Si Szinpinning oʻzbek tilida chop etilgan “Qashshoqlikdan xalos boʻlish” kitobi taqdimotiga bagʻishlangan xalqaro tadbir

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Joriy yilning 17-noyabr kuni Toshkent shahrida Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) raisi Si Szinpinning oʻzbek tilida chop etilgan “Qashshoqlikdan xalos boʻlish” kitobi taqdimotiga bagʻishlangan xalqaro tadbir oʻtkazildi. Mazkur tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda XXRning Oʻzbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda XXR Davlat kengashi matbuot xizmati, Xitoy xorijiy tillardagi adabiyotlarni nashr etish va tarqatish Boshqarmasi, Xitoy Xorijiy tillardagi adabiyotlar nashriyoti, Futszyan provinsiyasining Xalq nashriyoti, “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, shuningdek, qator vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Taqdimotda XXR rahbarining “Qashshoqlikdan xalos boʻlish” kitobining mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka yetkazildi. Shuningdek, “Oʻzbekiston va Xitoy davlat boshqaruvi” va “qambagʻallikni qisqartirish” mavzularida oʻzaro fikr almashinilib, ishtirokchilarga kitob haqidagi taassurotlar ulashildi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, Xitoy davlati 40 yil avval boshlangan ochiqlik va islohotlar siyosati hamda inson resurslaridan samarali foydalanish natijasida bugungi kunda global darajada eng yirik ishlab chiqaruvchi va eksportchi mamlakatga, yuqori texnologiyalarga asoslangan “dunyo fabrikasi”ga aylandi.
Maʼlumki, XXR raisi Si Szinpin 2021-yil 24-fevral kuni boʻlib oʻtgan mamlakatning qashshoqlikni bartaraf etishdagi yutuqlariga bagʻishlangan yigʻilishda mamlakatda mutlaq qashshoqlik ustidan toʻliq gʻalabaga erishilganini maʼlum qilgan.
Mazkur kitobda Xitoyning qashshoqlikka qarshi kurashdagi erishgan natijasi zamirida, muhtojlarga shunchaki pul tarqatish emas, balki muammoga tizimli yondashuv bilan erishilgani, Xitoyda qashshoqlikdan xalos boʻlish tarixi, aholi turmush darajasini oshirish boʻyicha hukumat amalga oshirgan turli dastur va chora-tadbirlar hamda qashshoqlikdan muvaffaqiyatli xalos boʻlishga yordam beruvchi omillar haqida soʻz boradi.
Kitobda yoritilgan asosiy mavzulardan biri bu qashshoqlik muammosini hal qilishda davlatning roli muximligi. Muallif qishloq joylarda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va infratuzilmani rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratishga qaratilgan faol hukumat siyosati muhimligini taʼkidlaydi hamda turli dastur va loyihalar orqali millionlab insonlar uchun qashshoqlikni kamaytirish va turmush darajasini yaxshilash mumkinligiga ishora qiladi.
Shuningdek, muallif kitobda Xitoyning qishloq hududlarini rivojlantirish istiqbollari va ularning barqaror iqtisodiy oʻsishini taʼminlashdagi roli haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashadi.
Umuman olganda, XXR Raisi Si Szinpin janoblarining “Qashshoqlikdan xalos boʻlish” kitobi Xitoydagi qashshoqlik muammosi va uni bartaraf etish mexanizmlarini yaxshiroq tushunish imkonini beruvchi qimmatli tadqiqot materialidir.
Kitob ijtimoiy siyosat sohasidagi mutaxassislar uchun ham, jamiyat taraqqiyotining zamonaviy muammolari va istiqbollari bilan qiziqqan keng kitobxonlar uchun ham foydali boʻladi.
Tadbirda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha muvaffaqiyatli Xitoy tajribasini aks ettirgan mazkur kitob mamlakatimizda ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni atroflicha tahlil qilish hamda “Oʻzbekiston 2030” strategiyasi doirasida belgilangan “2026-yilga qadar kambagʻallikni 2022-yilga nisbatan 2 barobarga, 2030-yilga qadar esa keskin qisqartirish” maqsadini amalga oshirishga hissa qoʻshishiga ishonch bildirildi.
Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring