Shavkat Mirziyoyev 2025-yilda 1 million aholini kambagʻallikdan chiqarish vazifasini qoʻydi
Bu yil Sayxunobod, Uychi, Zarbdor, Gʻijduvon tumanlarida amalga oshirilgan ishlarning ijobiy natijalari asosida “Kambagʻallikdan farovonlik sari” kompleks dasturi qabul qilingan edi.
Endilikda koʻp qirrali yondashuvlar asosida kambagʻal oilalarning aʼzolariga sifatli taʼlim berish, ularni kasbga oʻqitish, ish bilan taʼminlash, sogʻligʻini yaxshilash, psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha individual koʻmak berish paketlari boʻlishi belgilandi.
2025-yilda 1 million aholini kambagʻallikdan chiqarish Vazirlar Mahkamasi iqtisodiy kompleksining asosiy vazifasi etib belgilanadi.
Shu maqsadda kambagʻal oilalar bolalari maktablarda chet tili, kasb-hunar va IT boʻyicha bepul bilim olishi uchun 500 milliard soʻm ajratiladi. Ijtimoiy ahvoli ogʻir 1 mingta mahallada infratuzilmani yaxshilash dasturi amalga oshiriladi. Bunga 2 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.
Kambagʻallikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishga jami 46,5 trillion soʻm mablagʻ sarflanadi.
Hukumat 2030-yilgacha ishsizlikni xalqaro eʼtirof etilgan daraja – 5-6 foizdan oshirmaslik boʻyicha dolzarb vazifalarni ham samarali hal etishi lozimligi taʼkidlandi.
Prezidentimiz iqtisodiyot va aholi daromadlarini oʻstirishda yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlariga alohida ahamiyat qaratish kerakligini qayd etdi.
Vazirlar Mahkamasining investitsiya kompleksi kelgusi yilda iqtisodiyotimiz uchun muhim boʻlgan 300 dan ziyod yirik loyihani ishga tushirishi va toʻliq quvvatlar bilan ishlashini taʼminlashi zarur.
Jumladan, “Yoshlik-I” konida birinchi bosqichga, “Muruntov” konida esa keyingi bosqichlarga start beriladi. Shuningdek, Samarqandda yiliga 910 ming tonna mineral oʻgʻitlar ishlab chiqaradigan kompleks, 600 ming tonna mahsulot beradigan metallurgiya korxonasi, Zarafshonda kaustik soda zavodi, Nukusda isitish tizimlari ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshiriladi.
Navoiyda mikro-GESlarni barpo etish boʻyicha barcha bosqichlar oʻz resurslarimiz asosida tashkil qilingani yurtimizda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish imkoniyatlarini toʻliq ishga solish uchun barcha sharoitlar mavjudligini koʻrsatdi.
Shuning uchun, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish boʻyicha katta dastur qabul qilinishi belgilandi.
Iqtisodiyotni energiya resurslari bilan ishonchli taʼminlash va energiya samaradorligini 2 karra oshirishga alohida eʼtibor qaratish kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring