining tugashi bilan, yaʼni ikki marta koronavirus infeksiyasi bor yoʻqligini aniqlash boʻyicha virusologik laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtkazildi. Tahlil natijalari biror fuqaroda ham koronavirus infeksiyasi yoʻqligini aniqlab berdi.
– “Boʻston” sanatoriysi toʻliq karantin talablari asosida jihozlandi. Kuzatuv olib borish uchun tegishli tibbiy jihozlar va zarur dori vositalari bilan taʼminlandi, – deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitaniya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov. – Xususan, koronavirus diagnostikasi vositalarining zarur zaxiralari yaratilib, kerakli dori hamda dezinfeksiya vositalari, uskunalar, sarflash materiallari, shuningdek, shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlandi. Sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelingan fuqarolar alohida nazorat ostida boʻlib, muntazam tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazildi. Shuningdek, mazkur tibbiyot muassasalarida barcha kerakli maishiy vositalar va zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlandi. Oshxonalarda 14 kunlik taomnoma tuzilib, kuniga uch marta sifatli ovqatlanish tashkil etildi.
Barcha muassasalarda yuqumli kasalliklar boʻyicha malakali virusolog, epidemiolog va boshqa yetakchi shifokor-mutaxassislar ish olib borishdi. Ular karantin muassasasida belgilangan muddat yakuniga yetgunga qadar faoliyat yuritishdi. Shuningdek, fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash va jamoat tartibini saqlash maqsadida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya xodimlari jalb etilib, ular alohida binolarga joylashtirildi.
– Xitoyda xavotirli epidemik vaziyatdan ancha tushkun ahvolga tushib qolgan edik,– deydi boʻkalik Sevara Miraliyeva. – Ana shunday qiyin vaziyatda davlatimiz tomonidan koʻrsatilgan gʻamxoʻrlik bizni judayam quvontirdi. Yurtimiz tuprogʻiga qadam qoʻyishimiz bilan koʻnglimiz ancha xotirjam boʻldi. Biz joylashgan sanatoriyda barcha sharoitlar yaratilgan ekan. Aʼlo kayfiyatda dam oldik, bir-birimiz bilan doʻstlashdik. Ochigʻi, bu joydan ketgimiz ham kelmayapti.
Karantin obyektlarida saqlanayotgan fuqarolarning oila aʼzolari va yaqin qarindoshlari bilan muloqot qilishlari uchun telefon apparatlari oʻrnatildi. Bundan tashqari, Toshkent shahridagi Stomatologiya institutida karantindagi fuqarolar bilan ularning ota-onalari va yaqin qarindoshlari muloqoti uchun videokonferensaloqa vositalari va telefon apparatlari oʻrnatilgan “Call center” faoliyat yuritdi.
– Bu yerda bizga 14 kun davomida juda yaxshi qarashdi, – deydi buxorolik Ilhom Qurbonov. – Shifokorlar juda xushmuomalalik bilan kayfiyatimizni koʻtarishga harakat qilishdi. Har kuni bizni ikki martadan tekshiruvdan oʻtkazib turishdi. Boʻsh vaqtimizni unumli oʻtkazish uchun ham barcha sharoitlarni qilib berishdi. Bu yerga kelib barcha xavotirlarimiz tumandek tarqab, qalbimizni faxr-iftixor hissi egalladi. Mana shunday yurtning farzandi ekanligimizdan gʻururlandik. Negaki, koʻpgina mamlakatlar Xitoydagi fuqarolarini yurtiga qaytarib, bu darajada eʼtibor va koʻmak koʻrsata olmayotganining guvohi boʻlib turibmiz. Shunday ekan, hamisha vatan himoyasida boʻlgan baxtiyor insonlarmiz, deb bemalol ayta olamiz. Fursatdan foydalanib, bizga gʻamxoʻrlik qilgan barchaga chuqur minnatdorlik bildiramiz.
Erta-indin karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan boshqa tibbiyot muassasalaridagi Xitoydan olib kelingan fuqarolarimiz ham oʻz uylariga kuzatiladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring