Siyosiy fanlar doktori Baxtiyor Omonovning “Siyosiy madaniyat va mafkura” hamda “Yoshlar siyosiy madaniyati” nomli kitoblari nashr etildi
Fuqarolarning siyosiy ongi, madaniyati va faol fuqarolik pozitsiyasini yuksaltirish jamiyat taraqqiyotining muhim omilidir. Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida taʼkidlanganidek, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayoni faqat iqtisodiy islohotlar bilan cheklanmay, avvalo inson ongi va tafakkuridagi oʻzgarishlarga tayanadi. Bu esa har bir fuqaroning, ayniqsa, yosh avlodning siyosiy bilim va madaniyatini izchil rivojlantirishni taqozo etadi.
Shunday ekan, Toshkentdagi “Dilbarjin” nashriyotida Oʻzbekiston milliy universiteti professori, siyosiy fanlar doktori Baxtiyor Omonovning “Siyosiy madaniyat va mafkura” hamda “Yoshlar siyosiy madaniyati” nomli kitoblarining nashr etilishi ayni muddao boʻldi.
Muallifning “Siyosiy madaniyat va mafkura” nomli oʻquv qoʻllanmasi davlat taʼlim standartlari va fan dasturlari asosida tayyorlangan boʻlib, unda zamonaviy jamiyatni anglashda muhim ahamiyatga ega boʻlgan siyosiy madaniyat, siyosiy ong va mafkura tushunchalarining nazariy-metodologik asoslari keng yoritilgan. Asarda mazkur tushunchalarning shakllanish tarixi, rivojlanish bosqichlari hamda jamiyat hayotida tutgan oʻrni ilmiy tahlil etilgan.
Qoʻllanmada siyosiy madaniyatning tarkibiy elementlari — siyosiy mafkura, siyosiy tafakkur, siyosiy xulq-atvor, siyosiy kayfiyat va siyosiy qadriyatlarning mazmun-mohiyati ochib berilgan. Shu bilan birga, ularni shakllantiruvchi omillar, siyosiy ong va madaniyatning asosiy funksiyalari, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar bilan oʻzaro aloqalari izchil bayon qilingan.

Muallif mafkuraviy jarayonlarga alohida toʻxtalib, liberalizm, konservatizm, sotsial-demokratiya kabi siyosiy mafkura modellarini qiyosiy tahlil qiladi. Asarda siyosiy madaniyatning milliy oʻzlikni anglash, siyosiy yetakchilik va jamiyat barqarorligi bilan bogʻliq jihatlari ham ilmiy asosda yoritilgan.
Shu maʼnoda, ushbu oʻquv qoʻllanma fuqarolarni, xususan yoshlarni jamiyat, siyosat va iqtisod sohalarida kechayotgan jarayonlarni ongli anglashga, mamlakat islohotlarida faol ishtirok etishga undaydi. Bu esa Prezident Murojaatnomalarida belgilab berilgan faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish gʻoyalari bilan uygʻunlik kasb etadi.
Baxtiyor Omonovning “Yoshlar siyosiy madaniyati” nomli kitobi esa zamonaviy globallashuv sharoitida yosh avlodning siyosiy faolligi va masʼuliyatini oshirish masalalariga bagʻishlangan. Asarda yoshlar siyosiy madaniyatini takomillashtirish mexanizmlari, ularda ijtimoiy va innovatsion faollikni kuchaytirish omillari chuqur tahlil qilingan.
Muallif har ikki asarda ham milliy va xorijiy tajribalarni qiyosiy oʻrganish asosida ilmiy xulosalar chiqaradi, jamiyat taraqqiyotiga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni hal etishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalarni ilgari suradi.

Qayd etish joizki, mazkur kitoblarga Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti kafedra mudiri, siyosiy fanlar doktori, professor M.Qirgʻizboyev, Oʻzbekiston milliy universiteti kafedra mudiri, siyosiy fanlar doktori, professor I.Ergashev hamda Toshkent kimyo-texnologiya universiteti professori, falsafa fanlari doktori S.Otamuratov tomonidan ilmiy taqrizlar berilgan. Asarlar Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar institutining ilmiy-tadqiqot ishlari rejasiga muvofiq tayyorlangan va nashrga tavsiya etilgan.
Ushbu oʻquv qoʻllanma va risolalar talabalar, magistrlar, tayanch doktorantlar, izlanuvchilar, professor-oʻqituvchilar hamda keng jamoatchilik uchun moʻljallangan boʻlib, mamlakatimizda siyosiy ong va madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring