“Shunqorlar – 2025”: Bu safar gʻoliblik kimga nasib etdi?

Foto: “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati
“Yoshlar oyligi” doirasida joriy yilning 26-28-iyun kunlari Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining Respublika bosqichi oʻtkazildi.
Mazkur oʻyinlarni oʻtkazishdan asosiy maqsad yoshlarni Vatanga sadoqat va yuksak harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, chaqiriqqa qadar yoshlarni Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishga qiziqishini oshirib borish hamda ularni ruhan va jismonan chiniqtirishdan iboratdir.
Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati xabariga koʻra, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida oʻtkazilgan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining final bosqichida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlaridan 14 ta jamoa uchta blokdan iborat sinovlardan oʻtkazilgan.
Xususan, “Harbiy-vatanparvarlik bloki”da jamoa aʼzolarining Oʻzbekiston tarixiga doir bilimlari tekshirildi. Shuningdek, “Saf qoʻshigʻi” va “Biz – bir jamoamiz!” koʻrik-tanlovlari oʻtkazildi. “Harbiy-amaliy koʻpkurash bloki”da jamoalar pnevmatik quroldan oʻq otish, oʻquv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta boʻyicha bellashdilar. Harbiylashtirilgan estafeta doirasida yoshlar “AK-74” avtomatini qismlarga ajratish va toʻliq yigʻish hamda gazga qarshi niqobni kiyib, belgilangan masofaga yugurish shartlarini bajardilar. “Sport bloki”da duatlon, 100 metr masofaga yugurish va turnikda tortilish boʻyicha oʻzaro musobaqalashdilar.
Doʻstona ruhda, shu bilan birga shiddatli va murosasiz kechgan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining respublika bosqichida Andijon viloyati jamoasi gʻolib chiqib, “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining kubogini qoʻlga kiritdi. Bellashuvlar yakunida Toshkent viloyati jamoasi ikkinchi, Samarqand viloyati vakillari uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Eslatib oʻtamiz, soʻnggi uch yildan buyon Xorazm viloyati jamoasi ushbu musobaqada ketma-ket gʻoliblikka erishib kelayotgandi.
Yakunda gʻoliblik va faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan jamoalar aʼzolari “Vatanparvar” tashkiloti, Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar ittifoqi tomonidan diplomlar va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, uch kun davomida sport musobaqalarida belgilangan natijalarni qoʻlga kiritib, Yagona sport tasnifining meʼyoriy talablarini bajargan 6 nafar yigit va qizlar uchinchi sport razryadlari ega boʻldilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring