Sodda odamlarni domiga tortayotgan “oʻrgimchak toʻri...”

Jahon global tarmogʻi boʻlgan – internet bugun hayotimizning muhim bir qismiga aylandi. Afsuski, ushbu tarmoqning yoshlar hayoti, turmush tarzi va orzu-havaslariga salbiy taʼsiri ham tobora kengayib bormoqda. Boisi virtual olamda barcha orzu-maqsadlarni amalga oshirish uchun qulayliklar muhayyo. Ammo uning salbiy jihatlari hamisha ham tezda ayon boʻlavermaydi.
Shu sababli bugungi kunda internet olamiga mahliyo boʻlib turli diniy oqimlar taʼsiriga tushib qolayotgan, yolgʻon sevgi asiri boʻlayotgan, turli koʻngilxushliklarga aldanayotganlar tez-tez koʻzga tashlanmoqda.
Rishton tumanida yashovchi 23 yoshli qiz “Telegram” ijtimoiy tarmogʻi orqali bir odam bilan tanishib qoladi. Yangi tanishi juda “uddaburon” boʻlib, tezda sodda qizni onlayn ravishda moʻmay daromad topishiga ishontiradi. Natijada 5,5 million soʻm pulini firibgarga tutqazgan qiz ancha vaqtdan keyin aldanganini sezgach, huquq-tartibot organlariga murojaat qildi.
Toshloq tumanining Sadda mahallasida yashovchi ayol esa ijtimoiy tarmoq orqali oʻzi tanimagan shaxsga ishonib, bir zumda oilaviy jamgʻarmasidan ayrildi. Gap shundaki, notanish odam unga yutuqli oʻyinda 34 million soʻm pul mukofoti yutib olgani, bu pulni olish uchun esa komissiya toʻlovi sifatida 7,5 million soʻm mablagʻni plastik kartasiga oʻtkazib berishi kerakligini aytadi. Bu yolgʻonga ishongan sodda ayol aytilgan summani darhol oʻtkazib beradi. Keyin aldanganini bilib ichki ishlar organlariga ariza topshiradi. Tezkor oʻrganishlar natijasida ushbu jinoyatni sodir etgan fuqaro aniqlandi va unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Taʼkidlash joizki, keyingi yillarda yuqoridagi yurtdoshlarimiz kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali aldanib qolayotganlar yoʻq emas. Fargʻona viloyati IIB Kiberxavfsizlik boʻlimi xodimlari bunday illatlarga qarshi kurashishda hamisha faol. Ammo bu borada oilada, taʼlim tizimi va mehnat jamoalarida huquqiy madaniyatni shakllantirish muhim ahamiyatga ega.
—Bugungi globallashuv, axborot xurujlari davrida kiberjinoyatlarning turi va shakli tobora oʻzgarib, yangi-yangi nayranglar oʻylab topilmoqda,—deydi Fargʻona viloyati IIB Kiberxavfsizlik boʻlimi katta inspektori Kamronbek Qurbonov.—Avval oʻgʻirlik, talonchilik, firibgarlik bilan bogʻliq jinoyatlar koʻp uchrardi. Bugun bu kabi jinoyatlar axborot texnologiyalari yordamida hamda virtual usulda osongina amalga oshirilyapti. Shu bois endilikda har bir fuqarodan mobil savodxonlik hamda hushyorlik talab qilinadi.
—Umuman tanimaydigan bir odam nomimga kredit rasmiylashtirib olibdi,—deydi bir yigit figʻoni falakka chiqquday boʻlib. —Bir kuni bankdan telefon qilib, “Kreditni qachon toʻlaysiz?” deya soʻrab qolishdi. Shunda ham oxirgi ilinj bilan “...balki adashayotgandirsiz”, dedim. Ammo bank xodimi mening ismi-sharifimni toʻgʻri va toʻliq aytdi. Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, menga notanish raqamdan qoʻngʻiroq boʻlgan, men esa unga javob berganman. Shu jarayonda u shaxsiy maʼlumotlarimga ega boʻlgan va nomimga kredit rasmiylashtirgan. Hozirgi kunda ham ushbu muammo orqasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga qatnab yuribman.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati rahbari Ismoiljon Sharipovning maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston tumanida ham shunga oʻxshash jinoyat sodir etilgani aniqlandi. Gap shundaki, tashkilotlardan birida ishlaydigan xodim bir necha hamkasblarini aldab, shaxsiy maʼlumotlarini qoʻlga kiritadi va ularning nomiga 75 million soʻm kredit rasmiylashtirib olishga erishadi.
Shu tariqa jabrlanuvchilar ichki ishlar idoralariga murojaat qilgach, ushbu holat yuzasidan oʻrganishlar olib borildi. Surishtiruvlar jarayonida birovning nomiga kredit olgan yigit onlayn qimor oʻyinlariga mukkasidan ketgani, oʻzining bor pulini yutqazib qoʻygach, shunday ishga qoʻl urgani fosh etildi.
—Bunga qarshi kurashish faqat huquq-tartibot organlarining ishi emas, ayni jarayonda har bir fuqaroning shaxsiy masʼuliyati va bilimi muhimdir,—deydi Kamronbek Qurbonov.—Boisi zamonaviy texnologiyalar, internet allaqachon hayotimizning uzviy bir qismiga aylanib ulgurdi. Shuning uchun ham endilikda har bir fuqaro mobil savodxon boʻlishi kerak. Virtual olam jinoyatlaridan jabr chekmaslik uchun esa telefon orqali kelayotgan shubhali havolalar, tasdiqlanmagan xabarlardan ehtiyot boʻlish lozim. Shuningdek, shaxsiy maʼlumotlar hamda plastik karta raqamlarini begonaga bermaslik zarur.
Oʻtgan yili Fargʻona shahar IIB binosida respublikada birinchilardan boʻlib Kiberxavfsizlik laboratoriyasi tashkil etilgan edi. Zamonaviy mezonlar asosida jihozlangan laboratoriyada axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik sohasida tadqiqotlar oʻtkazish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatida raqamli dalillarni toʻplash, isbotlash hamda faoliyatni texnik taʼminlash ishlari yoʻlga qoʻyildi. Bu ishga talaba yoshlar, IT sohasi mutaxassislari keng jalb etildi.
Demak, hushyorlik kunda kerak. Unutmang, sizni kiberjinoyatlardan eng avvalo teran aqlingiz hamda idrokingiz asraydi!
Botir MADIYOROV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring