Shahrixonlik pichoqsoz

12:15 29 Sentyabr 2025 Jamiyat
109 0

Andijon ahli uchun pichoq oddiy temir buyum emas, balki azaliy qadriyatdir. Chunki oʻzbek xalqining turmush tarzida u mardlik, jasorat va gʻurur ramzi sifatida asrlar davomida qoʻllanib kelingan. Ilgari bobolarimiz beliga belbogʻ bogʻlab, bezakli qinga joylangan Shahrixon pichogʻini ilib yurgan. Yolgʻiz qolgan inson yostigʻi ostiga pichoq qoʻyib yotar, bu uning hamrohidek qabul qilingan. Hatto dasturxon ustida pichoq turgan holda duo qilinmagan, chunki u duoni kesib qoʻyadi, degan eʼtiqod boʻlgan. Bu odatlar kimlargadir gʻalati tuyulishi mumkin, ammo ajdodlarimiz hayotida pichoqning tutgan oʻrni beqiyos.

Aynan shu sababdan Andijon viloyatida pichoqchilik keng tarqalgan. Qorasuv, Andijon va Asakada ustalar bu hunar bilan roʻzgʻor tebratgan. Ammo Shahrixonda pichoqchilik deyarli uch asrdan beri avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan anʼana sifatida qadrlanib, butun mahalla bu sohada mashhur boʻlgan.

XIX asrning boshlarida Qoʻqon xoni Amir Umarxon Shahrixon hududlarini oʻzlashtirayotganda Margʻilondan ustalarni olib kelgan. Ular orasida mashhur pichoqchi Islomxoʻja ham bor edi. U dastlab yakka oʻzi ish boshlab, keyin oʻgʻillari va shogirdlarini oʻrgatgan. Shu tariqa tumanda pichoqchilar mahallasi paydo boʻlgan.

Hozirda Shahrixonda 300 nafardan ziyod ustalar pichoq yasash bilan shugʻullanishadi. Ular ishlab chiqarayotgan buyumlar nafaqat mamlakat bozorida, balki xorijda ham xaridorgir. Islomxoʻja asos solgan maktab hozirda uning avlodi Rahmatxoʻja Alixoʻjayev tomonidan davom ettirilmoqda. Xalq orasida Eshon aka nomi bilan tanilgan hunarmand, 14 yoshida ilk pichogʻini yasagan. Yillar mobaynida mehnatda toblanib, turli shakllar yaratdi. Shahrixon pichogʻiga xos oʻtkirlik va yengillikni saqlab qolish bilan birga, uni kelajak avlodga meros qoldirishni oʻz hayotining asosiy maqsadiga aylantirdi.

– Oʻzbekistonda pichoq turlari juda koʻp, – deydi u. – Har bir hududniki bir-biridan farq qiladi. Masalan, vohada yasaladigan pichoqlar ogʻir va qalin boʻlsa, Shahrixon pichoqlari yengil va oʻtkir boʻlishi bilan ajralib turadi. Sopiga ishlangan naqshlar qimmatbaho toshlardan tayyorlanadi. Haqiqiy sanʼat asarini eslatadi. Eshon aka uyida tashkil etilgan kichik muzeyda 50 dan ziyod turli pichoq mavjud. Ularning har biri noyobligi bilan ajralib turadi. Pichoqchilik men uchun faqatgina daromad emas, balki hayotim mazmunidir. Har bir buyumimda mardlik, jasorat yoki kuch-qudrat aks etadi. Har biri oʻz maʼnosini ifodalaydi.

Respublikamizda hunarmandlarga yaratilgan imkoniyatlar Rahmatxoʻja aka hayotida yangi bosqich ochdi. U 1995-yilda YUNESKOning 50-yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan xalqaro koʻrgazmada ishtirok etdi. 2003-yil Fransiyada boʻlib oʻtgan “Sifat belgisi” koʻrgazmasida 166 davlat vakillari orasidan yuqori bahoga loyiq topilib, oltin kubok va diplom bilan taqdirlandi. 2017-yil 17-noyabrda qabul qilingan “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni sohada yangi imkoniyatlarni ochdi. Soliq va bojxona imtiyozlari, “Hunarmand” uyushmasi faoliyati va kreditlar ajratilishi shu sohaning rivojiga katta turtki boʻldi.

Prezident Farmoniga asosan Rahmatxoʻja Alixoʻjayev “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. Bu uning uch asrlik anʼanani munosib davom ettirayotgani va pichoqchilik sanʼatini avlodlarga oʻrgatishda, milliy hunarmandchilikni yuksaltirishda qoʻshgan hissasiga berilgan yuksak bahodir. Kuni kecha Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan oʻtgan “III- xalqaro hunarmandchilik festivali” doirasida Shahrixon tumaniga xalqaro “Jahon hunarmandlar shahri” maqomi berildi. Maxsus sertifikat topshirildi. Bu yutuqda hunarmand Rahmatxoʻja Alixoʻjayevning ham munosib hissasi bor.

Saminjon HUSANOV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер