Shakarkentda shirin – shakar qovunni eslatuvchi meva yetishtirilmoqda

11:41 22 Dekabr 2025 Jamiyat
238 0

Vobkent tumanidagi “Shakarkent” mahallasida istiqomat qiluvchi tinib – tinchimas dehqon Avaz Asadovning issiqxonasida mazasi va hidi paykaldan endigina uzilgan qovunni eslatuvchi papayya yetishtirilmoqda. Bu tropik oʻsimlik uchun xonadon sohibi bir sotix yer ajratgan.

-Bu oʻsimlik juda eʼtibortalab, — deydi u. – Issiqxonada harorat oʻn darajadan yuqori boʻlganida koʻp hosil beradi. Risoladagidek parvarish qilinsa, bir tupidan yuztadan oshirib meva olish mumkin. Donasining narxi 50 – 60 ming soʻm atrofida. Koʻchati ikki yilda hosilga kiradi. Mazasi va hidini inobatga olib unga “qovun butasi” deb ham nom berishgan.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, papayya salomatlik uchun juda foydali. Tarkibi vitaminlarga boy. U ovqat hazm qilishni yaxshilaydi. Immunitetni mustahkamlaydi. Yurak faoliyatini, koʻrish qobiliyatini yaxshilaydi.Undan isteʼmol qilish vaznni nazorat qilishda ham qoʻl keladi.

Eʼtiborlisi, tomorqadan unumli foydalanib, noodatiy mahsulotlar yetishtirishda shakarkentliklar oʻziga xos maktab yaratishmoqda. Bugun mahalladagi issiqxonalar bilan tanishgan kishi izlanuvchan tomorqachilar saʼy – harakati bilan mandarin, apelsin, banan, kivi va hatto palma daraxti koʻchati yetishtirilayotgani guvohi boʻladi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?