Shavkat Mirziyoyev “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” sammitida nutq soʻzladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari poytaxtida oʻtayotgan “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” sammitida nutq soʻzladi.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Avvalambor, ushbu sammitga taklif qilganlari uchun aziz birodarim, Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon Aʼlo Hazratlariga samimiy minnatdorlik izhor etaman.
Nufuzi yil sayin oshib borayotgan “Abu-Dabi Barqaror rivojlanish haftaligi” Amirliklarning jadal taraqqiyot, innovatsiyalar, “yashil” iqtisodiyot va mintaqaviy bogʻliqlikni rivojlantirish boʻyicha xalqaro muloqot markazlaridan biriga aylanib borayotganining oʻziga xos ifodasidir.
Bu goʻzal diyorda “COP-28” – Jahon iqlim sammiti gʻoyat sermahsul va muvaffaqiyatli oʻtgani ham buning yana bir yaqqol tasdigʻidir.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Bugungi kunda energetika manbalarini diversifikatsiya qilish, ularning balansida uglevodorod ulushini keskin kamaytirish – iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni taʼminlashning asosiy shartidir.
Yangi Oʻzbekistonning strategik maqsadi – ekologik barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiy oʻsishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga oʻtishdir.
Shu bois 2025-yilni Oʻzbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qildik.
Kam uglerodli rivojlanish boʻyicha uzoq muddatli strategiya va “yashil” moliyalashtirish milliy dasturini ishlab chiqdik. Investitsiya loyihalarida “yashil” komponentlarni kelgusi besh yilda 50 foizgacha koʻpaytiramiz.
Shuningdek, Zararli gazlarni monitoring qilish va Milliy emissiya savdo tizimlarini joriy etamiz. 2030-yilgacha zararli chiqindilarni 35 foizga qisqartirish va bu majburiyatni doimiy oshirib borishni reja qilganmiz.
“Yashil makon” dasturi doirasida shaharlar hududlarining kamida 30 foizi koʻkalamzor maydonlarga aylantiriladi. Qishloq xoʻjaligida suv tejovchi texnologiyalarni 100 foiz tatbiq etish boʻyicha tizimli ishlar qilyapmiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Tez surʼatlarda oʻsib borayotgan iqtisodiyotimizning energetikaga boʻlgan talabini toʻliq qondirish uchun biz “yashil” quvvatlarni jadal rivojlantiryapmiz.
Oʻtgan 5-yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 9,6 gigavatt zamonaviy energiya quvvatlari ishga tushirildi. Jumladan, 3,5 givattli 14 ta quyosh, shamol elektr stansiyalari va 300 megavattli 2 ta saqlash tizimlari ishga tushirildi.
Hozirda xorijiy hamkorlar bilan qiymati 26 milliard dollardan ziyod va umumiy quvvati 24 gigavatt boʻlgan 50 dan ortiq yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. 2030-yilga qadar mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazishni reja qilganmiz.
Bugungi kunda “yashil” taraqqiyot Oʻzbekistonda umummilliy harakat darajasiga koʻtarildi.
Mazkur yoʻnalishda mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirib, Markaziy Osiyoni “yashil” iqtisodiy rivojlanish va “toza energiya” markazlaridan biriga aylantirish niyatidamiz.
Qadimgi Buyuk ipak yoʻlini oʻzaro energetik bogʻliqlik orqali tiklash yoʻlida ham ilk qadamlarni tashladik. Yaqinda “COP-29” doirasida qozogʻistonlik va ozarbayjonlik hamkorlarimiz bilan imzolangan koʻp tomonlama bitim Yevropaga “yashil” energiyani eksport qilish imkoniyatini beradi.
Shuni alohida qayd etmoqchimanki, “yashil” energiya sohasida Birlashgan Arab Amirliklari bizning ishonchli va strategik hamkorimizdir. Soʻnggi yillarda Amirliklar bilan investitsiyalar portfeli 26 milliard dollardan oshdi. Ular orasida qayta tiklanuvchi energetika loyihalari asosiy lokomotiv boʻlmoqda.
Bugungi global sammit tashkilotchisi – “Masdar” kompaniyasi bilan umumiy quvvati 1,5 gigavatt boʻlgan 5 ta elektr energiya obyektini ishga tushirdik. Yana 1,6 gigavattga teng 3 ta generatsiya loyihasi va qariyb 520 megavatt soat energiya saqlash tizimlari barpo etiladi.
Bu kabi loyihalarni Amirliklarning boshqa yetakchi kompaniyalari hamda Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Xitoylik sheriklarimiz bilan ham amalga oshiryapmiz.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Biz Markaziy Osiyoning quyosh, suv, shamol energiyasi hamda “yashil” vodorodni ishlab chiqarish boʻyicha ulkan salohiyatini birgalikda rivojlantirishdan manfaatdormiz.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, faqat Oʻzbekistonning oʻzida 500 gigavatt quyosh, 100 gigavatt shamol va 10 gigavatt gidroenergetika ishlab chiqarish salohiyati mavjud.
Mintaqamiz ulkan uran va oʻta muhim strategik xomashyo zaxiralariga boy. Bu yoʻnalishda har bir xorijiy hamkorimizga barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz.
Anjumanimizda ishtirok etayotgan nufuzli ilmiy markazlar, ekspert va olimlarni Toshkentda ochilgan “Yashil” universitet bilan tadqiqotlar va innovatsiya dasturlarini amalga oshirishda faol hamkorlikka chaqiramiz.
Mazkur Universitet negizida Yer degradatsiyasi va choʻllanishga qarshi kurash boʻyicha xalqaro ilmiy tadqiqot tarmogʻini yaratishni taklif etmoqchiman.
Shu bilan birga, biz Dubay va Bokuda boʻlib oʻtgan “COP-28” va “COP-28” sammitlari va xalqaro forumlarda global iqlim oʻzgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun Iqlim tufayli yoʻqotish va zararlarni baholash boʻyicha xalqaro markazni taʼsis etish, daryo ekotizimlari xavfsizligini taʼminlash, Suv tejovchi texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil qilish, Oʻsimliklar genetik resurslari bankini yaratish tashabbuslarini ilgari surdik va barcha hamkorlarimiz bilan amaliy ishlarni boshlashga tayyormiz.
Joriy yil Oʻzbekistonda oʻtishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyoning global iqlim muammolariga bagʻishlangan konferensiyada umummintaqaviy Yashil taraqqiyot konsepsiyasini taqdim etamiz.
Shuningdek, 15-may – Xalqaro iqlim kunida Orolboʻyi mintaqasida boʻladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivaliga vakillaringizni taklif etamiz.
Hurmatli doʻstlar!
Yangi Oʻzbekiston barqaror rivojlanish va “yashil” taraqqiyot yoʻlida butun dunyoga ochiqdir va barchangizni keng koʻlamli amaliy hamkorlikka chaqiramiz.
Soʻzimning yakunida anjuman ishiga katta muvaffaqiyatlar tilab qolaman.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Milliy gvardiyaga yangi vakolat berildi
- Kelgusi hafta uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi
- Koinotdagi “sharpa shaharlar” yoxud mitti galaktikalar haqida nimalarni bilamiz?
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofotining topshirish marosimi qanday oʻtdi (Fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring