Shukr va noshukrlik orasi

22:29 23 May 2024 Siyosat
1255 0

Arxiv surat

Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning «Xalq soʻzi» gazetasida eʼlon qilingan «Shavkat Mirziyoyev: Men umrimni shu xalqqa tikkanman!» nomli maqolasini oʻqib, koʻnglimdan oʻtgan oʻylar…

Men hayotning pastu balandini, ogʻir-yengilini, sinov-imtihonlarini koʻrgan odamman.

Davrlarni, yillarni, tuzumlarni, rahbarlarni faoliyatini solishtirishga, fikr bildirishga ozmi-koʻpmi maʼnaviy haqqim bor, deb oʻylayman.

Bugun bizga eng yetishmayotgan tuygʻu bu — mening nazarimda shukronalikdir.

Yangilanayotgan Oʻzbekiston, tiklangan qadrimiz, qaddimiz, davlat va xalq birligi, inson huquqlarining taʼminlanishi, soʻz erkinligi, eʼtiqod erkinligi, ozod inson tuygʻusini tuyganimiz, tinch va osoyishta hayotimiz, bartaraf etilayotgan muammolar, farovon hayotimiz uchun shukr qilishimiz kerak.

Men hayotimni shartli ravishda uch davrga boʻlaman. Bu shoʻrolar davri, mustaqilligimizning dastlabki chorak asrlik davri va 2016-yildan keyingi davr.

Sovet davri tushunarli. Erkimiz oʻz qoʻlimizda emasdi. Mustabid tuzumning barcha talablariga soʻzsiz boʻysunishga majbur edik. Hamma ish markazdan boshqarilar, itoat etmaganlar ayovsiz qatagʻon qilinardi. Bu qismatga koʻnishdan boshqa chora yoʻq edi.

Lekin 1991-yil Oʻzbekiston mustaqil boʻlgandan keyin xalqimizda juda katta umid paydo boʻldi. Bir ikki yilda barcha qiyinchiliklar ortda qolishiga chin dilimizdan ishondik.

Men yarim asrdan koʻproq vaqt davomida oliy taʼlim sohasida ishlab kelayotgan domla sifatida shuni afsus bilan aytmoqchimanki, mustaqillik ham talabani, professor-oʻqituvchini, shifokorni, muallimni, murgʻak maktab oʻquvchisini boʻynidagi boʻyinturuq paxta qulligidan ozod qilolmadi.

Bolalar va ayollarni majburiy mehnatdan qutqazolmadi. Azob-uqubat jon-jonimizdan oʻtib ketsa-da sukut saqlardik. Xorlikka, kamsitilishga qarshilik qilolmas edik.

Paxta hukmronligi xuddi sobiq ittifoq davridagidek davom etardi…

Shu oʻrinda bir misolga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 17-maktabning 9-sinf oʻquvchisi Sherzod Ashirboyev kuni kecha Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro matematika olimpiadasida 2-oʻrinni olib, kumush medalni qoʻlga kiritdi. Mazkur maktab va SamDU oʻrtasida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Maktab direktori Haqiqat Hamroyevani oʻquvchisining yutugʻi bilan tabriklashganida u quyidagilarni aytdi:

«Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning jasorati bilan bugun muallimning qadri yuksaldi. Maoshi bir-necha barobar oshdi. Maoshi kamligidan oʻqituvchilikni tashlab ketgan erkak muallimlar ham bugun maktabga qaytdi. Majburiy mehnatdan butunlay qutuldik. Eslagim kelmasa-da saboq maʼnosida aytmoqchiman. Oʻzbekistonda 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bayrami hisoblanadi. Biz muallimlar bu bayramni to 2016-yilgacha paxta dalasida kutib olardik. Belgilangan rejani bajarmasak oʻsha kuni ham haqorat eshitardik. Hech yodimdan chiqmaydi. Oʻshanda hech kim bir-birini bayram bilan qutlamasdi. Sovuqda dildirab paxta terar edik. Muallimning qilmagan ishi, kirmagan koʻchasi qolmagandi. Bugunchi? Maktabdan, oʻqish oʻqitishdan boshqa ishimiz yoʻq. Shuning uchun ham oddiy qishloq bolasi xalqaro olimpiada gʻolibi boʻldi…»

Ha muallim haq.

Faqat 2016-yilga kelib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi bilan mana shu boʻyinturuq butunlay tarix qaʼriga uloqtirildi.

Men sanab oʻtgan soha xodimlari uchun haqiqiy mustaqillik mana shundan keyin boshlandi, deyishga bugun toʻla asoslarim bor.

Garchi odamlardan yashirilsa-da paxta yigʻim-terimi davrida talabalar turli kasalliklarga duchor boʻlar, domlalarimiz bor azobni koʻrardi. Eng dahshatlisi, bolalarimizning umri paxta dalalarida oʻtardi. Shuning uchun ham savodsizlik avj olgandi. Bugun ham oʻsha xatolarning jabrini tortayotganimiz bor gap.

AQSHning 16-prezidenti Avraam Linkoln 1862-yilda «Ozodlik toʻgʻrisidagi praklamatsiya»ni imzolaydi. Ushbu hujjatga muvofiq qullarni 1863-yilning 1-yanvaridan boshlab ozod qilish, avf etish belgilab qoʻyilgan edi. Linkoln praklamatsiyaga qoʻl qoʻya turib, bunday degan edi:

«Vaqti kelib mening nomim tarixga yoziladigan boʻlsa, faqat shu ishim uchun yoziladi. Chunki men butun qalbimni qullarni ozod qilishga bagʻishlaganman»…

Aslida tarixiy xizmat degan tushuncha oddiy tushuncha emas. U har kimga nisbatan ham aytilavermaydi.

Men Prezident Shavkat Mirziyoyevda xalqni yaxshi koʻrish, tushunish, anglash tuygʻulari mustahkamligiga juda koʻp bora guvoh boʻlganman. Bugun boʻlayotgan barcha ezgu ishlarda aynan mana shu tuygʻu bor boʻyicha namoyon boʻlmoqda.

Xalqini yaxshi koʻrmagan inson, xalqidan kuch-quvvat olmagan inson bunday buyuk ishlarga qodir boʻlmaydi.

Bir oʻylab koʻring. Qachon tibbiyot bugungiday xalqqa yaqinlashtirilgan? Qachon taʼlim bugungiday insonparvarlikka, gumanizmga yoʻgʻrilgan? Qachon rahbarlar qishloqma-qishloq, uyma-uy yurgan? Qachon oliy taʼlim bugungiday shaffof, qamrovi keng boʻlgan?

Hech qachon.

Siyosatshunos Qudratilla Rafiqov oʻz maqolasida professor-oʻqituvchilarning oylik maoshiga ham toʻxtalib oʻtgan.

Mustaqilligimizning 25-yili davomida eng xor boʻlgan toifa bu domlalar boʻldi. Ular har tomonlama siquvga olindi. Maosh kamligi bir balo boʻlsa, har yili keladigan shtat qisqarishlari ming balo boʻldi. Ilm ahli ayovsiz koʻchaga uloqtirildi. Pensiyaga chiqishga majburlandi.

Olimlar nafaqat moddiy balki, maʼnaviy jihatdan ham tahqirlandi. Ilmiy izlanishlar toʻxtadi. Ilm ahlining chetga chiqib ketishi ortdi. Kun koʻrish uchun turli yumushlarni qilishga majburlandi… Qaysi birini aytay.

Samarqand davlat universiteti misolida qaraydigan boʻlsak, 2016-yilgacha professor zoʻr-baʼzoʻr 2000000 (ikki million) soʻm maosh olar edi.

Bugunchi?

Samarqand davlat universitetida shunday professorlarimiz borki, ustama va grantlardagi ishtiroki uchun 25 000 000 (yigirma besh million) soʻmgacha maosh olmoqda.

Bundan tashqari chet ellarga doktorantura, stajirovka, xizmat safarlariga borish, xalqaro anjumanlarda ishtirok etish, xalqaro grantlarda qatnashish bir-necha oʻn barobarga ortganini alohida taʼkidlashni istayman.

Yoʻq edi. Bor boʻldi. Shukr qilishimiz kerak emasmi?

Maqola muallifi toʻgʻri eʼtiroz bildirganidek ayniqsa, ziyolilar bu borada barchaga oʻrnak boʻlishi kerak.

Bugungi kunlarning qadriga yetish, noshukur boʻlmaslik, insof va diyonatni oʻrtaga qoʻyib gapirish kerak.

Nimani qilsang xor, oʻshanga boʻlasan zor…

Alloh asrasin. Men ogʻir kunlar qaytishini istamayman. Roʻshnolik koʻrayotgan xalqimiz bugungi kunlarni qadriga yetishiga, Prezidentimiz mehnatlarni eʼzozlashiga ishonaman.

Ha shukr bilan noshukrlikning orasi juda yaqin…
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер