“Shu kunlarga yetkazganiga shukur”

12:57 26 Fevral 2025 Jamiyat
133 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Bir asrlik umr dovonida turib hayotining quvonchli va qaygʻuli yillarini sarhisob qilayotgan urush faxriysi Usmonjon ota Rahimov boshidan ne kunlarni oʻtkazmadi. Hayot qiyinchiliklari qalbini jarohatlasa-da, otaxon barchasiga vazminlik bilan sabr qilib yashadi. Bugun oilasi, el-u yurt ardogʻida baxtli umr kechirayotganidan behad mamnun.

Qoʻqon shahrining “Tolzor” MFYda joylashgan Toʻqqizbuloq koʻchasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Usmonjon ota shu kunlarda qutlugʻ 100 yoshini qarshi olmoqda. Bu fayzli xonadonga keluvchi mehmonlarning qadami uzilmaydi. Otaxonning xotiralari juda maroqli.

— Bolaligimiz oʻtgan asrning eng qahatchilik va ocharchilik yillariga toʻgʻri keldi, — deydi qahramonimiz. — Ustimiz yupun, qornimiz nonga toʻymasdi. Ikkinchi jahon urushi endi oyoqqa turib, yelkasiga oftob tegayotgan xalqimiz hayotini yanada ogʻirlashtirdi.

Orzulari bir olam boʻlgan boʻz yigit 18 yoshga toʻlib-toʻlmay — 1943-yilning yanvaridan jang maydonida urush dahshatlarini his etdi. Berlingacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtib, gʻalaba sururidan bahramand boʻldi. Dastlab yapon urushida, keyingi qurilish-bunyodkorlik ishlarida qatnashib, 1948-yili koʻksi toʻla orden-medallar bilan yurtga qaytdi. 45 yil temir yoʻl sohasida mehnat qildi. Soha fidoyisi sifatida yuksak hurmat-eʼtiborga erishdi.

Oʻtgan yillar mobaynida hayot undan neʼmatlarini ham, kulfatlarini ham ayamadi. Xadichaxon aya bilan oila qurib, toʻrt oʻgʻil, uch qizli boʻlishdi. Toʻngʻich qizlari Hamidaxon 6 yoshida vafot etgan boʻlsa, 2013-yili birdaniga ikki oʻgʻli – Rahmonjon va Ibrohimjondan ayrildi. Suyukli turmush oʻrtogʻining ham bundan 17 yil oldin hayot guli soʻldi...

Hozirda qizlari Maqsuda, Mastura va Muhabbat, oʻgʻli Bahodir, 100 nafarga yaqin nabira-chevaralari otaxonni yolgʻizlatib qoʻymaydi. Oʻz navbatida davlatimiz, shaxsan Prezidentimizning mehri, gʻamxoʻrligi urush faxriysi umriga umr qoʻshmoqda.

— Yaqinlarimni yoʻqotish hayotning kutilmagan sinovi boʻldi. Lekin oilang, xalqing ardogʻida boʻlish, yurtga kerakligingni his etish yashashga undaydi, — deydi otaxon. — Xonadonimizga faqat bayramda emas, har kuni yoʻqlab kelishadi. Menga bundan ortiq xursandchilik bormi?

Mustaqillik yillarida davlatimizning koʻplab mukofotlariga sazovor boʻldim. Ayniqsa, soʻnggi yillarda urush faxriylariga yuksak eʼtibor koʻrsatilmoqda. Kuni kecha farzand va nabiralarim Prezidentimizning Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini munosib taqdirlash boʻyicha chiqargan Farmon va qarorlarini oʻqib berishdi. Behad sevinib, duoga qoʻl ochdim. Shu kunlarga yetkazganiga shukur!

Suhbat davomida qahramonimiz bugungi dorulamon kunlarga yetishning oʻzi boʻlmaganligini, tinchlikni, vatanni qadriga yetish kerakligini koʻp taʼkidladi. Qariyb 100 yoshga kirgan ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, nuroniy otaxonga kuch-quvvat tilaymiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер