Orzularning oydin yoʻlidagi Urgut

13:34 28 Noyabr 2025 Jamiyat
194 0

Urgut azaldan koʻhna karvon yoʻlining dilbar maskani, mehnatkash odamlari, dehqonchiligi, savdosi va hunarmandchiligi bilan shuhrat topgan diyor. Ana shu tarixiy va mehnatsevar zaminga ilk bor yoʻlovchi poyezdi kirishi urgutliklar xotirasida uzoq yillar muhrlanib qoladigan voqeaga aylandi. Chunki aynan shu kuni tuman ahlining azaliy orzusi — togʻ bagʻriga poʻlat izlarda poyezd kirib kelish orzusi roʻyobga chiqdi.

Maʼlumki, hududda transport infratuzilmasini yaxshilash, yoʻlovchi va yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirish vaqt talabi edi. Shu maqsadda Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari Samarqand – Urgut yoʻnalishi boʻylab 55,4 kilometrlik yangi temir yoʻl tarmogʻini qisqa muddatda qurib bitkazdilar. Prezidentimizning Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida mazkur yoʻnalish rasmiy ochildi. Davlat rahbari viloyat faollari bilan birga Samarqanddan Urgutga ilk bor poyezdda borib, tuman tarixida yangi sahifa ochdi.

“Urgut” vokzali yangi yoʻnalishning asosiy bogʻlovchi nuqtalaridan biri sifatida ahamiyatli. Vokzal infratuzilmasi, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish tizimi va harakatni toʻgʻri tashkil etish zamonaviy talablarga mos ravishda yaratilgan. Turistlar va mahalliy aholi uchun qulayliklar eʼtibor markazida, yoʻlovchilar uchun barcha zarur sharoitlar mavjud. Samarqanddan Urgutga va Urgutdan Samarqandga yoʻlovchi poyezdlari kuniga ikki marta qatnaydi. Chiptalar vokzallarda ham, onlayn tarzda ham xarid qilinadi.

- Nihoyat, poyezd keldi! Bu yoʻl urgutliklar uchun uzoq kutilgan imkoniyatlarni ochadi, — deydi Nuroniy jamgʻarmasi Urgut tuman boʻlimi raisi Farmon Azizov. — Toʻgʻrisini aytish kerak, 55 kilometrdan ortiq temiryoʻl tarmogʻi, ikkita zamonaviy vokzal hamda boshqa koʻplab infratuzilma obyektlarini shuncha qisqa fursatda qurib bitkazilishiga ayrimlar ishonmagan edi. Lekin Prezidentimiz aytganlaridek, mana qilsa boʻlar ekan. Bu bilan tumanimizda yoʻlovchi va yuk tashishning yangi imkoniyati paydo boʻldi. Prezidentimiz tashrif davomida Urgutni yanada rivojlantirish boʻyicha koʻplab yangi tashabbuslarni aytdi. Biz nuroniylar ham bu ishlarni amalga oshirishga oʻz tajribamiz bilan hissa qoʻshamiz.

Urgut — Samarqand viloyatining eng yirik tumanlaridan biri. Bugungi kunda bu yerda taxminan 600 ming aholi istiqomat qiladi. Shu kunga qadar Urgutni Samarqand shahri bilan faqat avtomobil va avtobus yoʻnalishlari bogʻlab turgan. Yangi uchastka “Toshtemiryoʻlloyiha” MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan bosh reja asosida qurildi. Zamonaviy muhandislik yechimlari va standartlar hisobga olingan holda barpo etilgan ushbu temir yoʻl Jomboy tumanidagi “MAN” zavodi yaqinidan boshlanib, 4R-238 avtomobil yoʻlini kesib oʻtadi. “Zarafshon” daryosi boʻylab Urgut tumaniga bogʻlanadi. “Zarafshon” daryosi boʻyidan oʻtganda soʻnggi 9 oydagi temiryoʻlchilar va quruvchilar mehnatining samarasi seziladi. Ikki vokzal ham zamonaviy va qulay.

- Buyurtmachi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati boʻlib, loyihaga koʻra 55,4 kilometrlik “Samarqand — Urgut” uchastkasida 1 ming 955 kub metr tuproq koʻtarma ishlari bajarildi, — deydi Urgut vokzali boshligʻi Bekzod Mamarasulov. — Jami 101 dona metall suv oʻtkazish quvuri oʻrnatildi. 58,3 kilometrlik temir yoʻl izlari yotqizildi. “Jartepa” va “Urgut” vokzallari binolari ham toʻliq tayyor. “Zarafshon” daryosi boʻyidagi damba barpo etildi. “Jartepa” stansiyasida yuk tushirish, ortish shoxobcha temir yoʻliga 833 metr iz yotqizildi. Hozirda qurilish-montaj ishlari davom etmoqda. Yoʻnalish Samarqand, Jomboy, Pastdargʻom, Toyloq va Urgut aholisi uchun xavfsiz va zamonaviy transport xizmatini taqdim etadi, ichki turizm rivojiga ham katta turtki beradi.

- Prezidentimiz tashrifidan soʻng vokzal atrofida aholi farovonligi va hududning iqtisodiy jozibadorligini oshirishga qaratilgan qoʻshimcha loyihalar ustida ishlayapmiz, — deydi “Urgut” vokzalini barpo etgan tadbirkor Anvar Temurov. — Vokzalga yaqin hududlarda avtovokzal, milliy usuldagi choyxona, ekobozor, koʻp qavatli turar joy binolari, xususiy maktab va bolalar bogʻchalari qurish rejalashtirilmoqda.

Temir yoʻl infratuzilmasi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri boʻlib, ushbu loyiha “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Yangi yoʻnalish ishga tushishi natijasida 130 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Urgutda logistik toʻsiqlar bartaraf etilib, yuk tashish tezlashadi. Mahsulotlar bozorlarga arzon va vaqtida yetkaziladi. Investorlar uchun qulayliklar ortib, hududning raqobatbardoshligi oshadi.

- Aholini Samarqand bilan bogʻlash bilan birga, bu yerda ishlab chiqilayotgan mahsulotlarni ham yuk poyezdi orqali yetkazishga katta ehtiyoj sezilardi, — deydi mehnat faxriysi Hamroqul Rofiyev. — Urgut qoʻshni Tojikiston bilan chegaradosh, savdo-sotiq koʻlami yildan-yilga ortib bormoqda. Bir kunda “Jartepa” bojxona postidan 4 mingga yaqin aholi oʻtib qaytadi. Poyezdda Samarqandga kelish ancha qulay va xavfsiz. Bu yoʻnalish Panjakent va Dushanbega keluvchilar uchun ham qulaylik yaratadi.

Yoʻlovchi poyezdi qatnovi yoʻlga qoʻyilishi munosabati bilan tashkil etilgan press-tur davomida jurnalistlar va jamoatchilik yangi temiryoʻl tarmogʻi hamda Jartepa va Urgut vokzallaridagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?