“Sizlar — buyuk shoir Alisher Navoiyning vorislarisiz”

17:12 08 Sentyabr 2023 Madaniyat
4910 0

Foto: Arxiv surat

8-sentabr — atoqli avar shoiri Rasul Hamzatov tavallud topgan kun

Agar oshiqlaring oʻn mingta boʻlsa

Bilgilki alarning sardori menman...

Yurtdoshlarimiz orasida ushbu dilbar qoʻshiqni eshitmagan kam topiladi. Milliy qoʻshiqchilik sanʼatimizning taniqli namoyandasi, Oʻzbekiston xalq artisti Sherali Joʻrayev mazkur ashulani yaratarkan, uning matnini tayyorlashda atoqli avar shoiri Rasul Hamzatov sheʼridan ilhomlanganini, gʻoya va andoza olganini oʻz intervyularida koʻp bor takrorlardi. Ikki ulugʻ ijodkorning qalb qoʻridan yaralgan ushbu tarona xalqimizning maʼnaviy mulki boʻlib qoldi.

Chindan ham, Rasul Hamzatovning oʻzbek adabiyotini rivojlantirish, maʼnaviyatini yuksaltirishda hissasi katta. Zero, u Sharof Rashidov, Zulfiya, Abdulla Oripov kabi taniqli adiblarimizning qadrdon doʻsti boʻlishi bilan birga mumtoz adabiyotimizga ayricha mehr-muhabbat bilan qarardi.

Rasul ogʻaning xalqimizga, adabiyotimizga va hazrat Alisher Navoiyga boʻlgan mehri padari buzrukvoridan oʻtgan. Uning otasi Hamzat Sadasa ham avar xalqining mumtoz shoiri edi. Yoshligida puxta diniy bilim olgandi, arab va fors tillarini mukammal bilardi. Shu sababdan hazrat Navoiy asarlarining mohiyati va badiiyligini teran anglardi. 1948-yili 71 yoshga kirgan boʻlishiga qaramay Alisher Navoiy tavalludining 500-yilligi munosabati bilan Toshkentga kelgandi va tantanali majlisda buyuk shoirimiz ijodiga bagʻishlangan mazmunli nutq soʻzlagandi (oʻsha lahza muhrlangan surat hozirgi kunda uning Sadadagi uy-muzeyida saqlanadi). Shubhasiz, u Alisher Navoiyga boʻlgan mehrini oʻgʻli Rasulga ham singdirdi.

1923-yili 8-sentyabr kuni Dogʻistonning Xunzax tumanidagi yetmish xonadondan iborat Sada ovulida tugʻilgan Rasul Hamzatov qanday qilib dunyoga mashhur buyuk shoirlar darajasiga koʻtarila oldi? Bu savolga ona tilini, millatini, xalqini, qadriyatlarini, Vatanini sevgani va ularni asarlarida osmon qadar ulugʻlagani, adabiyotga sadoqat bilan xizmat qilgani uchun deya javob bersak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Bagʻrikeng shoir barcha xalqlarning qadriyatlarini hurmat qilardi, koʻplab millatlarning namoyandalari bilan qalin doʻst edi. Shoir oʻzgalarni eʼzozladi, oʻzgalar ham unga ehtirom koʻrsatdi. Endilikda hamma Rasul Hamzatov deganda Dogʻistonni, Dogʻiston deganda Rasul Hamzatovni koʻz oldiga keltiradi.

1962-yili mamlakat delegatsiyasi rahbari sifatida Sharof Rashidov, aʼzolaridan biri boʻlib Rasul Hamzatov Kuba safariga boradi. Tashrif davomida ilgaridan tanish boʻlgan ikki adibning doʻstligi yanada mustahkamlanadi (bu doʻstlik ularning umri boʻyi davom etdi, bir-birlarini tez-tez yoʻqlab turishdi). Aynan oʻsha yili Rasul ogʻaning “Yuksak yulduzlar” kitobiga baland maqomdagi Davlat mukofoti berilgandi. Tabiiyki, u bu kitobini doʻstiga sovgʻa qildi. Sharof Rashidov safardan qaytgach, kitobni nashriyotga tarjima uchun topshirdi. Mohir tilmochlar Mamarasul Boboyev va Zohidjon Obidov kitobni ona tilimizga mahorat bilan oʻgirishdi. Va “Yuksak yulduzlar” kitobi 1964-yili oʻzbek tilida nashrdan chiqdi. Shu oʻrinda, kitobga Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov muharrirlik qilganini eslatish joiz.

1967-yili Rasul Hamzatovning “Mening Dogʻistonim” asarining birinchi kitobi Moskvada rus tilida chop etildi. Oʻsha vaqtda “Guliston” jurnalining bosh muharriri boʻlgan Ibrohim Rahim bu kitobni tarjima qilishni Erkin Vohidovga topshirdi. Birinchi kitobning boshlangʻich qismi Erkin Vohidov tarjimasida “Guliston” jurnalining 1968-yilgi 1 — 8-sonlarida berildi (eslatma: 5-sonida chiqmagan). Jurnalda ketma-ket berilayotgan asar xalqimiz tomonidan sevib oʻqildi.

1968-yili hazrat Alisher Navoiy tavalludining 525-yilligi toʻyi munosabati bilan Toshkentga kelgan Rasul Hamzatov tantanali marosim tanaffusida yosh adabiyotshunoslarimiz bilan suhbatlashdi. U suhbat chogʻida xalqimizga, adabiyotimizga boʻlgan cheksiz hurmatini izhor qildi: “Oʻzbek xalqiga havasim keladi. Sizlar — buyuk shoir Alisher Navoiyning vorislarisiz, ulugʻ millatning farzandlarisiz, katta tilning egalarisiz. Bu bilan faxrlanishingiz, xalqingiz, tilingiz kamoliga xizmat qilishdan charchamasligingiz kerak”.

Bu soʻzlar oz sonli millatlar va ularning tillari yoʻqoladi, mamlakatda yagona tilni joriy etishimiz kerak degan safsata gʻoya targʻib qilinayotgan davrda aytilgani bilan ahamiyatlidir. Oʻsha davrda oʻzbek yoshlariga “ulugʻ millatning farzandlarisiz, katta tilning egalarisiz”, degan soʻzlarni xalqimizni, boy madaniy merosimizni chin dildan qadrlagan Rasul Hamzatovgina aytishi mumkin edi.

Albatta, jurnalistlar mashhur shaxslardan intervyu olishga harakat qilishadi. Tantanali marosim tugaganidan keyin “Toshkent” restoranida ijodkor doʻstlari bilan kechki tanovulni boshlagan Rasul ogʻa oldiga bir jurnalist hovliqib kelib deydi:

— Assalomu alaykum, Rasul Hamzatovich! Agar siz menga hozir Navoiy haqida intervyu bermasangiz va bu intervyu ertaga gazetamizda chiqmasa, bosh muharrir meni ishdan haydaydi.

Rasul ogʻa vazmin holda undan soʻraydi:

— Aytchi, birodar, musulmonmisan?

— Alhamdulillo, musulmonman.

— Alhamdulillo, men ham musulmonman. Oʻzing ayt, musulmon kishi tahorat olmasdan namoz oʻqishi mumkinmi?

— Yoʻq.

— Men hozirgina muqaddas kitobimiz taqiqlagan mana bu konyakdan hoʻplab qoʻydim, tahoratim buzildi. Ul zotning nomini tahorat olmasdan tilga ololmayman, ertalab kel, tahorat olib seni kutib turaman. Oʻshanda intervyu olasan.

Afsuski, oʻsha mustabid tuzum davrida, toʻgʻrirogʻi, din haqida hatto soʻzlash taqiqlangan vaqtda bu suhbatni, yaʼni ibratli intervyuni yozib boʻlmasdi. Oradan qirq yil oʻtib bu suhbat tafsilotini oʻsha voqeaga guvoh boʻlgan sevimli adibimiz Oʻtkir Hoshimov oʻz esdaliklarida yozdi. Endi bu intervyuni barchamiz qunt bilan oʻqishimiz va sheʼriyat sultoni boʻlgan hazrat Alisher Navoiy bobomizni eʼzozlashda Rasul Hamzatovdan ibrat olishimiz kerak.

1972-yili 8-may kuni Chirchiq shahrida Rasul Hamzatovning “Turnalar” qoʻshigʻi asosida shahidlar xotirasiga bunyod etilgan yodgorlikning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu xabarni eshitgan Rasul ogʻa misoli qanot bogʻlab Oʻzbekistonga uchib keldi va birinchi navbatda yodgorlikni ziyorat qilishga oshiqdi (umuman olganda, Rasul ogʻa Oʻzbekistonga kelganda, albatta, “Turnalar” yodgorligi ziyoratiga borardi). Shoir yodgorlikni koʻrgach, hayratlanib hamrohlariga baralla: “Qoʻshiqqa madaniyatli va sanʼatsevar xalqqina haykal qoʻyadi. Oʻzbek xalqi ana shunday madaniyatli va sanʼatsevar xalq”, dedi. Rasul ogʻa bu soʻzlarini nufuzli davralarda va katta anjumanlarda ham koʻp bor hayajon bilan takrorladi. Shoir soʻzlaridan boshqa xalqlar ibrat olishib, oʻzlarida “Turnalar” qoʻshigʻiga yodgorlik oʻrnatish ishlarini boshlab yuborishdi. Shu tariqa hozirgi kunda dunyoning 180 dan ortiq manzillarida “Turnalar” qoʻshigʻiga yodgorlik bunyod qilindi va bunday xayrli ishlar hamon davom etmoqda. Biroq “Turnalar” qoʻshigʻiga yodgorlik birinchi boʻlib Chirchiq shahrida qoʻyilgani bilan har qancha faxrlansak arziydi. Hatto Dogʻistondagi Gunib togʻi bagʻriga qoʻyilgan “Turnalar” yodgorligi 1986-yilda ochilgan.

1975-yili Toshkentda sevimli shoiramiz Zulfiyaning 60 yillik toʻyi nishonlandi. Unda Rasul Hamzatov shoiramiz ijodiga bagʻishlangan taʼsirchan nutq soʻzladi. Umuman, Rasul ogʻa Zulfiyani dunyoning buyuk shoirasi sifatida eʼzozlardi va anjumanlarda shoiramizga hurmatini izhor etardi. Oʻz navbatida, Zulfiya opa ham Rasul Hamzatovni qadrlardi.

Hamon adabiyot ahli oʻtgan asrning 60 — 80-yillaridagi “Oltin avlod” adabiy davrasini havas bilan esga oladi. Anjumanlar mahali dunyoga taniqli adiblar — bolqor Qaysin Quliyev, avar Rasul Hamzatov, boshqird Mustay Karim, qalmoq David Kugultinov, qirgʻiz Chingiz Aytmatov va ularning maslakdoshlari davra qurishardi. Ularning har biri nisbatan kam sonli millatlarga mansub boʻlib, Rasul aka goho hazil aralash: “Biz “nasmen”miz” (milliy ozchilikmiz), deb qoʻyardi. Bu soʻzning tagida teran mazmun boʻlib, oʻsha ijodkorlarning har biri oʻz millati manfaatlarini astoydil himoya qilardi. Davraboshi boʻlgan Qaysin Quliyev 1969-yili Moskvadagi yoshlar seminarida oʻzi kashf qilgan Abdulla Oripovni ham davraga qoʻshgandi. Shu tariqa Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov ulugʻ adiblar suhbatidan bahramand boʻldi va ularga monand ravishda boʻy rostladi. Bejiz, choʻqqi choʻqqilarga qarab boʻy rostlaydi, deya aytilmagan.

Katta davrada fikrlari sayqallangan Abdulla Oripov dunyo adabiyotining javohirlaridan biri boʻlgan Rasul Hamzatovning “Mening Dogʻistonim” kitobi haqida shunday soʻzlarni bitgandi: “Ushbu asarda shoirning butun borligʻi: dunyoqarashi, maʼnaviyati, iztirobi, armoni, faxri va gʻururi — barcha-barchasi mujassam. Bu bepoyon tuygʻularni esa Rasul akaning oʻz ona tiliga, mitti boʻlsa ham yagona Dogʻistonga cheksiz muhabbati birlashtirib turadi. Kitobda yuzlab, minglab yombi fikrlarni, hikmatlarni uchratish mumkin. Muallif ajdodlar, zamondoshlar tajribasiga tayanadi. Har qanday siyosatning igna koʻzidek teshigidan ham “tuya”ni bemalol oʻtkaza oladi. Mana buni mahorat desa boʻladi”. Bunday purmaʼno soʻzlarni Rasul Hamzatovning “Onalarni asrang”, “Shomilning muhabbati”, xullas, har bir asari haqida aytilsa ham hech bir mubolagʻa boʻlmaydi.

Xalqimiz doshqozonda pishgan oshning mazasini bilish uchun qoshiqda olib tatib koʻrish kifoya deydi. Darhaqiqat, Rasul Hamzatov asarlarini varaqlab, istagan joyidan durday porlab turgan biron misrasini oʻqish kifoya. “Mening Dogʻistonim” badiasidagi “Odam faqat atama emas — unvon. Unvon boʻlganda ham juda yuksak unvon. Bu yuksak unvonga munosib boʻlish uchun bir umr intilish kerak”, “Onalarni asrang” dostonidagi “Dunyoda onasi borlar baxtiyor”, “Shomilning muhabbati” dostonidagi “Ollohning karami keng, ishq oldida hamma teng” kabi quyma misralarga koʻz yugurtirishingiz bilan dilingiz yorishadi, shu asarlarni toʻliq oʻqib chiqmaguncha tinchimaysiz.

Qatrada quyosh aks etganidek, Rasul Hamzatov adabiyotga olib kirgan “Yozuvlar” muxtasar janrida ham olam-olam hikmatlar mujassam. Birgalikda koʻzadagi yozuvlarini oʻqiylik.

Oddiy gildan yasaladi eng goʻzal koʻza,

Oddiy soʻzdan yaraladi sheʼriy moʻjiza.

Shoir “eng goʻzal koʻza”, “sheʼriy moʻjiza” tashbehlari orqali insoniyat ibtidosi va qudratli soʻzni vasf etyapti.

Rasul ogʻaning Sharq mumtoz ruboiylari bilan boʻylashadigan toʻrtliklarining ham badiiyligi puxta, mazmuni teran va koʻlami keng.

Dogʻiston osmoni ostida shu zum,

Iqror boʻldim, baland dovondan osha.

Shoir boʻlish uchun erta tugʻildim,

Rasul boʻlish uchun kechikdim rosa.

Shukrki, Rasul ogʻa har bir ijodkor oshishi lozim boʻlgan baland dovondan ertaroq oshib oʻtdi, safsatabozlik va sheʼriyat boshqa-boshqa narsa ekanligini ertaroq tushundi, oʻzligini ertaroq angladi. “Shoirning vazifasi odamlarning Yer yuzida goʻzal va baxtli hayot kechirishlariga yordam berishdan iborat. Bunday sharafli vazifani bajarishi uchun shoir oʻz ishining ustasi boʻlishi lozim”, degan boqiy tamoyilga asosan sheʼrlar va boshqa janrdagi asarlarini yozdi. Bunday umuminsoniy asarlar Rasul Hamzatovni jahon xalqlari hurmatiga sazovor etdi. Shoir umrboqiy asarlari uchun koʻplab davlatlarning nufuzli unvon va mukofotlariga munosib koʻrildi. 1977-yil 8-martda koinotda kashf etilgan 7509-raqamli asteroid “Hamzatov” nomi bilan ataldi.

Kitobxonlar Rasul Hamzatovni muhabbat kuychisi sifatida ham hurmat qilishadi. Uning sevgiga bagʻishlangan oddiy va samimiy sheʼrlari oʻquvchilarning yuraklaridan joy oladi.

Agar sen boʻlmasang yorugʻ olamda,

Mening har bir kunim oʻtardi karaxt.

Sensiz meni hech kim yoqmasdi gʻamda,

Sensiz menga hech kim berolmasdi baxt.

Sensiz ishq oʻtida qanday yonardim,

Safardan sogʻinib kelardim kimni?

Agar sen boʻlmasang qanday yozardim,

Ishqqa bagʻishlangan ashʼorlarimni?

Sening koʻzlaringni koʻrmasa agar,

Bulbul sayramasdi, ochilmasdi gul.

Yulduzlar porlamas edi kechalar,

Kunduzlar quyosh ham chiqmasdi butkul.

Agarda olamda yashamasang sen,

Hozirgiday baxtli boʻlmas edim men.

Shoirning har bir sheʼri, asari haqida qancha yozgan bilan toʻliq taʼriflash mushkul. Muhtaram shoirimizning bu haqda shunday fikri bor: “Qanday qilib, gaplar bilan qoʻshiqni ulugʻlash mumkin? Qanday qilib, choynak joʻmragidan suv quyib togʻ jilgʻasining shiddatini oshirish mumkin? Qanday qilib, puflab shamolni kuchaytirish mumkin? Qanday qilib, bir boʻlak qor tashlab qorli togʻni ulugʻvor qilish mumkin?» Shu bois ojiz qalamimiz asarlari haqida qancha yozmasin, Rasul Hamzatov atalmish yuksak choʻqqini toʻliq taʼriflashga imkoni yetmaydi.

Hozirgi kitobxonlarimizning omadi shundaki, katta avlodga oʻxshab Rasul Hamzatovning asarlarini kitob doʻkonlaridan, kutubxonalardan izlab yurmaydi. Oʻzim esa Rasul ogʻaning dur-marvaridlarga toʻla xazinasidan bir qismini ona tilimizga oʻgirganimdan baxtiyorman. Ulugʻ shoirning oʻzbek tilida yuqorida tilga olingan “Yuksak yulduzlar” kitobidan tashqari “Bir xonadon farzandlari”, “Onalarni asrang”, “Umr karvoni”, “Men yuz qizga shaydoman”, “Ayollar koʻp, Ona yagona”, “Buyuk tuygʻu” kabi kitoblari nashr etilgan. “Mening Dogʻistonim” kitobi esa 2008-yildan buyon katta adadlarda yetti marta nashr qilindi. Uning asarlari koʻplab toʻplamlarimizga, darsliklarimizga kiritilgan, muntazam ravishda gazeta-jurnallarimizda berilmoqda, internet saytlariga qoʻyilgan, maktablarimizda ibratli hayotidan taʼlim berish boʻyicha darslar joriy etilgan. Sevimli sanʼatkorlarimiz Botir Zokirov “Qaydasan baxt?”, Mansur Toshmatov “Turnalar”, Sherali Joʻrayev “Ona” sheʼrini qoʻshiq qilib kuylashgan. Shu bois yurtimizda Rasul ogʻaning asarlari kirib bormagan biror oʻzbek xonadoni yoʻq, desak, xato emas.

Ardoqli shoirning 75 yillik tavallud toʻyi munosabati bilan Dogʻistonga borgan Abdulla Oripov uni Oʻzbekistonga taklif qildi. “Men oʻzbek doʻstlarimning xotirasida sogʻlom, tetik Rasul sifatida qolishni istayman”, dedi u bir oz mungli va lekin oʻktam ovozda. Umr omonat, Rasul Hamzatov 2003 yil 3-noyabr kuni vafot etdi.

Darhaqiqat, Rasul Hamzatov oʻzbek kitobxonlari xotirasida sogʻlom, tetik qiyofada qoldi va yurtimizda uning oʻktam ovozi hamon yangrayapti va bundan keyin ham yangrayveradi. U mashhur “Turnalar” sheʼrini shunday misralar bilan tugatgandi:

Qazo haqdir! Men ham yashab umrimni

Turnalar safida parvoz etaman.

Va yerda qolgan siz, azizlarimni,

Samodan nomma-nom yoʻqlab oʻtaman.

Haqiqatan ham, uning ruhi shom mahali oppoq turnalar safida osmonimiz uzra parvoz etayotganda yurtimizda oʻtkazgan shukuhli damlarini eslab, oʻzbekistonlik qadrdonlarini nomma-nom yoʻqlab oʻtyapti. Xalqimiz ham adabiyotimizning katta doʻsti boʻlgan Rasul Hamzatov tavalludiga 100 yil toʻlayotgan kunlarda uning kitoblarini yanada koʻproq oʻqib, sheʼrxonlik, xotira kechalari tashkil qilib, ruhini shod etmoqda. Zero, hozirgi kunda butun dunyo boʻylab “Bizning Rasul. Mening Dogʻistonim” shiori ostida oʻtkazilayotgan tadbirlardan koʻzlangan maqsad ham shu.

Asror MOʻMIN,

shoir va tarjimon,

Oʻzbekiston Respublikasida

xizmat koʻrsatgan jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер