Shavkat Mirziyoyevning Olimpiada ishtirokchilari, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvi boshlandi

12:01 28 Avgust 2024 Siyosat
253 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 28-avgust kuni Koʻksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Parij Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari oʻgʻil-qizlarni 33-yozgi Olimpiya oʻyinlarida munosib ishtirok etib, erishgan ulkan tarixiy gʻalabasi bilan yana bir bor chin qalbdan samimiy muborakbod etdi.

«Dunyoning 200 dan ziyod davlatidan 11 ming nafarga yaqin eng mashhur sportchilar qatnashgan ushbu nufuzli sport anjumani biz uchun tom maʼnoda rekordlar, mislsiz yutuqlarga boy boʻldi.

Avvalo, mazkur Olimpiadada Oʻzbekiston birinchi marta eng koʻp tarkib bilan, yaʼni, 19 ta sport turi boʻyicha 90 nafar sportchi bilan ishtirok etganini taʼkidlash lozim.

Ayniqsa, ayollar kurashi, kamondan oʻq otish, suvga sakrash, futbol kabi sport turlari boʻyicha sportchilarimiz ilk bor Olimpiya oʻyinlarida qatnashganini alohida eʼtirof etish kerak», dedi Prezident.

Olimpiya medallari, mamlakatning sport olamida erishayotgan yutuqlari davlatning umumiy rivojlanish va insoniy taraqqiyot darajasini bildirishi taʼkidlandi.

«Chindan ham, sizlar gʻoyat keskin bellashuvlarda yuksak jasorat va matonat koʻrsatib, 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalni qoʻlga kiritganingiz mamlakatimizning taraqqiyot borasidagi yuksak salohiyatini ifoda etadigan yorqin natijadir.

Bu tarixiy gʻalaba Yangi Oʻzbekiston yoshlari qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir marta amalda namoyish etdi», dedi davlat rahbari.

Mamlakatimiz ishtirokchi davlatlar orasida umumjamoa hisobida 13-oʻrinni, Osiyo qitʼasida 4-oʻrinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi boʻyicha 1-oʻrinni egalladi.

Bu natijalar Oʻzbekiston tarixida ilgari hech qachon boʻlmagan yutuq ekani qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?