Shvetsiya NATOga aʼzo boʻlishga tayyor emas — Turkiya TIV

00:19 11 Aprel 2023 Dunyo
952 0

Illyustrativ foto

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavushoʻgʻli Shvetsiya NATOga aʼzo boʻlishga tayyor emasligini aytdi.

Uning taʼkidlashicha, Amerikaning “F-16” qiruvchi samolyotlarini Anqaraga sotish sharti sifatida Shvetsiyaning alyansga aʼzoligini ilgari surishni qabul qilib boʻlmaydi. Turkiya ularni 2021-yil oktyabr oyida qaytarib sotib olish istagini bildirgan.

“Ular «F-16”ni bizga sotish sharti sifatida Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga aʼzoligini ilgari surishga harakat qilmoqda. Bu qabul qilinishi mumkin emas, biz buni qabul qilmaymiz. Biz Finlyandiyani maʼqulladik, ammo Shvetsiyani hozircha chiqarib tashladik. U hali NATOga kirishdan yiroq, tayyor emas, unga vaqt kerak», dedi Mevlut Chavushoʻgʻli “A Haber” telekanalida.

Shuningdek, u NATO bosh kotibi Yens Stoltenbergning Shvetsiya ham Finlyandiya singari alyansga kirish uchun barcha shartlarni bajarganligi haqidagi soʻzlariga izoh berdi.

“Bosh kotib va Shvetsiya rasmiylarining barcha shartlar bajarilgani haqidagi bayonotlariga qaramay, biz hali ham uzoq nuqtadamiz”, dedi Turkiya TIV rahbari.

Finlyandiya va Shvetsiya 2022-yil may oyida NATOga kirish uchun ariza topshirgan. Finlyandiya ittifoqning barcha davlatlaridan rozilik oldi. Uning NATOga kirish marosimi 4-aprel kuni boʻlib oʻtdi. Biroq, Shvetsiyaning aʼzolik masalasini Vengriya va Turkiya ratifikatsiya qilmagan.

Anqara kurd faollarini ekstraditsiya qilish va terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirish uchun qonun qabul qilish kabi qator shartlar bajarilishini talab qilmoqda.

Shu yilning 21-yanvar kuni Daniyaning Islom diniga qarshi “Stram Kurs” partiyasi rahbari Rasmus Paludan Turkiyaning Stokgolmdagi elchixonasi oldida Qurʼonni yoqib yubordi. Aksiya shahar maʼmuriyati bilan kelishilgan va Paludan bunday chiqish uchun toʻlovni amalga oshirgan.

Shundan soʻng, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan Shvetsiya NATOga aʼzolik masalasida Turkiya yordamiga umid qila olmasligini aytdi.

“Shvetsiyadagi, hattoki diplomatik vakolatxonamiz yaqinidagi bu nopok harakatlar musulmonlar, umuman, barcha insonlar, barcha huquq va erkinliklarni haqorat qilish hisoblanadi”, dedi Turkiya prezidenti.

Uning soʻzlariga koʻra, Shvetsiya Shimoliy Atlantika alyansiga kirishda “endi yordam kutmasligi kerak”, chunki mamlakat “terrorchilarni qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda”.

Shu yilning 1-aprel kuni Rejep Tayyip Erdogʻan Finlyandiya arizasini ratifikatsiya qilishni maʼqulladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?