Sirdaryoda imtiyoz asosida talaba boʻlgan qiz ishonchni oqlayapti

10:40 09 Aprel 2021 Madaniyat
589 0

Guliston tumani markazidagi “Yurt bayrogʻi” maydonida Prezidentimizning besh tashabbusi ijrosi doirasida “Sanʼat olami” deb nomlangan konsert namoyish etildi.

Toʻgʻri, ushbu musiqiy kechaga yurtimizda kunda-kunora oʻtayotgan shu kabi dasturlar sirasidan, xabarlar xronikasida esa odatdagidek, oʻxshash axborotlardan biri deb baho berilsa ham boʻladi. Ammo unday emas.

Gap shundaki, “Sanʼat olami” har jihatdan — badiiy-musiqiy ishlanmasi pishiq-puxtaligi, ijro mahorati, repertuarining rang-barangligi, texnik taʼminoti, xususan yoritishdagi toʻkislik hamda sahna bezaklarining jozibadorligi bilan katta konsertlardagi singari tomoshabinlarning olqishiga sazovor boʻldi. Va chekka hududlarda ham musiqiy namoyishlarni poytaxtdagi singari mukammal tashkil qilish mumkinligini amalda koʻrsatdi.

Bunday eʼtirofli natijaga erishishda avvalo dastur badiiy rahbarining ijodiy yondashuvi eng muhim omil hisoblanadi. Tadbir rejissyori va badiiy rahbari Izzatoy Oʻrolova hali juda yosh boʻlsada,bu masʼuliyatli vazifani bekamu koʻst ado etgan desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Ustoz koʻrgan bu isteʼdodli madaniyat xodimi “Sirdaryo navolari” ansambli tarkibida Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreyada oʻzbek sanʼatini muvaffaqiyatli namoyish etishda ishtirok etgan. Tuman va viloyat miqyosida oʻtkazilgan koʻplab madaniy tadbirlarni tashkil qilishda bevosita qatnashib,ozmi, koʻpmi kasbiy koʻnikmasini shakllantirgan. Uning ayni salohiyati “Sanʼat olami” konsertida yana bir bor namoyon boʻldi.

Asosiy ijrolar Izzatoy Oʻrolova badiiy rahbarlik qilayotgan “Humo” va “Boychechak” bolalar raqs ansambllari tomonidan ado etilgan boʻlsa, mehmonlar — “Nihol” davlat mukofoti sovrindori Dilshod Karimov, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Madinabonu Mamirovaning chiqishlari konsert mavqening yana-da oshirdi.

Ayni paytda ushbu dastur Izzatoy Oʻrolovaning koʻplab madaniyat xodimlari singari unga ham koʻrsatilgan ishonchni jonkuyarlik, fidoyilik va sohaga boʻlgan yuksak masʼuliyati bilan oqlash uchun astoydil harakatda ekanligining amaldagi namunasi boʻldi. Yaʼni Prezidentimizning tuman va shaharlarda ayni yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan, iqtidorli xodimlarni imtiyozli ravishda talabalikka qabul qilish boʻyicha ilgari surgan tashabbusiga koʻra Izzatoy shu yil boshida Toshkent madaniyat va sanʼat institutining sirtqi boʻlimi talabasi boʻldi.

— Ikki yil oʻqishga kirolmadim, lekin oliy maʼlumotli madaniyat xodimi boʻlish maqsadim qatʼiy edi, — deydi Izzatoy Oʻrolova, — Shukrki, Prezidentimizning yuksak eʼtibori tufayli oʻzim istagan soha talabasi boʻldim. Endigi orzuim kelgusida xalqimizga bundan-da katta tantanali tadbirlarni tortiq etishda bevosita ishtirok etish. Bu niyatimga yetishimda institutda olayotgan saboqlarim bosh omil boʻladi, albatta.

Ahmadali SHERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?