“SHHT Samarqand sammiti: parlament oldidagi vazifalar”
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi hamda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamkorligida oʻtkazilgan davra suhbati shu mavzuga bagʻishlandi.
Taʼkidlanganidek, joriy yilning 15-16-sentyabr kunlari oʻtkazilgan SHHTning Samarqand sammiti xalqaro miqyosda ulkan voqea boʻldi va tashkilot tarixida yangi davrni boshlab berdi. Samarqand sammiti ikki yildan ortiq pandemiyadan keyin SHHT mamlakatlari va xalqlari uchun bevosita muloqot maydoni boʻldi. Sammitda davlatimiz rahbari tomonidan global miqyosdagi koʻplab muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Nufuzli xalqaro tadbir doirasida avvalgi sammitlarga nisbatan rekord darajada, yaʼni 44 ta tarixiy hujjat qabul qilindi. Shu jumladan, sammit yakunlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi imzolandi. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, shuningdek Oliy Majlis palatalariga oid konstitutsiyaviy qonunlarga muvofiq, Qonunchilik palatasi va Senatning birgalikdagi vakolatlariga qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshirish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash, davlat strategik dasturlarini qabul qilish, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish ham kiradi.
Shu munosabat bilan, SHHT Samarqand sammitida qabul qilingan hujjatlar ijrosi milliy parlamentimiz, xususan deputatlar va senatorlar zimmasiga bir qator muhim vazifalarni yuklaydi.
Xususan, SHHT Samarqand deklaratsiyasida SHHTga aʼzo davlatlar vakillik organlari (yaʼni parlamentlari) yoʻnalishida aloqalarni yoʻlga qoʻyish, davlat boshqaruvi va rivojlanishi sohasida tajriba almashishni qoʻllab-quvvatlash belgilanganligidan kelib chiqib, SHHTga aʼzo davlatlarning parlamentlararo aloqalarini yoʻlga qoʻyish mexanizmini ishlab chiqish, qolaversa Oliy Majlis palatalaridagi SHHTga aʼzo davlatlar parlamentlari bilan hamkorlik boʻyicha guruhlari faoliyatini yanada faollashtirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Taʼkidlanganidek, SHHT sammitida qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasi va boshqa hujjatlarni atroflicha oʻrganib, tahlil qilish asosida amaldagi qonunlarga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlash muhim vazifalardan biridir.
Shuningdek, SHHTga aʼzo davlatlar parlamentlari oʻrtasida norma ijodkorligi, huquqiy yordam, aholining huquqiy savodxonligini oshirish sohasida hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik normalarini hisobga olgan holda huquqiy axborot almashish uchun onlayn-platforma yaratish boʻyicha saʼy-harakatlarni kuchaytirish singari istiqbolli chora-tadbirlar ham alohida ahamiyatga ega.
Sammitda imzolangan hujjatlar, davlat rahbarlarining oʻzaro uchrashuvlari va muzokaralari davomida erishilgan kelishuvlarni roʻyobga chiqarish jarayonida SHHTga aʼzo davlatlarda faoliyat yuritayotgan “aqliy markaz”lar ham faol tarzda, oʻzaro hamkorlikda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishlari taqazo etiladi.
Davra suhbatida qayd etilganidek, bugungi kunda Oʻzbekistonda 20 ga yaqin turli soha va yoʻnalishlarda “aqliy markaz”lar faoliyat olib bormoqda. Ular orasida Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti ham qonun ijodkorligi va parlamentarizm sohalarida oʻrta va uzoq istiqbolga moʻljallangan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirib kelmoqda.
Muhokamalarda milliy parlament va uning huzuridagi Institut oldida turgan vazifalar hamda ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilab olindi. Bu boradagi amaliy chora-tadbirlar va ular bilan bogʻliq boshqa masalalar atroflicha koʻrib chiqildi.
Tadbirda Institut tomonidan tayyorlangan “Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar parlamentlari” nomli toʻplam taqdimoti ham oʻtkazildi.
Taʼkidlanganidek, hozirgi kunda yer yuzining ulkan geografik hududini hamda sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan SHHT faoliyatiga qiziqish tobora ortib bormoqda. Nafaqat SHHT tarkibiy tuzilmasi, uning faoliyati mazmuni va asosiy yoʻnalishlari, balki tashkilot tarkibidagi sakkiz mamlakat – Oʻzbekiston, Hindiston, Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Pokiston davlatlarining siyosiy va huquqiy tizimlari xalqaro, xorijiy va milliy siyosatshunoslar, huquqshunoslar, qolaversa soha olimlari va ilmiy tadqiqotchilar eʼtiborini tortib kelmoqda.
Shu bois, toʻplamda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning universal instituti sifatida namoyon boʻlayotgan, turli madaniyat va sivilizatsiya shakllari, tashqi siyosiy yoʻnalishlari va milliy rivojlanish modellari bilan birlashtirishga muvaffaq boʻlgan xalqaro mintaqaviy tashkilot – SHHTga aʼzo mamlakatlarning parlament tizimi xususidagi batafsil maʼlumotlar oʻz ifodasini topgan.
Toʻplamda asosiy eʼtibor oliy vakillik organlarining huquqiy maqomi, ularning tuzilishi va vakolat muddati masalalariga qaratilgan boʻlib, deputatlar korpusini shakllantirish tartibi va deputatlar daxlsizligi, shuningdek, qoʻmitalar va boshqa parlament organlarining ishlash tartibi bayon qilingan.
Davra suhbati yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan takliflar va tavsiyalar ishlab chiqildi.
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring