Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigini yoʻlladi

18:28 05 Iyun 2025 Siyosat
204 0

Muhtaram vatandoshlar!

Siz, azizlarni, barcha moʻmin-musulmon yurtdoshlarimizni, butun xalqimizni ulugʻ va moʻtabar ayyom – Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, oʻzimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan gʻoyat mamnunman.

Jamiki islom ummati uchun qadrli boʻlgan ushbu shukuhli bayram – Iyd al-Adhoni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun, avvalo, mehribon va qudratli Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.

Hech shubhasiz, keyingi yillarda Yangi Oʻzbekistonda ijtimoiy, xalqchil davlat barpo etish, uning maʼnaviy asoslarini mustahkamlash va taʼsirchanligini oshirishda muqaddas islom dini, uning asosiy bayramlaridan biri boʻlgan Qurbon hayiti ham muhim rol oʻynamoqda.

Ayniqsa, bu bayramning insonparvarlik, ahillik, saxovat va olijanoblik kabi fazilatlari yurtimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu gʻoya asosida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga uygʻun va hamohang boʻlib, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, keksalar, yoshlar va xotin-qizlar haqida alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatish, kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan dasturlarimiz samarasini oshirishga xizmat qilayotganini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.

Aziz doʻstlar!

Bugungi kunda mamlakatimizda turli millatlar va diniy konfessiyalar oʻrtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, vijdon erkinligini taʼminlash, diniy-maʼrifiy merosimizni asrab-avaylash, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu haqda soʻz yuritganda, islom dinining ezgu tamoyillarini chuqur oʻrganish, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, mashhur allomalarimizning boy merosini toʻplash va keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlash lozim. Jumladan, koʻhna Sharq moʻjizasi – Samarqand shahri 2025-yilda islom madaniyati poytaxti, deb eʼlon qilindi, ulugʻ vatandoshimiz Imom Moturidiyning 1155-yillik tavallud sanasi yurtimiz boʻylab keng nishonlanmoqda, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari qatoriga, shu yil Buxoro shahrida oʻz faoliyatini boshlaydigan Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi ham qoʻshildi.

Poytaxtimiz Toshkent shahrida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy-maʼnaviy yoʻnalishdagi ulkan va noyob loyiha sifatida el-yurtimiz va xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotmoqda. Bu muazzam maskan koʻp ming yillik qadimiy tariximiz, boy va betakror milliy madaniyatimizning yorqin timsoli sifatida Yangi Oʻzbekiston hayotidagi gʻoyat muhim voqeaga aylanadi, deb ishonaman.

Hurmatli yurtdoshlar!

Shu saodatli kunlarda 15 ming nafar vatandoshimiz muqaddas haj ziyoratini ado etmoqda. Ezgu duo va niyatlar ijobat boʻladigan mana shunday munavvar lahzalarda ularni ham Qurbon hayiti bilan samimiy qutlab, Yaratgandan yurtimizga sogʻ-omon qaytib kelishlarini soʻraymiz.

Umid qilamizki, muhtaram hojilarimiz jamiyatimizda birdamlik, oila va mahallalarimizda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarimiz tarbiyasini kuchaytirish, ularni ilm-maʼrifatga, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga, Vatan himoyachisi boʻlishga targʻib etish, muhtoj insonlarga koʻmak berishda alohida ibrat va namuna koʻrsatadilar.

Qalblarimiz quvonchga toʻlgan ushbu fayzli kunlarda xorijiy davlatlarda boʻlib turgan vatandoshlarimizni ham bugungi ulugʻ ayyom bilan chin dildan qutlab, ularga sogʻlik-omonlik, baxt va omad tilaymiz.

Jahonning uzoq-yaqin oʻlkalaridagi musulmon ummatini ham qizgʻin tabriklab, ularning xalqlari va mamlakatlariga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilab qolamiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Hozirgi kunda dunyo naqadar murakkab va tahlikali boʻlib borayotganini barchamiz koʻrib turibmiz. Bunday keskin sharoitda yurtimizda tinchlik, oʻzaro hurmat va totuvlik muhitini saqlab, barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib koʻzlagan yuksak maqsadlarimizga yeta olamiz.

Albatta, oʻz tarixida ne-ne sinov va mashaqqatlardan munosib oʻtgan mard va olijanob xalqimiz bunga har tomonlama qodir.

Bu yoʻlda el-yurtimizga mansub mehr-oqibat, oʻzaro birlik va jipslik biz uchun beqiyos kuch-qudrat manbai boʻlib xizmat qiladi, deb ishonaman.

Siz, azizlarni muqaddas Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Qutlugʻ ayyom barchamizga muborak boʻlsin!

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер