Sirdaryoda 17050 nafar bola 1-sinf oʻquvchisi sifatida ilk bor maktabga bordi

11:13 02 Sentyabr 2025 Jamiyat
68 0

Bugun Sirdaryo viloyatidagi 341 ta taʼlim muassasasida 163295 nafar oʻgʻil-qiz yangi oʻquv yilini boshladi. Aytish lozimki, ushbu umumtaʼlim muassasalarining 17 tasi nodavlat maktab hisoblanadi. Shuningdek, viloyatdagi Prezident maktabi, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi hamda 10 ta ixtisoslashtirilgan maktabda “Bilimlar kuni” tadbiri boʻlib oʻtdi.

Guliston shahridagi 2-umumtaʼlim maktabida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida oʻtgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi. Tadbirda birinchi sinf oʻquvchilariga “Prezident sovgʻalari” topshirildi.

Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, bugun boshlangan 2025–2026 oʻquv yilida 17050 nafar bola 1-sinf oʻquvchisi sifatida ilk bor maktabga qadam qoʻydi.

— Mana, 57-yildirki, mahallamizdagi 19-maktabda yangi oʻquv yili boshlanishiga bagʻishlab oʻtkaziladigan tadbirlarda uzluksiz ishtirok etib kelyapman, — deydi Mirzaobod tumanida yashovchi faxriy oʻqituvchi Zarifa Musulmonqulova. — Yaʼni shu maktabda oʻrta umumiy taʼlim oldim, soʻngra 45-yil davomida boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisi sifatida ishladim. Farzandlarim ham shu taʼlim maskanida oʻqidi. Endi unda nevaralarim taʼlim olayotir. Ularning chuqur bilim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ana shunday imkoniyatlar tufayli joriy yilgi bitiruvchilarning 60 foizi turli universitet va institutlarga qabul qilindi. Oʻzimning ikki nafar nevaram shu maktabni bitirib, nufuzli oliy oʻquv yurtlarining talabalari boʻldi.

Ahmadali ShERNAZAROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер