Shavkat Mirziyoyev urush faxriylarini ziyorat qildi
Shu kunlarda yurtimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanmoqda. Prezident farmoniga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga bir martalik pul mukofoti topshirilmoqda. Ularning holidan xabar olinib, mehr-ehtirom koʻrsatilayotir.
Yuz yosh bilan yuzlashib, hayotning barcha achchiq-chuchugini koʻrgan bu insonlar uchun eng muhimi sogʻlik. Shuning uchun ularning salomatligini mustahkamlashga doimiy eʼtibor qaratilmoqda. Ayni kunlarda ham bir guruh urush faxriylari gospital va sanatoriylarda davolanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik gospitaliga borib, urush qatnashchilari holidan xabar oldi.
Uskan ota Xadjimanov Boyovut tumanidan, Fayzulla ota Nurmatov Oqqoʻrgʻon tumanidan, Anarboy ota Jalilov Parkent tumanidan, Muhiddin ota Dusanbayev Oʻrtachirchiq tumanidan kelib davolanmoqda. Ular hayotidan rozi ekani, davlatimizning va odamlarning hurmatidan xursand ekanini aytishdi. Salomatliklari tuman tibbiyot birlashmasining doimiy nazoratida, bepul dori-darmon va har yili sanatoriylarga yoʻllanmalar beriladi.
Nuroniylar Prezidentimizga nevara-chevaralarining oʻqish va ishlari, yutuqlari haqida soʻzlab berishdi. Ular taʼlim, qurilish, ichki ishlar, qishloq xoʻjaligi kabi turli sohalarda samarali mehnat qilib, yurtimiz ravnaqiga hissa qoʻshmoqda. Yoshlar zamonaviy bilim olib, chet ellarga oʻqishga ketmoqda. Bobolar ularni tinchlikning qadriga yetish, vatanparvarlik, mehnatsevarlikka daʼvat etib keladi.
– Hamma harakatlarimiz xalqimizni rozi qilish uchun, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Islohotlar natijasi eng quyiga, har bir xonadonga kirib borishini istaymiz. Rejalarimiz ham katta. Hamma jipslashsa, birgalikda harakat qilsa, oʻylagan niyatlarimizga tezroq yetishamiz. Sizdek nuroniylarning duolari bunda bizga madadkor boʻladi. Sizlarning hayotingiz iroda, jasorat maktabi, gaplaringiz yoshlarga ibrat.
Otaxonlar mehr-eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga rahmatlar aytdi. Dunyoning tinchligi, yoshlarning porloq kelajagini soʻrab duolar qildi.
Gospitalda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari munosib parvarish qilinmoqda. Bu muassasa mukammal taʼmirlanib va yangi binolar qurilib, 2022-yil foydalanishga topshirilgan edi. Gospital jami 700 oʻringa moʻljallangan boʻlib, bu yerda harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari, soha faxriylari bepul davolanadi. Buning uchun 286 xil diagnostik tekshiruv, 600 dan ortiq amaliyotlar yoʻlga qoʻyilgan, 30 ga yaqin ixtisoslashgan boʻlimlar tashkil etilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring