Shavkat Mirziyoyev akademik Abdulla Ubaydullayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

18:36 12 Dekabr 2025 Jamiyat
192 0

Akademik Abdulla Ubaydullayev vafoti munosabati bilan hamdardlik.

Tibbiyot sohasidagi atoqli olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, tibbiyot fanlari doktori, professor Abdulla Muharramovich Ubaydullayev shu yil 9-dekabr kuni 91 yoshida vafot etdi.

A.Ubaydullayev 1934-yil 20-martda Toshkent shahrida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng Toshkent davlat tibbiyot institutida (hozirgi Toshkent davlat tibbiyot universiteti) tahsil oldi. Mehnat faoliyatini Toshkent shahridagi 1-klinik shifoxonada feldsher vazifasida boshladi. Keyinchalik Toshkent va Moskva shaharlarida aspirantura hamda doktoranturada oʻqib, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi koʻp yillik xizmatlari uchun 1995-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi, 2000-yilda esa haqiqiy aʼzosi etib saylandi.

A.Ubaydullayev qariyb 70-yillik mehnat faoliyati davomida Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti assistenti, dotsenti, fakultet dekani, Respublika ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi professori kabi masʼul lavozimlarda fidokorona xizmat qilib, oʻzining yuksak ilmiy-pedagogik va rahbarlik salohiyatini namoyon etdi.

Butun hayotini aholi salomatligini muhofaza qilishdek sharafli ishga bagʻishlagan tajribali olim mazkur yoʻnalishda yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash, Oʻzbekistonda zamonaviy tibbiyot ilmini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshdi.

Ayniqsa, ftiziatriya va pulmonologiya-epidemiologiya sohasida jonbozlik koʻrsatib, sil va nafas olish yoʻllarining noanʼanaviy kasalliklarini profilaktika qilish va davolash boʻyicha dolzarb mavzularda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirdi, koʻplab monografiya, darslik, oʻquv qoʻllanmalar yozib, pulmonologiya va allergologiya yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekistonda yangi maktab yaratdi.

A.Ubaydullayev turli davrlarda Oʻrta Osiyo pulmonologlari assotsiatsiyasi prezidenti, “Markaziy Osiyo pulmonologlari xabarnomasi” ilmiy jurnali bosh muharriri, Yevropa respiratorlar jamiyati, Sil va nafas yoʻllari kasalliklari xalqaro ittifoqi aʼzosi sifatida faoliyat koʻrsatib, mamlakatimizda va xalqaro ilmiy jamoatchilik oʻrtasida yuksak eʼtirofga sazovor boʻldi.

Jonkuyar olim koʻplab yoshlarga ustozlik qildi, uning rahbarligida oʻnlab nomzodlik va doktorlik ishlari himoya qilindi.

Akademik A.Ubaydullayevning mamlakatimizda tibbiyot sohasini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi” faxriy unvoni, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.

Taniqli olim, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Abdulla Ubaydullayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, Sh.Ayupov, A.Xudayarov

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?