Sirdaryoda deputatlar faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimi joriy etildi

Maʼlumki, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati yangi model – “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilinmoqda. Islohotlar tufayli davlat hokimiyatini xalqqa yanada yaqinlashtirish, xalq hokimiyatchiligi asoslarini kuchaytirish maqsadida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq hokimlar va mahalliy Kengashlarning vakolatlari bir-biridan ajratildi. Aholining joylardagi dolzarb muammolarini hal etish uchun chinakam “xalq ovozi” boʻlmish mahalliy Kengashlarga keng vakolatlar berildi, mahalliy Kengashlarga hokim emas, balki deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi belgilab qoʻyildi.
Tabiiyki, mahalliy Kengashlar hayotidagi ana shunday tub oʻzgarishlar asnosida “Ijro hokimiyatidan alohida boʻlgan- yangi sharoitda ishni nimadan boshlash kerak?”, degan savol paydo boʻlgan edi. Oʻtgan yil 19-noyabr kuni Prezidentimiz Oliy Majlis Senati birinchi yalpi majlisidagi maʼruzasida shu va boshqa barcha savollarga javob berib, mahalliy Kengash zimmasiga 5 ta vazifa qoʻygan edi. Norma ijodkorligiga, yaʼni, yangi qonunlar loyihalari muhokamasida xalqning ishtirokini taʼminlash, qabul qilingan qonunlar va qarorlar mohiyatini saylovchilarga jonli, ishonarli va tushunarli yetkaza olish, hududlarni rivojlantirish dasturlari ijrosida qatʼiy deputatlik nazoratini oʻrnatish, mahalliy byudjet ijrosi ustidan nazoratni taʼminlash, masʼul rahbarlar hisobotida samaradorlikka erishishdan iborat ushbu vazifalarni aʼlo darajada bajarishda albatta deputatlarning faolligi eng muhim omildir.
Ayni shu maqsadda xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi kotibiyati tomonidan yangicha ishlash uslublari ishlab chiqilmoqda. Xususan, oyning oxirgi 10 kunligi — “mahallabay ishlash” oʻn kunligi deb eʼlon qilinib, saylovchilar bilan uchrashuvlar va muloqotlar davomida aniqlangan muammolar darajasiga qarab “mahalla-tuman-viloyat-respublika” miqyosida koʻrib chiqilmoqda. Jumladan joriy yil 1-chorakdagi uchrashuvlarda saylovchilarimiz tomonidan 223 ta muammo koʻtarildi, ularning 55 tasi ichki yoʻl, 36 tasi suv, 50 tasi elektr energiya va tabiiy gaz, 18 tasi qurilishga, 43 tasi ijtimoiy sohaga oid, 21 tasi esa shaxsiy masalalarni tashkil etdi. Koʻtarilgan muammolarning 132 tasi mahallalarning oʻzida hal boʻldi, 65 tasi Kengash huzuridagi doimiy komissiyalar yigʻilishlarida oʻz yechimini topgan boʻlsa, 26 ta masala Kengashning navbatdagi sessiyalarida muhokama qilinishi belgilab olindi.
Yuqorida qayd etganimdek, biz mahalliy Kengashlarda amalga oshirilayotgan islohot davrida ishlayapmiz va ushbu jarayonda jahon tajribasini ham oʻrganishimiz shart. Shuni mamnuniyat bilan aytamanki, bu borada dastlabki xalqaro hamkorlikni boshlaganmiz. Oʻtgan yil 20-aprel kuni viloyatimizda oʻtgan Janubiy Koreya bilan biznes-forum doirasida Kvandju metropoliten shahri Kvansan-Gu tumani delegatsiyasi tarkibida viloyatimizga kelgan tuman Kengashi raisi janob Kim bilan xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi oʻrtasida doʻstona anglashuv shartnomasini imzoladik. Shartnomaga koʻra ikki mahalliy Kengashlar oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatib, iqtisodiyot, turizm, madaniyat, taʼlim kabi sohalarni rivojlantirish uchun oʻzaro faol almashuv ishlarini olib borishga kelishildi.
Bugun deputatlar faoliyatini yanada jonlantirish, xalqning chinakam ovoziga aylantirish masalasi davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifa hisoblanadi. Prezidentimizning 2024-yil 19-noyabrdagi Oliy Majlis Senatining parlament saylovidan keyingi birinchi majlisidagi nutqida: “Mahalliy Kengashlarga koʻp vakolatlar berib maqomini ancha oshirdik. Lekin, afsuski, Kengash deputatlari tajriba almashadigan, malaka va amaliy koʻnikmasini oshirib boradigan tizim yoʻlga qoʻyilmadi” degan fikrlari faoliyatimizga yanada yangicha yondashuvlar joriy etish, deputatlar faolligini oshirish boʻyicha samarali mexanizmlarni qoʻllashga undadi. Xususan, deputatlarni faolligini oshirish va ragʻbatlantirish maqsadida Sirdaryo viloyati Kengashida 2024-yil 24-dekabrdagi sessiya qarori bilan yangi loyiha — yaʼni deputatlar faoliyat samaradorligini baholashning reyting tizimi joriy qilindi. Chunki, kuchli Kengash boʻlishi uchun, avvalo, kuchli deputat boʻlishi lozim.
Mazkur baholash mezonlarini tuzishda “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5,6,7,8- moddalarida belgilab berilgan meʼyorlar asos qilib olindi, yaʼni deylik, doimiy komissiya majlislarida ishtirok etish 5 ball bilan baholanadigan boʻldi. Sessiyalarda ishtirok uchun ham shuncha ball beriladi. Sessiyada soʻzga chiqish, savol va taklif berish ham 5 ball qoʻyiladi. Shuningdek, norma ijodkorligi, saylovchilar bilan oy davomidagi uchrashuvlar, “deputat soʻrovi” yuborish va boshqa bir necha deputatlik vazifalari ijrosi uchun ham 5 balldan baho qoʻyib borilayotir. Eng katta — 10 ballik eʼtirof “Mahalla yettiligi” hamda saylovchilar bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarida koʻtarilgan muammolarni hal etilishidagi ishtiroki uchun berilayotir.
Mazkur reyting tizimini yuritish va nazorat qilish Kengash huzuridagi Reglament va deputatlik odob-axloqi masalalari boʻyicha doimiy komissiya zimmasiga yuklatilgan.
Ushbu tizim joriy qilingandan soʻng deputatlar faoliyati yanada kuchaydi, faolligi oshdi, muhimi samaradorlik darajasi koʻtarildi. Masalan, buni 30-Oqoltin saylov okrugidan Sirdaryo viloyati Kengashi deputati Norbobo Soatovning Oqoltin tumanining “Mustaqillik” mahallasidagi terini kayta ishlash sexidan chiquvchi badboʻy hiddan shikoyat qilgan fuqarolarning murojaatiga binoan 2 ta hovuz koʻmib tashlanib, zararsizlantirishdagi faol deputatlik ishtirokini misol keltirish mumkin. Yoki shu tumandagi “Yangi Toshkent” mahallasida joylashgan qabristonda yerosti suvlari koʻtarilganligi yuzasidan aholini qilgan murojaati boʻyicha “Deputat soʻrovi” yuborilgach, yopiq drenaj orqali suv koʻtarilishi bartaraf qilinganligi ham deputat Norbobo Soatov faoliyati reytingining oshishini taʼminladi .
Shuningdek 28-Nurafshon saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati Jahongir Qarshiboyev tomonidan Mirzaobod tumanidagi “Yoʻldoshobod” va “Yangi hayot” mahalla “yettiligi” bilan uchrashuvlar davomida hududidagi aholi tomorqa yerlarini sugʻorishni yaxshilash uchun lotok tarmogʻini rekonstruksiya qilish masalasi koʻtarilgandi. “Deputat soʻrovi” yuborilgach, muammo hal boʻldi va bu deputatning reyting koʻrsatkichida oʻz aksini topdi.
Xulosa oʻrnida aytish lozimki, deputat faoliyatini reyting asosida baholashning afzalliklari koʻp. Ulardan biri natijadorlikning yuqori boʻlishi boʻlsa, ikkinchisi deputatlar faoliyatiga beriladigan bahoning aniq mezonlarga asoslangani, yaʼni haqqoniyligidir. Ayni mana shu talab va jihatlar deputatlarimizni yanada faol boʻlishga hamda zimmalaridagi xalq ishonchini astoydil ado etishga undab turadi.
Abdushokir ABDURAHMONOV,
Sirdaryo viloyati Kengashi kotibiyati mudiri, viloyat Kengashi deputati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring