Shavkat Mirziyoyev Afgʻoniston rahbariyatiga hamdardlik bildirdi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afgʻonistonning Kunar va Nangarhor viloyatlarida sodir boʻlgan zilzila oqibatida koʻplab odamlar hayotdan koʻz yumgani va jarohat olgani munosabati bilan birodar Afgʻoniston rahbariyatiga hamdardlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov maʼlum qildi.
Afgʻonistondagi eng ogʻir zilzilalardan biri
Joriy yilning 31-avgust kuni tunda, soat 23:47 da Afgʻonistonning Hindikush togʻligida 6,2 magnitudali kuchli zilzila sodir boʻldi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Kunar viloyatida yuz bergan kuchli yer qimirlashi 800 dan ortiq odamning hayotiga zomin boʻldi va kamida 2800 kishini yarador qildi.
Tabiiy ofatdan eng koʻp jabr koʻrgan hududlar qatoridan Nurgal, Savkay, Vatapur, Manogay va Chapa Dara tumanlari qayd etilgan. Bir nechta qishloqlar koʻchki ostida qolgani, hali ham yuzlab odamlar qutqaruvchilar tomonidan qidirilayotgani aytilmoqda.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, qutqaruv ishlari hozirda ham davom etmoqda. Afgʻoniston Mudofaa, Ichki ishlar hamda Sogʻliqni saqlash vazirliklariga qarashli guruhlar hududga yetkazilgan. Jarohatlanganlar havo transporti orqali Nangarhor mintaqaviy shifoxonasiga olib ketilmoqda.
AQSh Geologiya xizmati (USGS) maʼlumotlariga koʻra, zilzilaning epitsentri Jalolobod shahri yaqinida qayd etilgan. Dastlabki silkinish 6 ballga teng boʻlgan, shundan soʻng 5,2 va 4,7 ballik ikkita kuchsizroq aftershok kuzatilgan.
Zilzila nafaqat Kunarda, balki Nangarhor va Lagmon viloyatlarida ham talafotlarga sabab boʻlgan. Shuningdek, silkinishlar poytaxt Kobulda va Pokistonning Xaybar-Paxtunxva hududida ham sezilgan.
Aytish joiz, mintaqada soʻnggi yillarda toʻsatdan sodir boʻluvchi tabiiy ofatlar yuzlab insonlarni halok qilmoqda. Jumladan, 2022-yilning iyunidagi 6,1 magnitudali zilzilada ham kamida 1 ming kishi halok boʻlgan edi. Shuningdek, 2023-yil 7-oktyabrda yuz bergan 6,3 magnitudali zilzila oqibatida kamida 4 ming kishi halok boʻlgan. Biroq BMT maʼlumotiga koʻra, bu raqamlar 1,5 ming kishini tashkil etgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring