Sharof Rashidov haqidagi film xalqaro kinofestivalda namoyish etiladi

18:20 21 May 2024 Madaniyat
18604 0

Oʻzbekistonlik rejissyor Shuhrat Haitovning davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan filmi Buyuk Britaniyada oʻtkaziladigan «ECG Film Festival» kinofestivalida namoyish etiladigan boʻldi.

Markaziy Osiyo va Buyuk Britaniya madaniyatlari oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtovchi ushbu xalqaro tadbir 2019-yildan buyon Yevroosiyo ijodiy gildiyasi tomonidan oʻtkazib kelinmoqda.

Shu yilning 24-28-may kunlari boʻlib oʻtadigan mazkur festivalga dunyoning 22 davlatidan yuzdan ziyod arizalar kelib tushgan va ular orasidan uchta eng yaxshi, deb topilgan hujjatli filmlar tanlab olingan. Ular orasida «Sharof Rashidov – Mirzachoʻl taraqqiyoti uchun ilhomlantiruvchi» deb nomlangan film ham bor.

Kartinada Sharof Rashidovning murakkab hayoti, Mirzachoʻlni oʻzlashtirish bilan bogʻliq faoliyatini oʻziga xos tarzda ochib berilgan. Tadbir tashkilotchilarining eʼtiroficha, ushbu film Britaniya jamoatchiligiga 27-may kuni «Premier Cinemas Romford» kinoteatrlarida namoyish etiladi.

«ECG Film Festival» hakamlar hayʼati aʼzosi Saymon Lord film haqida oʻz mulohazalari bildirar ekan, «Afsonaviy Sharof Rashidovning jamoat arbobi sifatidagi tarjimai holi uni tanigan, bilgan kishilar tomonidan soʻzlab berilishi bilan ham eʼtiborni tortadi», dedi.

Kinofestivalning 28-may kuniga belgilangan «Premier Cinemas Romford»da boʻlib oʻtadigan taqdirlash marosimida Oʻzbekistonning «Sherxon» dueti (Sherzod Nuraliyev va Dildora Olimova)ning musiqiy chiqishi ham rejalashtirilgan.

Shoira ESHBOYEVA tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?