Sirdaryoda oʻquvchilar davomati “Hokimlik soati”da muhokama qilindi
Oʻquvchilar davomati jarayonida yoʻl qoʻyilgan ayrim kamchiliklar Sirdaryo viloyati hokimi raisligida oʻtgan hokimlik soatida tanqidiy ruhda koʻrib chiqildi, deb maʼlum qildi Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati.
Mazkur masala yuzasidan viloyat hokimligi hamda viloyat prokuraturasi ishtirokida tuzilgan ishchi guruh tomonidan hududlarda toʻliq va atroflicha oʻrganish ishlari olib borildi. Oʻrganishlar davomida taʼlim muassasalari faoliyatida davomat yuritish jarayoniga oid bir qator tashkiliy kamchiliklar mavjud ekani aniqlandi.
Jumladan, oʻrganishlar natijasida viloyat boʻyicha turli sabablarga koʻra chet elga chiqqan 139 nafar maktab oʻquvchisi mavjud boʻlib, ayrim holatlarda ular taʼlim jarayonida ishtirok etmaganiga qaramasdan davomat yuritilgani maʼlum boʻldi.

Shuningdek, 2025-yil noyabr–dekabr oylarida voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlarida boʻlgan oʻquvchilarga nisbatan ham ular markazda boʻlgan vaqtlarda davomat yuritilgan holatlar qayd etildi. Ayrim tumanlarda esa dars mashgʻulotlariga umuman qatnashmagan oʻquvchilarga bir necha chorak davomida elektron tizim orqali qaydlar qoʻyib borilgan. Mazkur holatlar hokimlik soatida atroflicha tahlil qilinib, masʼuliyat masalasiga prinsipial yondashuv zarurligi qayd etildi.
Yigʻilishda bunday holatlarni kelgusida oldini olish maqsadida mahalla, maktab, oila hamda huquq-tartibot idoralari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi. Nazorat va axborot almashinuvi tizimini takomillashtirish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Taʼlim sohasida tartib-intizomni mustahkamlash, har bir bolaning taʼlim olish huquqini toʻliq taʼminlash va jamiyat ishonchini oshirish ustuvor vazifa ekani taʼkidlandi.
Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring