Sil kasalligini erta aniqlash imkoniyati yaratildi

12:38 23 Yanvar 2024 Jamiyat
447 0

Samarqand viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazi 590 oʻringa moʻljallangan boʻlib, uning bakteriologik laboratoriyasiga yangi turdagi diagnostik laborator apparat — kvantiferon test analizatori olib kelindi. Bu apparat orqali qonda yashirin sil kasalligini erta aniqlash mumkin. Eʼtiborlisi, ushbu analizator respublikada birinchilardan boʻlib Samarqand viloyatida ishga tushirildi.

— Ushbu apparat Germaniya taraqqiyot banki tomonidan “Tuberkulyoz 5” loyihasi asosida 238,6 million soʻmlik grant mablagʻlari hisobidan olingan, — deydi markaz direktori Sherali Sherqulov. — Kvantiferon test analizatori latent tuberkulyoz infeksiyasini erta aniqlash maqsadida qon zardobidan immunoferment tahlili oʻtkaziladi. Kvantiferon test apparati venadan olingan 5 milligramm qonda latent tuberkulyozni, yaʼni yashirin silni aniqlashga moʻljallangan diagnostik apparatdir. Analizator tomonidan olingan tahlillar javobi uch kunda chiqadi. Apparat qon tarkibida gamma interferon fermentini aniqlaydi. Ushbu gamma interferon qonda normadan yuqori boʻlsa, organizmda yashirin sil borligi belgisi boʻladi.

Kvanteferon apparati orqali asosan tuberkulyoz bilan kasallanish xavf guruhidagi bemorlar, OIV bilan kasallangan bemorlar hamda tez-tez kasallanuvchi bolalar tekshiriladi. Shuningdek, ushbu apparat yordamida IFA analizatorlari tomonidan oʻtkaziladigan barcha turdagi tahlillarni ham oʻtkazish mumkin.

Shu oʻrinda aytish kerakki, markazda olti yildan buyon mintaqalararo zamonaviy bakteriologik laboratoriya faoliyat koʻrsatmoqda. Markazga sil kasalligini erta tashxislash va davolash uchun 10 ta “XDR Gen Expert” zamonaviy apparati ham olib kelingan. Mazkur apparat molekulyar genetik tekshiruv usuli bilan avtomatik ravishda DNKni ajratib, sil tayoqchasi bor-yoʻqligini 70 minut davomida aniqlab beradi. Bunday apparatlar viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazida ikkita, Samarqand va Kattaqoʻrgʻon shaharlari hamda Toyloq, Urgut, Bulungʻur, Ishtixon, Paxtachi, Oqdaryo tumanlariga bittadan berilgan.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?