Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida nutq soʻzlamoqda
Ayni daqiqalarda Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish marosimi boʻlib oʻtmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida nutq soʻzlamoqda.
Davlatimiz rahbari qiymati 3,7 milliard dollarlik 18 ta yangi quvvatlar ishga tushirilayotgani va navbatdagi 6 ta loyiha qurilishiga start berilayotganini energetika sohasidagi tarixiy voqea deb atadi.
Xususan, Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida salkam 2,3 ming megavatt quvvatga ega 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 5 ta yuqori kuchlanishli podstansiya ishga tushirilmoqda.
Oʻzbekistonda ilk bor Andijon va Fargʻonada 300 megavattli yirik saqlash tizimi barpo etildi.
Shuningdek, Qashqadaryoda 400 megavattli elektr stansiyasi, Toshkent shahrida zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 4 ta kichik GES foydalanishga topshirilmoqda.
Xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni izchil davom ettirish yoʻlidagi yangi sahifa sifatida Fargʻona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qiymati 3,5 milliard dollar boʻlgan 2,5 ming megavattli 6 ta elektr quvvatlari qurilishi boshlanmoqda.
Bugun ishga tushayotgan quvvatlar va yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qoʻshimcha 9,5 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi, 4,6 million tonna zararli gazlar chiqarilishi oldi olinadi.
Eng muhimi – 4 milliondan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan taʼminlanadi.
Bu, oʻz navbatida, iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham 4 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratishga turtki beradi.
Umuman olganda, kelgusi yili jami 84 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu – 2016-yilga nisbatan 25 milliard kilovatt-soat yoki 1,5 barobar koʻp deganidir.
Bu loyihalar ishonchli hamkorlarimiz boʻlgan “Masdar”, “Akva Pauer”, “Aksa enerji”, Xitoy va Germaniyaning nufuzli kompaniyalari bilan amalga oshirilmoqda.
“Ularning barchasi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ekanini hisobga oladigan boʻlsak, bu bizga va olib borilayotgan islohotlarimizga boʻlgan ishonchning yaqqol ifodasidir”, - dedi Prezident.
Shu munosabat bilan tadbirda shaxsan va videoaloqa orqali qatnashayotgan Birlashgan Arab Amirliklari sanoat va ilgʻor texnologiyalar vaziri – “Masdar” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Sulton Al-Jobir, energetika va infratuzilmalar vaziri Suhayl al-Mazruiy, Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud, Turkiya Respublikasi energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslon Bayraktar, “Akva Pauer” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan, “AKSA Enerji” kompaniyasi boshqaruvi raisi Jamil Kazanchi, Xitoyning “Chayna Enerji”, “Chayna Datang”, Germaniyaning “Xayper partners” kompaniyalari vakillariga butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirildi.
Shuningdek, ushbu loyihalarni amalga oshirishda moliyaviy va texnik koʻmak bergan Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon bankiga alohida tashakkur aytildi.
Bugungi loyihalar bundan 8-yil avval energetika sohasida boshlangan keng koʻlamli islohotlarning uzviy davomi ekani taʼkidlandi.
Ushbu davr mobaynida Oʻzbekiston “yashil energetika”da katta-katta qadamlarni qoʻydi.
Xususiy sektorga keng yoʻl ochilgani natijasida oʻtgan 5-yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi.
Avval toʻliq davlat tasarrufida boʻlgan bu tizimda 24 ta mustaqil energiya ishlab chiqaruvchi subyektlar paydo boʻldi.
“Yashil energetika” sohasida bugunga kelib 3,5 ming megavattli yoki 10 milliard kilovatt soatga teng 16 ta yirik quyosh va shamol elektr quvvatlari ishga tushirildi.
Buning hisobiga 2024-yilda “yashil energiya” ulushi 16 foizdan oshirildi. Yaʼni, oʻtgan qisqa davrda ekologik toza energiya quvvatlarini yiliga 2-3 karra koʻpaytirishga erishildi.
Oʻtgan yilda mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollarlik tarixiy marrani zabt etdi.
Keyingi qadam sifatida 2030-yilga borib iqtisodiyotimiz hajmini 200 milliard dollarga yetkazish reja qilingan.
Oʻz navbatida, kelgusi 5-yilda yurtimizda elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoj hozirgidan 1,5 barobar oshib, 120 milliard kilovatt soatga yetadi.
Oʻzbekiston Parij bitimi doirasida 2030-yilgacha zararli gazlar emissiyasini 35 foizga kamaytirish boʻyicha majburiyat olgan. Prezident bu majburiyatni 2050-yilgacha yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Qolaversa, 2025-yil Oʻzbekistonda “Atrof muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring