Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik Oʻzbekistonga oʻtdi

17:41 17 Sentyabr 2021 Siyosat
617 0

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida 17-sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisi boʻlib oʻtdi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon raisligida oʻtgan majlisda SHHTga aʼzo davlatlar yetakchilari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ishtirok etdi.

Tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlatlardan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy va Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, faxriy mehmon sifatida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov qatnashdi.

Shuningdek, tadbirda Shanxay hamkorlik tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti ijroiya organlarining rahbarlari ishtirok etdi.

Sammit kun tartibiga muvofiq, SHHTning oʻtgan 20 yildagi faoliyatining asosiy yakunlari hamda koʻp qirrali hamkorlikning istiqboldagi ustuvor vazifalari muhokama qilindi. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida bugungi xalqaro munosabatlarda Shanxay hamkorlik tashkilotining roli oshib borayotganini taʼkidladi.

– Oʻtgan davrda SHHT xalqaro siyosatning muhim subyektiga aylandi, nufuzli xalqaro tuzilmalar qatorida munosib oʻrin egalladi. “Shanxay ruhi” tamoyillari asosida mintaqaviy sheriklik mustahkamlanib bormoqda. Yangi xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi umumiy salohiyat ortib bormoqda, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorligimiz kengaymoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari ishtirokchilar eʼtiborini SHHT kun tartibida turgan dolzarb masalalarga qaratdi hamda ularni hal etish yuzasidan aniq takliflarni ilgari surdi.

– Bugun barchamiz jahonda va mintaqada keskinlik ortib borayotganining guvohi boʻlib turibmiz. Pandemiyaning salbiy oqibatlari saqlanib qolmoqda. Bularning barchasi bizdan tashkilotimiz doirasida yanada jipslashishimizni va bir-birimizni qoʻllab-quvvatlashimizni talab qilmoqda, – dedi Prezident.

Oʻzbekiston yetakchisi umumiy xavf-xatar va tahdidlarga oʻz vaqtida va birgalikda javob qaytarish, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, SHHT makonida doʻstlikni mustahkamlash va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish zarurligini taʼkidladi.

Afgʻonistonda vujudga kelayotgan vaziyatdan xavotir bildirildi. Mamlakatning yangi hokimiyati bilan muloqotni rivojlantirishning aniq prinsiplari taklif etildi. Davlat boshqaruvida afgʻon jamiyatining barcha qatlamidan siyosiy vakillar boʻlishi, inson, xususan, xotin-qizlar hamda milliy ozchiliklar huquq va erkinliklariga rioya qilinishi shular jumlasidandir.

Bu boradagi saʼy-harakatlarni birlashtirish va Afgʻonistondagi vaziyatni siyosiy yoʻl bilan hal etish masalalarini keng muhokama qilish maqsadida Prezidentimiz kuzatuvchi davlatlar va muloqot boʻyicha sheriklarni jalb qilgan holda “SHHT – Afgʻoniston” formatida yuqori darajadagi uchrashuvlarni muntazam oʻtkazish taklifini bildirdi. Birinchi shunday uchrashuvni Toshkentda oʻtkazish mumkinligi aytildi.

2021-2022-yillarda SHHTga Oʻzbekiston Respublikasi raislik qilishini inobatga olib, davlatimiz rahbari tashkilotning kelgusi davrdagi asosiy ustuvor yoʻnalishlari va vazifalariga toʻxtalib oʻtdi.

SHHT doirasida koʻp qirrali sheriklikni yanada kengaytirish maqsadida tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasida Uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani amalga oshirish boʻyicha 2023-2027-yillarga moʻljallangan kompleks dasturni tayyorlash va qabul qilish taklifi bildirildi.

Oʻzbekiston Prezidenti savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, texnik reglamentlarni yaqinlashtirish, bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish hamda oʻzaro bozorlarga chiqishni yengillashtirishni nazarda tutadigan Mintaqa ichidagi savdoni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

Tashkilotga aʼzo mamlakatlarning biznes hamjamiyatlari vakillari oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini ragʻbatlantirish masalalarini har tomonlama koʻrib chiqish uchun kelgusi yilda Oʻzbekistonda SHHT Iqtisodiy forumi va Sanoat yangiliklari haftaligini oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

SHHT sanoat kooperatsiyasi dasturini tez fursatda qabul qilish hamda aʼzo davlatlar hududida industrial kooperatsiya markazlarini tashkil qilish muhim ekani qayd etildi.

Oʻzbekiston yetakchisi transport bogʻliqligini rivojlantirish boʻyicha SHHT strategiyasining qabul qilinishi mamlakatlarimiz tranzit salohiyatini toʻliq ishga solish hamda “Sharq-Gʻarb” va “Shimol-Janub” yoʻlaklari tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

- SHHT makonida infratuzilmaviy taraqqiyot boʻyicha uzoq muddatli dasturni birgalikda tayyorlash tashabbusini ilgari suramiz. Unga energetika, kommunikatsiyalar, “yashil” taraqqiyot sohalarida transchegaraviy loyihalarni kiritish mumkin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kambagʻallikni qisqartirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalalarining dolzarb ahamiyatini hisobga olib, Oʻzbekiston Prezidenti bu borada vazirlarning uchrashuvlari va ekspertlar maslahatlashuvlarini muntazam oʻtkazish mexanizmini joriy qilish taklifini ilgari surdi.

Mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni faollashtirish maqsadida sammit ishtirokchilarining eʼtibori SHHT makonida ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining uchrashuvlarini qayta tiklash muhim ekaniga qaratildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev kibermakondagi zamonaviy tahdid va xatarlarga munosib javob qaytarish uchun SHHTning axborot xavfsizligi sohasidagi ekspertlar forumini taʼsis etish toʻgʻrisida tashabbus bilan chiqdi.

– Biz “xalq diplomatiyasi”da birgalikda erishilgan natijalarni ijobiy baholaymiz, - deya soʻzida davom etdi Prezidentimiz. – Qoʻshma madaniy, fan-taʼlim, sport va boshqa tadbirlarni faollashtirish maqsadida “SHHT Ezgu niyat elchisi” institutining taʼsis etilishi tarafdorimiz.

Bundan tashqari, mamlakatlarning turizm sohasidagi hamkorligi toʻgʻrisida hukumatlararo bitimni tayyorlash taklifi bildirildi.

Oʻzbekiston yetakchisi yana bir dolzarb mavzu – yuqumli kasalliklarni profilaktika qilish va davolash, koviddan keyingi reabilitatsiya sohalaridagi hamkorlik, vaksinatsiya toʻgʻrisidagi sertifikatlarni oʻzaro tan olish masalalariga toʻxtaldi.

Soʻzining yakunida Prezidentimiz uchrashuv ishtirokchilarini 2022-yil sentyabr oyida Oʻzbekistonda oʻtadigan SHHTning navbatdagi sammitiga taklif etdi.

Majlis yakunida SHHTning 20 yilligi boʻyicha Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilindi, tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 30 ta hujjat imzolandi.

Bundan tashqari, SHHT Bosh kotibi lavozimiga Chjan Min va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktorligiga Ruslan Mirzayev nomzodlari tasdiqlandi.

Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston Prezidenti Afgʻonistondagi vaziyat boʻyicha oʻtkazilgan “Shanxay hamkorlik tashkiloti – Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti” formatidagi uchrashuvda ham ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?