Sirdaryodagi maktabda “Aqlli maktab” elektron tizimi joriy qilindi

13:42 20 Oktyabr 2025 Jamiyat
377 0

Guliston shahridagi 2-umumtaʼlim maktabida Sirdaryo viloyati boʻyicha ilk bor “Aqlli maktab” elektron tizimi joriy etildi.

— “Smart School” elektron nazorat tizimi xotirasiga sinflar kesimida barcha oʻquvchilarimizning fotosuratlari, ism-familiyalari kiritilgan. Shuningdek, darslar jadvali va ularni oʻtadigan oʻqituvchilar haqidagi maʼlumotlar ham, — deydi mazkur maktab direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari Sarvinoz Saidova. — Maktabning kirish-chiqish hamda boshqa joylariga oʻrnatilgan kameralar oʻquvchilarning maktabga kelishi va undan ketishini kuzatib turadi, natijada davomat boʻyicha ham real vaqt, ham kunlik maʼlumotini tayyorlab beradi. Ushbu elektron tizimdan dars soatlari boʻyicha ham davomat maʼlumotini olish imkoniyati mavjud. Yaʼni tizim monitorida darsga kelmagan yo qaysidir soatlardagi darslarga qatnashmagan oʻquvchilarning suratlari, ism-familiyalari sinflar kesimida alohida koʻrinib turadi. Qolaversa, “Aqlli maktab” tufayli pedagoglarning darslarni jadval boʻyicha, oʻz vaqtida oʻtish holatini ham onlayn nazorat qilish mumkin boʻlayotir.

Taʼkidlash lozimki, Guliston shahridagi 2-umumtaʼlim maktabida yoʻlga qoʻyilgan “Aqlli maktab” elektron tizimi taqdimotida Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi hamda mazkur onlayn nazorat vositasi samaradorligini oshirish boʻyicha bir necha tavsiyalarini berdi. Xususan, oʻquvchining darsda qatnashmayotganligi yoki umumtaʼlim muassasasiga kelmaganligi boʻyicha uning ota-onasiga SMS xabar joʻnatish va bu bilan “maktab — ota-ona” hamkorligini yanada mustahkamlash lozimligi aytildi.

Ahmadali ShERNAZAROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер